Jahon | 22:57 / 22.10.2024
2558
3 daqiqa o‘qiladi

Isroil Bayrutdagi shifoxona ostida millionlab dollar bo‘lgan bunker topdi

Bunker «Hizbulloh» shia guruhining marhum yetakchisi Hasan Nasrullohga tegishli ekani ta’kidlanmoqda.

Foto: Getty Images

Isroil mudofaa kuchlari (IDF) Livan poytaxti Bayrutda «Hizbulloh» shia guruhining marhum yetakchisi Hasan Nasrulloh bunkerini topdi, unda yuzlab million dollar va oltin quymalari saqlangan. Bu haqda IDF rasmiy vakili Daniyel Hagariy ma’lum qildi, deb xabar berdi Euronews.

Hagariy so‘zlariga ko‘ra, uzoq muddat yashash uchun moslashtirilgan, mustahkamlangan xonalar Livan poytaxti janubidagi shifoxonalardan biri binosi ostida joylashgan.

IDF vakili, shuningdek, Tehron «Hizbulloh» a’zolariga mablag‘ o‘tkazish uchun Bayrutdagi Eron elchixonasiga samolyot orqali pul yuborganini aytdi.

«Hizbulloh»ning moliyaviy tuzilmasi ikkita asosiy daromad manbasiga asoslanadi: Eron rejimidan pul va Livan xalqidan pul. Eronning «Al-Quds» kuchlari Eronning Suriyada sotilgan neftidan «Hizbulloh»ga pul o‘tkazadi. Eron ham naqd pul va oltin solingan jomadonlarni samolyot orqali jo‘natadi. Pullar Eronning Bayrutdagi elchixonasiga, keyin esa «Hizbulloh»ga ketadi», dedi Hagariy.

Uning qayd etishicha, Isroil harbiy-havo kuchlari bunker topilgan shifoxonaga hozircha hujum qilish niyatida emas. Biroq, 20 oktyabr kuni Isroil armiyasi «Hizbulloh»ning moliyaviy obektlariga yaqinlashib kelayotgan hujumlar to‘lqinini e’lon qilgan edi.

21 oktyabr kuni Isroil qurolli kuchlari Bayrut janubidagi «Qard al-Hasan» shirkatiga qarashli binolarga havo hujumlarini amalga oshirdi. Isroil armiyasi kompaniya «Hizbulloh»ning terroristik amaliyotlarini moliyalashtirganini aytdi.

O‘z navbatida «Sahel» klinikasi direktori Fadi Alameh Isroilni tuhmatda aybladi va Livan armiyasini shifoxona hududiga kirib, u yerda faqat bemorlar joylashgan operatsiya xonalari va o‘likxona joylashganini tasdiqlashga chaqirdi, deb xabar berdi Reuters. Agentlik Hagariyning Isroil razvedkasi bir necha yil davomida tegishli ma’lumotlarni to‘plagani haqidagi so‘zlarini mustaqil ravishda tasdiqlay olmadi.

Mavzuga oid