Sport | 17:24 / 09.11.2024
8065
18 daqiqa o‘qiladi

Londonda derbi, Konte «Inter»ga qarshi, «Barsa» va «Liverpul» uchun haqiqiy sinov. Hafta o‘yinlari anonsi

Foto: Getty images

Joriy yil hisobidan so‘nggi marta milliy jamoalar bilan bog‘liq tanaffus ro‘y beradi. Demak ikki haftadan so‘ng boshlanib to yangi yilgacha davom etadigan klublar futboli marafoni oldidan oxirgi tin olishga yaqin turibmiz. Tabiiyki, qiziqarli o‘yinlarsiz, derbilarsiz Yevropa futbolini tasavvur etish qiyin. Angliyada yuqori o‘rinlar uchun o‘zaro kurashlar, Italiyada peshqadamlar to‘qnashuvidan tashqari Turin derbisi bizni kutib turibdi. «Sosiyedad» «Barselona»ning navbatdagi qurboni bo‘ladimi? «Manchester Siti» va «Arsenal»ning inqirozi davom etadimi? Javobini bilishimizga oz qoldi.

BRAYTON – MANCheSTeR SITI (9 noyabr, 22:30)

Tanaffus oldidan Angliya chempionati yuqori qismida o‘zgarishlar kutilmoqda, zero kuchli sakkizlikdan uch juftlik aynan mana shu haftada o‘zaro to‘qnash kelishadi.

«Brayton» Gvardiola shogirdlari uchun ancha qulay raqib hisoblanadi. «Brayton» elitaga qaytganidan so‘ng bo‘lib o‘tgan o‘zaro 16 o‘yindan faqat bir g‘alaba va bir durangga erishgan. E’tiborli jihati, mana shu ikki o‘yin ham mavsum oxiriga to‘g‘ri kelib, «Manchester Siti» chempionlikni qo‘lga kiritib bo‘lganidan so‘ng bo‘lib o‘tgandi. Demak g‘alaba kerak bo‘lgan paytlarda doim manchesterliklar o‘z maqsadiga yetgan. Ammo shu bilan birga ayni paytda «Manchester Siti» kichik inqiroz ko‘chasiga kirib qolgani ham mezbonlarga qo‘l kelishi mumkin. Barcha musobaqalarda mag‘lubiyatsiz borayotgan jamoa so‘nggi uch o‘yinni ham boy berib qo‘ydi. Bornmutdagi mag‘lubiyat bilan ligadagi peshqadamlik «Liverpul»ga topshirilgan bo‘lsa, Liga kubogida «Tottenhem» to‘siq bo‘ldi. APL doirasidagi keyingi o‘yinlar «Tottenhem» va «Liverpul» bilan ekanini ham hisobga olsak, ayni paytda «shaharliklar»ning ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q.

Shu o‘rinda natijalarning bu qadar yomonlashishiga jarohatlardan tashqari, Erling Holandning sport formasi ham ta’sir ko‘rsatganini ta’kidlash kerak. Norvegiyalik hujumchi APLdagi oxirgi besh o‘yinda atigi bir gol urdi xolos. Juda ko‘p qulay vaziyatlarni ko‘kka sovurmoqda, Lissabondagi Chempionlar Ligasi o‘yinida esa penaltini ham aniq amalga oshira olmadi. Albatta, har bir chiziqda eng yetakchi futbolchilarning jarohatini ham eslamasdan bo‘lmaydi – Diash, Rodri, de Bryuyne. Matbuot anjumanida Pep Gvardiola tarkibda o‘zgarishlar yo‘qligini, Lissabonga borgan futbolchilar Braytonda ham maydonga tushishini aytib o‘tdi. Demak biz faqat o‘sha o‘yin oxirlarida zaxiradan tushirilgan Kevin de Bryuyneda endi ko‘proq daqiqalar bo‘lishini taxmin qilishimiz mumkin. Mezbonlar tarkibida March, Milner, Uebster, Minte, Dank, hamda Joao Pedrolarda muammolar bor va ular asosiy tarkibda kutilmayapti.

«Manchester Siti» hafta o‘rtasida Portugaliyada o‘ynadi va yuqorida aytilganidek, ayni o‘sha futbolchilarga tayaniladi. «Brayton» bir hafta dam olish imkoniga ega bo‘lganini e’tiborga olsak, jismoniy tomondan mezbonlarda biroz ustunlik bo‘ladi. Yana bir fakt, ushbu mavsumda «Brayton» hali o‘z maydonida mag‘lubiyatga uchragani yo‘q.

LIVeRPUL – ASTON VILLA (10 noyabrga o‘tar kechasi 01:00)

Yaxshi startdan so‘ng Arne Slot shogirdlarini biroz og‘irroq taqvim kutib turgandi. «Liverpul» qatorasiga ham Chempionlar Ligasi, ham Angliya chempionatida jiddiy raqiblarga to‘qnash kelishi kerak va aynan mana shu davr jamoaning haqiqiy kuchiga baho berish imkoniyatini beradi. Zero yangi murabbiy bilan Yevropada eng yaxshi jamoalardan biri bo‘lib turgan «qizillar»ni qiyinroq sharoitlarda ko‘rish ko‘pchilik uchun qiziq edi.

Aytish mumkinki, bu sinov hozircha a’lo bahoga topshirilmoqda. «Liverpul» «Brayton»ni ikki marta mag‘lub etdi, yengilmas «Bayyer» yirik hisobda tor-mor qilindi. Londondagi «Arsenal» bilan durangni ham jamoa yutug‘i sifatida e’tirof qilishimiz mumkin. Jamoani tanaffusdan so‘ng «Manchester Siti», «Real» va «Nyukasl» bilan o‘yinlar ham kutib turibdi. Tabiiyki, Emerining «Aston Villasi» ham jiddiy raqiblar sirasiga kiradi. O‘tgan mavsumdagi jangovor 3:3 ham ko‘pchilikning esida bo‘lsa kerak.

«Aston Villa» ayni damda yaxshi vaziyatda emas. Chempionlar Ligasi guruhini boshqarib borgan birminhemliklar so‘nggi turda «Bryugge»ga mag‘lub bo‘lishdi. «Kristal Pelas» bilan Liga kubogi o‘yini ham boy berildi. APL doirasidagi so‘nggi ikki turda esa «Villa» hisobni ochgan bo‘lishiga qaramasdan mag‘lubiyatga uchradi. «Aston Villa»ning ushbu muvaffaqiyatsiz davrini bir ma’noda «Manchester Siti»dagi inqiroz bilan ham o‘xshash deyish mumkin. Xuddi Erling singari, «Aston Villa»ning ishongan hujumchisi Uotkins ham juda ko‘p imkoniyatlardan unumli foydalana olmayapti – uning hisobida oxirgi to‘rt o‘yinda birorta ham gol yo‘q.

Tarkiblarga keladigan bo‘lsak, mezbonlar safida Konate «Brayton» bilan bahsda jarohat tufayli maydonni tark etgandi, ammo u «Bayyer» bilan asosiy tarkibda harakat qildi, demak hammasi joyida. Diogu Jota yana kamida bir oydan keyin safga qaytadi. Shuningdek, Alison Beker va Federiko Kezalarda jarohat bor. Albatta, «Liverpul» uchun agar darvozabonni qo‘shmasak, bu nomlar u qadar katta yo‘qotish hisoblanmaydi. «Brayton» esa Metyu Kesh va Ross Barklining yordamidan foydalana olmaydi.

CheLSI – ARSeNAL (10 noyabr, 21:30)

Bir paytlar ushbu derbida uzoq vaqt «Chelsi»ning ustunligi ta’minlandi, «Arsenal» deyarli g‘alaba qozona olmagandi. Endi esa muvozanat o‘zgargan – oxirgi besh o‘zaro o‘yinda «Cheosi» g‘alaba qozona olmayapti. Bu besh o‘yindan to‘rttasida «Arsenal» ustun kelgani va oxirgisi 5:0 hisobida yakunlanganini ham ta’kidlash kerak. O‘tgan mavsumda «Stemford Brij»dagi o‘yinda esa mezbonlar munosib qarshilik ko‘rsatgan va natija 2:2 bo‘lgandi.

Pochettinodan farqli ravishda Mareska «Chelsi»ning asosiy tarkibini aniqlab oldi. Tarkibda juda ko‘p futbolchilarga ega bo‘lgan klubda oz vaqt ichida buni amalga oshirish ham oson emas. Ayni paytda «Chelsi»ning har bir pozitsiyasi kimlar to‘p surishi, jamoa qanday himoyalanib, nimaning hisobiga vaziyatlar yaratishini anglash u qadar qiyin emas. Bu ham yaxshi, shu bilan birga noqulay tomonlari ham yo‘q emas. Masalan, o‘tgan yili «Chelsi»dan nima kutishni bilmasdik, juda ko‘p top-o‘yinlarda aynan shuning hisobiga jamoa ancha yorqin o‘yinlarni ham namoyish etgandi. Hozirda «Chelsi»ga qarshi tayyorlanish mumkin, jamoani qurolsizlantirish yo‘llari ham bor. E’tibor bersangiz, «Chelsi»ga qarshi alohida tayyorlanib, himoyaga jiddiy e’tibor qaratgan jamoalar kerakli natijani qo‘lga kirita olishyapti. «Kristal Pelas», «Nottingem» yoki «Manchester Yunayted» bilan o‘yinlarda «Chelsi» doimiy fishkalaridan yetarlicha foydalana olmaganini ko‘rish mumkin. Ushbu mavsumdagi «Arsenal» ayniqsa himoyaviy uslub tanlaganda muvaffaqiyatli bo‘la olayotganidan kelib chiqsak, bu safar ham «Chelsi»ga oson bo‘lmasligi aniq.

Albatta, «Arsenal»ning ham jiddiy muammolari bor. So‘nggi natijalar qaysidir ma’noda «Manchester Siti»dagi holatni eslatib yuboradi. Farq shundaki, «Arsenal» mavsum boshidan beri ko‘rsatayotgan o‘yinini qila olyapti, faqat realizatsiya borasidagi muammolar pand bermoqda. Milandagi o‘yinda jamoa yaqqol ustunlik qilgan bo‘lsa-da, boy berib qo‘ydi.Bornmutda qizil kartochka o‘yinga jiddiy ta’sir o‘tkazdi. Faqat Nyukasldagi (0:1) mag‘lubiyatda «Arsenal» o‘ziga o‘xshamaganini aytish mumkin. Tabiiyki, Edegorning jarohati juda noo‘rin pallada, ya’ni Martinelli, Jyezus kabi futbolchilarning ham yomon sport formasida bo‘lgan paytiga to‘g‘ri kelgani ham muvaffaqiyatsizlikning sabablaridan biridir.

Martin safga qaytdi, «Inter»ga qarshi o‘yinda so‘nggi daqiqalarda maydonga tushdi ham. Uning ilk daqiqalardan o‘ynashga qanchalik tayyor ekani noma’lum, ammo hech bo‘lmasa zaxira variant sifatida Edegorning bo‘lishi ham katta ahamiyatga ega. Ma’lumotlarga qaraganda Deklan Raysda ham kichik jarohat bor. Ammo bu uning muhim o‘yinda qatnashishiga to‘sqinlik qilmas ekan. «Chelsi»da yo‘qotishlar deyarli yo‘q, ammo birgina Palmer ham katta ta’sirga egaligini bilamiz. Mareska aniq gap aytmadi – Palmer ayni paytda to‘liq kuch bilan shug‘ullanmayotgan bo‘lsa-da, derbiga tayyor bo‘lish ehtimoli katta. Buning ustiga «Chelsi» Konferensiyalar kubogida ikkinchi tarkib bilan o‘ynab kelmoqda. Tabiiyki, «Inter»ga qarshi to‘liq tarkib bilan jiddiy o‘yinda qatnashgan «Arsenal»ga jismoniy tomondan biroz qiyin bo‘lishi mumkin.

INTeR – NAPOLI (11 noyabrga o‘tar kechasi, 00:45)

Ayni paytda Italiyaning eng kuchli ikki jamoasi. Turnir jadvalida ham peshqadam jamoalar. «Napoli» eng kam gol o‘tkazgan jamoalardan biri, «Inter» esa, eng ko‘p gol urgan ikkinchi jamoa bo‘lib turibdi. «Inter» oxirgi 9 o‘yindan 8 tasini g‘alaba bilan yakunlagan, «Napoli» oxirgi 11 o‘yinning 9 tasida zafar quchgan. Oxirgi 25 o‘zaro uchrashuvda 12 marta «Inter», 12 marta «Napoli»ning qo‘li baland kelgan. Payqaganingizdek hozirda Italiyada bu qadar munosib raqiblarni topish mushkul.

Balkim o‘tgan mavsumda usluban bir-biriga tersroq bo‘lgan raqiblar to‘qnashuvida kimnidir ustunligi oson ta’minlanishi mumkin bo‘lardi, ammo hozirda ma’lumki, «Napoli»ni «Inter»ning sobiq murabbiyi Antonio Konte boshqarmoqda. Yuqorida aytilganidek, «Napoli» juda kam gol o‘tkazmoqda va ba’zi jihatlarda «Inter»ga o‘xshab borayotgani ham tabiiy hol. Agar turli ko‘rsatkichlarga e’tibor qaratsak, hujum bilan bog‘liq raqamlarda «Inter» ko‘p jihatdan peshqadamlar safida bo‘lsa, Konte jamoasi ko‘proq himoyaviy ko‘rsatkichlar bo‘yicha peshqadam bo‘lib turibdi.

Shuningdek, «Napoli»ning asosiy hujumchisi bir paytlar Konte bilan birga «Inter»ni uzoq tanaffusdan so‘ng chempion qilgan Romelu Lukaku to‘p surishi ham o‘yin intrigasini anchagina oshiradi. O‘z navbatida «Inter» tarkibida ham sobiq «napolichi» bor. Petr Zelenski sakkiz yil «Napoli»ning muhim futbolchilaridan biri bo‘lgan va ushbu mavsumdan boshlab «Inter» sharafini himoya qilmoqda.

Nafaqat ushbu o‘yinda, balkim butun mavsum bo‘yicha imkoniyatlarni chamalasak, Konte jamoasida yana bir kichik ustunlik bor.» Napoli» biror yevrokubokda ishtirok etmayapti va jamoa bor e’tiborini «A Seriya»ga qaratish imkoniyatiga ega. Bunday rejimda Konte jamoalari qanday barqaror bo‘la olishlarini ilgari ham ko‘rganmiz. «Inter» esa Chempionlar Ligasida ham qatnashmoqda. Ushbu o‘yin oldidan ham «Inter» «Arsenal» bilan og‘ir o‘yin o‘tkazdi, «Napoli» esa tayyorgarlik uchun kamida bir haftaga ega bo‘ldi.

ReAL SOSeDAD – BARSeLONA (11 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00)

«Barselona»ning barcha musobaqalarni hisobga olgan holda, g‘alabali seriyasi 7 o‘yinga yetdi. Nafaqat shunchaki g‘alaba, seriyaning yana bir e’tiborli tarafi shundaki, bu o‘yinlarning har birida «Barselona» kamida uch gol urishga muvaffaq bo‘ldi – 7 o‘yinda 29 gol. Bu hatto bir o‘yinga 4 goldan ham ko‘proq deganidir. La Liganing o‘zida Flik shogirdlari 12 uchrashuvda 40 ta gol urishni uddalashdi, atigi 11 ta gol o‘tkazib yuborishdi xolos. Umuman «Barselona» nafaqat Ispaniyaning o‘zida balki butun Yevropada eng yaxshi futbol namoyish etyapti, deb bemalol aytish mumkin.

Ahamiyatlisi shundaki, Flik bundan o‘sishga katta transferlar yordamida erishmadi. Jamoa tarkibida jarohatlar soni ham doimgidek ko‘p. Ammo murabbiy ichki imkoniyatlardan a’lo foydalanmoqda, mashg‘ulotlar orqali, ayniqsa, har bir futbolchiga o‘zi uchun qulay pozitsiya va vazifalar taqsimlangani bois, juda ko‘pchilik o‘z darajasidan yuqori o‘yin namoyish eta olyapti. Rafinya, Kunde, Martines, Kasado kabi futbolchilar o‘z faoliyati davomida bu qadar kuchli o‘yin ko‘rsatishmagan, Levandovski va Pedrilar ham o‘sha eski sport formasiga qayta olishdi. Bunday jamoa odatda o‘zi uchun qulay hisoblangan va so‘nggi o‘zaro 34 o‘yindan 23 tasini o‘z foydasiga hal qilgan raqibga qarshi ochko yo‘qotishi mumkinmi? Go‘yoki barchasi «Barselona» foydasiga ishlashi kerakdek, ammo faqat bir jihat bu o‘yindan ham nimadir kutishimizga umid beryapti.

«Sosiyedad» pressing borasida Ispaniyada eng yaxshi jamoalardan biri sanaladi. Aynan sifatli pressing balki «Barselona»ning o‘zi o‘rganib qolgan uslubida qulay to‘p surishiga to‘sqinlik qilishi mumkin. Biz «Osasuna»ga qarshi o‘yinda ojiz «Barselona»ni ko‘rgandik, ammo o‘shanda asosiy sabab sifatida Flik ba’zi yetakchi futbolchilarga dam bergani ko‘rsatilgandi. Agar unday bo‘lmasachi? Rostanam «Osasuna» ko‘rsatgan dadil futbol Flik uchun noqulay bo‘lsachi? Biz balki Sosiyedaddagi o‘yinda bu savollarimizga ham javob topishimiz mumkin.

Yana bir qiziq fakt, odatda o‘z maydonida juda kuchli o‘yin ko‘rsatadigan «Sosiyedad» bu mavsumda aynan o‘z muxlislari qarshisida kerakli natijani ko‘rsata olmayapti. Jamoa safardagi natijalar bo‘yicha La Ligada 3-o‘rinda, ammo o‘z maydonida eng yomon ko‘rsatkichga ega – atigi 1 g‘alaba va 1 durang. «Real» yoki «Atletiko» mayli, hatto «Alaves» va «Rayo» ham San Sebastiandan uch ochko bilan ketishga muvaffaq bo‘lishdi. Bu seriya ijobiy tomonga o‘zgaradimi yoki yo‘q?

Tarkiblarga e’tibor qaratganimizda har ikki tarafda ham juda ko‘p yo‘qotishlarni ko‘ramiz. «Barselona» ter Stegen, Kristiansen, Arauxo, Ferran va Bernalsiz o‘ynashni o‘rganib oldi. Kubarsining jarohati esa yangi – u Serbiyadagi o‘yinda maydonni erta tark etgan edi va kamida oy oxirigacha sheriklariga yordam bera olmaydi. Mezbonlardan Aguer, Traore, Zaxaryan, Marin va Barrenechayelar maydonga tusha olishmaydi.

BOShQA O‘YINLAR

9 noyabr. ReAL – Osasuna (18:00), Boxum – BAYYeR (19:30), Mayns – BORUSSIYa D (19:30), Sankt Pauli – BAVARIYa (19:30), Kalyari – MILAN (22:00), LANS – Nant (23:00) YuVeNTUS – Torini (10 noyabrga o‘tar kechasi, 00:45) Anjye – PSJ (10 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00)

10 noyabr. ATALANTA – Udineze (16:30), MYu – Lester (19:00), TOTTeNHEM – Ipsvich (19:00), Malorka – ATLeTIKO (20:15).

Mavzuga oid