Jahon | 15:18 / 10.11.2024
21874
14 daqiqa o‘qiladi

«Qarz qopqoni»: Xitoy tasarrufiga o‘tgan Shri Lanka porti

2017 yil dekabr oyida Shri Lanka davlati o‘zining muhim portlaridan birini Xitoyga 99 yilga foydalanishga topshirdi. Orol davlatning asosiy portlaridan birini Chin yurtiga juda uzoq muddatga berib yuborishiga xitoyliklardan olingan katta miqdordagi qarz sabab bo‘lgandi.

Foto: Kun.uz

Bugun dunyoning ikkinchi iqtisodiyoti sifatida birinchi o‘rinda turgan AQShni quvib o‘tishga harakat qilayotgan Xitoy dunyoning juda ko‘p davlatlariga katta miqdorda qarz berishda davom etmoqda.

Chin yurtidagilar berayotgan qarzning bir qismi pul mablag‘lari ko‘rinishida bo‘lsa, qolgan qismi sarmoya ko‘rinishida bo‘lmoqda.

Ya’ni Xitoy qaysidir davlatda amalga oshiriladigan yirik loyiha uchun qurilish ishlarini o‘zi amalga oshirish sharti bilan pul ajratadi.

Shu tariqa, xitoyliklar bir o‘q bilan ikki quyonni uradi. Bir tomondan qurilish ishlarini bajarib, ikkinchi tomondan qarzga berilayotgan pulning foizi hisobidan foyda oladi.

Xitoy taklif etayotgan sarmoyaviy qarz aksariyat davlatlarni ohanraboday o‘ziga tortmoqda va manfaatli bo‘lmoqda. Chunki qurilishni qarz oladigan davlatning o‘zi yoki G‘arb kompaniyalari amalga oshirganda ham u xitoyliklar qurib beradigan qiymatdan oshib ketadi.

Shu uchun ham bugun Osiyo va Afrikaning ko‘plab davlatlari, hatto Yevropa hamda Lotin Amerikasidagi ayrim davlatlar Xitoyning sarmoyaviy qarzidan foydalanmoqda.

Xitoydan sarmoyaviy qarz olishning birmuncha xavfli tomonlari ham bor. Bu davlat vaqtida qaytarilmagan qarz evaziga qarzdor mamlakatning muhim obektini talab qilib oladi.

2017 yilda Shri Lanka bilan shunday hodisa sodir bo‘ldi. Bu orol davlat Xitoydan olgan qarzlarini qaytara olmay qoldi. Shunda xitoyliklar Shri Lankadagi eng muhim portlardan birini qarz evaziga 99 yilga (!) ijaraga oldi.

Bir so‘z bilan aytganda Xitoy vaqtida qaytarilmagan qarz evaziga Shri Lankadan mamlakatdagi asosiy portni egallab oldi.

Xitoy — Shri Lanka munosabatlari

Xitoy va Shri Lanka o‘rtasidagi diplomatik aloqalar 1957 yilda o‘rnatilgan. 1964 yilda Xitoy bosh vaziri Tseylonga (O‘sha paytlarda Shri Lanka shunday deb atalgan) tashrif buyuradi.

Tashrif davomida Shri Lanka prezidenti Sirimavo Bandaranaike Xitoy bosh vaziridan bir qancha loyihalar qurilishida yordam so‘raydi.

1996 yilda Shri Lanka prezidenti Chandrika Bandaranaike (bu ayol Sirimavo Bandaranaikening qizi hisoblanadi va onasidan so‘ng mamlakat prezidenti bo‘lgan) Xitoyga rasmiy tashrif bilan boradi.

Uni o‘sha paytda Xitoy rahbari bo‘lgan Jian Zemin qabul qiladi va shundan so‘ng ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy va siyosiy aloqalar kuchayadi.

Bir necha o‘n yillardan buyon Xitoyning Himolay tog‘laridagi hudud da’volari tufayli Hindiston bilan munosabatlari uncha yaxshi emas.

Shu sababli Xitoy tomonining shundoqqina Hindiston «biqinida» joylashgan Shri Lanka bilan qalin, do‘stona aloqalarga intilishi tushunarli.

Shri Lanka uchun esa keyingi o‘n yilliklarda iqtisodiy tomondan juda rivojlanib, boyib ketgan Xitoy sarmoyalarini jalb qilish manfaatli edi.

Shu sababli bu ikki davlat Shri Lankaning keyingi prezidenti Maxinda Rajapaksa davrida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan ko‘plab kelishuvlar imzolashadi.

Shundan so‘ng Xitoy Shri Lankaga katta miqdorda sarmoya kiritishni boshlaydi. Hozirgi kunda Shri Lanka Xitoyning «Bir makon — bir yo‘l» rivojlanish dasturida «Dengiz ipak yo‘li» doirasidagi muhim hamkor davlat hisoblanadi.

Xitoyning "Bir makon - bir yo‘l" dasturida dengiz yo‘li bo‘ylab hamkorlik ham nazarda tutilgan

2000-yillarga kelib Xitoy dunyoning rivojlangan davlatlaridan biriga aylanadi va faol ravishda xorijiy davlatlarga sarmoya kirita boshlaydi. Shu jumladan, Shri Lankaga ham.

Xitoyning Shri Lankadagi birinchi yirik loyihasi mamlakat poytaxti Kolombo shahrida qurilgan Milliy teatr binosi edi.

Ko‘p o‘tmay Xitoy Hambantotaa shahridagi yangi port, yangi aeroport, Norocholay elektrostansiyasi va poytaxt Kolombodagi ko‘plab obektlarni qurish uchun sarmoya ajratadi.

O‘sha paytlarda Shri Lankada tamil ayirmachilariga qarshi fuqarolar urushi davom etardi. Xitoy iqtisodiy loyihalarga sarmoya ajratish bilan birga Shri Lanka armiyasi uchun ko‘plab qurol-yarog‘ ham yetkazib beradi.

Ma’lumot uchun, Shri Lanka hozir ham Xitoyda ishlab chiqarilayotgan qurol-yarog‘larning eng yirik importchisi hisoblanadi.

Xitoyning iqtisodiy va harbiy yordamlari evaziga Shri Lanka hukumati ancha yillardan buyon Chin yurtining tashqi va ichki siyosatda olib borayotgan ishlarini qo‘llab kelmoqda.

Masalan, 2019 yilda dunyoning 50 davlati birgalikda BMTning Inson huquqlari Kengashiga Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonida olib borayotgan siyosatini qo‘llab maktub yo‘llashadi. Ana shu 50 davlat orasida Shri Lanka ham bor edi (ular orasida Markaziy Osiyo respublikalari ham bo‘lgan).

Hambantota portining qurilishi

Hambantota shahrida avvallari kichik port bo‘lgan va ular yirik kemalarni qabul qila olmagan. 2001 yilda Shri Lankada o‘tkazilgan parlament saylovida Birlashgan milliy front g‘alaba qozonadi.

Shundan so‘ng mamlakat bosh vaziri lavozimini qayta egallagan Ramil Vikramasinh 2002 yilda Hambantotaada yirik port qurilishi haqida e’lon qiladi.

O‘shanda rejaga ko‘ra yangi portda yirik neftni qayta ishlash zavodi, neft-kimyo majmuasi, ko‘mirda ishlaydigan issiqlik elektrostansiyasi va dengizning sho‘r suvini tozalab, ichimlik suvga aylantirib beradigan korxona qurilishi belgilanadi.

Hambantota porti mamlakat janubida, kemalar katnovi uchun juda qulay joyda joylashgan

2002 yil yozda Shri Lankaga taklif etilgan Kanada kompaniyasi yangi port qurilishi uchun 1,7 mlrd dollar kerak bo‘lishi haqida hisobot beradi. Lekin Kanada tomoni yangi port qurilishiga sarmoya ajratishdan voz kechadi.

2005 yilda Shri Lankaga Hambantotada tug‘ilgan Maxinda Rajapaksa prezident bo‘ladi va tug‘ilib o‘sgan shahrini rivojlantirishga so‘z beradi.

Shundan so‘ng yangi port qurilishini iqtisodiy-texnik tomondan ikkinchi marta baholash uchun Daniya kompaniyasi taklif etiladi. Daniyaliklar Kanada kompaniyasi taqdim etgan hisobotni to‘g‘ri bajarilgan, deb topadi.

Shundan so‘ng Rajapaksa AQSh va Hindiston davlatlariga murojaat qilib, yangi port qurilishiga sarmoya ajratishni so‘raydi. Biroq har ikki davlat rad etadi.

2006 yilda Shri Lanka hukumati yangi port qurilishiga Xitoyni taklif etadi va xitoyliklar rozi bo‘ladi. 2007 yilda Rajapaksa rasmiy tashrif bilan Xitoyga boradi va shunda yangi port qurilishi bo‘yicha ham kelishuvlar imzolanadi.

Shri Lanka hukumati portni qurish uchun Xitoyning davlatga qarashli China Merchans Group kompaniyasi bilan shartnoma imzolaydi.

Hambantota porti qurilishi ikki qismga bo‘linadi. Birinchi qismda Xitoy ajratgan pullar hisobiga suyultirilgan gaz va neft saqlash uchun 500 ming tonnalik sig‘im quriladi. 2010 yil 18 noyabr kuni port rasmiy ravishda ochiladi.

Portning Xitoyga o‘tib ketishi

2012 yilda China Exim bank tomonidan qariyb 1 mlrd dollar kredit ajratiladi va terminal qurilishi boshlanadi.

O‘shanda Hambantota portini 35 yil davomida China Harbour Engineering va China Merchans Port kompaniyalari boshqarishi, keyin uni Shri Lanka hukumatiga topshirishi bo‘yicha kelishuv imzolanadi.

Juda katta miqdorda pullar sarflanganiga qaramasdan Hambantotaa porti rejadagi daromadni olib kelmaydi. Aksincha, zarariga ishlay boshlaydi va xitoyliklardan olingan qarzlarni vaqtida to‘lash bo‘yicha muammolar kelib chiqadi.

Hambantota porti shu ko‘rinishda qurilgan

2015 yilda Shri Lankada parlament saylovlari o‘tkaziladi. Ramil Vikramsinxe qaytadan bosh vazir lavozimini egallaydi.

Shundan so‘ng u Xitoyga tashrif bilan boradi va o‘tkazilgan muzokaralarda Hambantota porti qurilishi uchun olingan kreditlar masalasini ham ko‘taradi. Biroq xitoyliklar yon bermaydi.

Natijada 2017 yilda Shri Lanka portlar boshqarmasi tarkibida Hambantota International Port Group (HIPG) qo‘shma korxonasi tashkil etiladi.

Hambantotani 35 yil boshqaruvga olgan China Merchans Port kompaniyasi HIPG’ning 85 foiz aksiyalarini 1,2 mlrd dollar evaziga sotib oladi.

Yangi kelishuvga ko‘ra, Hambantota porti 99 yil davomida Xitoyning China Merchans Port davlat kompaniyasi boshqaruvida bo‘ladi. Kompaniya portdan foydalanish bilan birga uning yonida 6 ming gektar joyda erkin iqtisodiy zona barpo etish huquqini ham qo‘lga kiritadi.

Shu tariqa, Shri Lankada poytaxt Kolombodagi portdan keyin ikkinchi yirik port 99 yilga Xitoy tasarrufiga o‘tib ketadi.

Ishlarning bu tarzda kechishidan Xitoy har tomonlama yutadi. Ya’ni port qurilishini o‘zi qiladi va oxirida berilgan qarzlar hisobiga unga o‘zi egalik huquqini qo‘lga kiritadi.

Hambantotaning Xitoyga o‘tishi ortidan kelib chiqqan xavotirlar va mojarolar

Shri Lankadagi yirik port 99 yilga Xitoy tasarrufiga o‘tar ekan, bu ishdan eng avval AQSh va Hindiston o‘z xavotirlarini bildiradi.

Bundan tashqari, bu ish Shri Lankaning o‘zida ham aholi va jamoat faollari tanqidiga uchraydi. Jumladan, sobiq prezident Rajapaksa yirik portning to‘liq Xitoyga o‘tib ketishi noto‘g‘ri ish bo‘lganini aytib chiqadi.

Qarz evaziga portning egaligini olish dunyoning Xitoydan yirik miqdorda qarz olgan boshqa davlatlarida ham xavotirlar uyg‘otadi.

Hambantota portining bir qismi

2018 yilda aholi noroziligi ortidan Shri Lanka hukumati Galle shahridagi harbiy-dengiz bazasini Hambantotaga ko‘chirib kelish haqidagi qarorini e’lon qiladi.

2021 yilda Shri Lankalik siyosiy tahlilchi Asenga Abeyagunasekera Hambantota portining Xitoyga o‘tib ketishini «strategik diplomatiya qopqoni» deb ataydi.

O‘sha yili Shri Lanka tashqi ishlar vaziri Dinesh Gunavardena Hambantota portining Xitoyga 99 yilga berib yuborilgani avvalgi hukumatning jiddiy xatosi bo‘lganini va yangi hukumat uni qayta ko‘rib chiqishini aytadi.

Biroq mabodo qayta ko‘rib chiqilgan taqdirda ham portni xitoyliklardan qaytarib olishning iloji bo‘lmaydi. Chunki qarz olingan va vaqtida qaytarilmagan. Shu sababli hatto xalqaro sudlar aralashsa Hambantota portini Xitoy o‘zida saqlab qolishi ehtimoli juda yuqori.

Xitoyning boshqa «qarz qopqonlari»

Forbs.ru nashrining yozishicha, Xitoy «Bir makon — bir yo‘l» loyihasi boshlangandan keyin 18 yilda yilda 165 ta davlatda 13 427 ta loyihada ishtirok etgan va qariyb 1 trillion dollar sarmoya kiritgan.

Bu mablag‘larning asosiy qismini Xitoydagi davlat banklari kredit sifatida ajratgan va foizlari bilan qaytarib olmoqda.

Qarzlarning 385 mlrd dollari yopiq kelishuvlar bilan berilgan va ular xalqaro reyting agentliklari, tadqiqot institutlari va hukumatlararo komissiyalar hisobotlarida qayd etilmagan.

Xaritada Xitoydan turli miqdorlarda qarz olgan davlatlar ko‘rsatilgan

Yuqorida aytilgan 165 ta davlatdan 42 tasining Xitoydan qarzi mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YaIM) hajmining 10 foizidan oshadi.

Dunyo davlatlari orasida Xitoydan eng katta qarz bo‘lgan davlat bu — Rossiya. Uning qarzi 125 mlrd dollardan oshadi Bu ma’lumot 2021 yilga tegishli va Rossiyaning qarzi o‘tgan yillarda yana oshgan.

AQShdagi Global rivojlanish markazi tadqiqotlariga ko‘ra, Xitoyning «qarz qopqoni»ga Shri Lankadan tashqari, Qirg‘iziston, Jibuti, Maldiv orollari, Laos, Mo‘g‘uliston, Pokiston, Qoratog‘ (Chernogoriya), Angola va Tojikiston kabi mamlakatlar tushgan.

Ushbu qarzdor davlatlar moliyaviy muammolarga duch kelganida, ularning strategik obektlari olib qo‘yilishi mumkinligi istisno qilinmaydi.

2021 yilda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Xitoydan olingan qarzlar vaqtida to‘lanmasa, mamlakatdagi ba’zi muhim obektlar Xitoy nazorati ostiga o‘tishi mumkinligini aytgandi.

Xitoy nazorati ostiga o‘tishi mumkin bo‘lgan inshootlar orasida Qirg‘iziston rahbari mamlakat shimolidagi eng yirik elektr inshooti — Bishkek issiqlik elektr stansiyasi, Datka-Kemin elektr uzatish liniyasi, shuningdek, respublikaning shimoli va janubidagi birlashtiruvchi asosiy yo‘lni aytib o‘tgan.

Xaritada Tojikiston Xitoyga berib yuborgan hududlar ko‘rsatilgan

2011 yilda Xitoy Tojikistondan, Tog‘li Badaxshon avtonom viloyati hududidan 1,1 ming kilometr kvadrat (mamlakat hududining qariyb 1 foizi) yerini oladi. O‘shanda bu yer qarz evaziga berilgani haqida gap-so‘zlar chiqqandi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid