Jahon | 21:16 / 22.11.2024
3409
3 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko Belarusda norozilik namoyishlari takrorlansa, internetni «butunlay o‘chirib qo‘yish» bilan tahdid qildi

2020 yilgi prezidentlik saylovlarida Aleksandr Lukashenko 80,1 foiz ovoz to‘plagan edi. O‘shanda saylov kuni va keyingi uch kun davomida Belarusda internet ishlashida muammolar kuzatilgan.

Foto: belta.by

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 2025 yil yanvar oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida 2020 yildagi kabi norozilik namoyishlari takrorlansa, internetni «butunlay» o‘chirib qo‘yishini ma’lum qildi. To‘rt yil oldingi saylovlardan beri butun mamlakat aholisi internetga kirishda muammolarga duch keldi.

Gumanitar yo‘nalishdagi oliy ta’lim muassasalari talabalari bilan uchrashuvda Aleksandr Lukashenkodan saylovoldi kampaniyasi vaqtida internet nima uchun o‘chirilishi to‘g‘risida so‘rashgan. Talabalardan biri 2020 yilgi prezidentlik saylovlari vaqtida mamlakatda internet bilan bog‘liq uzilishlar to‘rt kun davom etganini eslatdi. «Agar bu yana takrorlansa, butunlay o‘chirib qo‘yamiz», — deya javob qaytardi Belarus prezidenti.

«Ochiq aytaman, bu deyarli har doim, ayniqsa, dastlabki bosqichlarda, mening ruxsatim bilan bo‘lgan. Senda ikkita muammo bo‘lsa, qaysi biri muhimroq ekanini tortib ko‘rasan. Tarozining bu pallasida mamlakat bor edi. Agar biz mamlakatni ushlab qolmaganimizda… «o‘zgarishlar, o‘zgarishlar»… Va men bu qayerdan kelayotganini tushunardim. Bularning barchasi internetdan, avvalo Polshadan keldi: qayerga borish, qanday borish bo‘yicha marshrutlar», — deydi Lukashenko.

2020 yilgi prezident saylovlari yakuni bo‘yicha, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Aleksandr Lukashenko 80,1 foiz ovoz to‘plagan, muxolifat nomzodi Svetlana Tixanovskaya esa 10 foiz. 9 avgust, saylov kuni va keyingi uch kun davomida Belarusda internet ishlashida muammolar kuzatildi. Mamlakatda Lukashenkoning iste’fosi talab qilingan holda ommaviy norozilik namoyishlari boshlanib, bir necha oy davom etdi.

Belarus huquq himoyachilari ma’lumotlariga ko‘ra, prezidentlik kampaniyasi boshlanganidan 2020 yil oxiriga qadar 35 ming namoyish ishtirokchisi qo‘lga olingan. Svetlana Tixanovskayaga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, u saylovlardan keyin Belarusni tark etgan.

Mavzuga oid