Jahon | 21:58 / 27.11.2024
1267
2 daqiqa o‘qiladi

Kipr hukumati rossiyalik va ukrainalik milliarderlarning «oltin» pasportlarini olib qo‘ydi

«Oltin» pasport Kipr iqtisodiyotiga sarmoya kiritganlarga berilar edi. O‘z vatanida korrupsiya, fitna, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash, o‘zlashtirish, firibgarlik va pul yuvish, jinoiy tashkilotda ishtirok etish va noqonuniy qimor o‘yinlari bilan bog‘liq operatsiyalarda ayblanganlar bu pasportdan mahrum etildi.

Foto: politis.com.cy

Politis nashri Kipr rasmiylari tomonidan «oltin» pasportlari bekor qilingan 77 nafar tadbirkor ro‘yxatini e’lon qildi. Ular orasida bir qancha rossiyalik va ukrainalik milliarderlar ham bor. Ularning oila a’zolariga berilgan pasportlar ham bekor qilingan.

Jumladan, ro‘yxatda «Rusal» asoschisi Oleg Deripaska, «Merkuriy» kompaniyalar guruhi egasi Igor Kesayev, «Probiznesbank» sobiq egasi Aleksandr Jyeleznyak va «Safmar» guruhining asosiy aksiyadori Mixail Gutseriyev bor, ularning barchasi rossiyalik. Shuningdek, ro‘yxatga ukrainalik tadbirkor Igor Kolomoyskiy, UkrLandFarming agroxolding egasi Oleg Baxmatyuk va boshqalar ham kiritilgan.

Politis nashri pasportni bekor qilishning uchta asosiy sababini keltirdi: pasport olish jarayonida yolg‘on bayonotlar va noto‘g‘ri ma’lumotlar berilishi, jinoiy o‘tmishga ega investorlar, fuqarolikka qabul qilish shartlariga rioya etmaslik.

20 nafar investor o‘z vatanida korrupsiya, fitna, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash, o‘zlashtirish, firibgarlik va pul yuvish, jinoiy tashkilotda ishtirok etish va noqonuniy qimor o‘yinlari bilan bog‘liq operatsiyalarda ayblangan, deb yozdi Politis.

Kipr «oltin pasport» dasturi mamlakat iqtisodiyotiga sarmoya kiritgan shaxslarga beriladigan imtiyozli vizani nazarda tutar edi. Chet el fuqarosi ushbu mamlakat iqtisodiyotiga 2,5 million yevro sarmoya kiritib, Kipr fuqaroligini olishi mumkin edi. Kipr hukumati «oltin pasport»ga da’vogarlarning kelib chiqishini yetarli darajada tekshirmagani uchun Yevropa Ittifoqi tomonidan bir necha bor tanqid qilingan. Dastur 2020 yil noyabrida to‘xtatildi.

Mavzuga oid