O‘zbekiston | 14:14 / 29.11.2024
1630
2 daqiqa o‘qiladi

Polshadagi 5 ta savdo uyi orqali O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari sotuvi hajmi ortdi

O‘zbekiston elchixonasi va USAIDning Toshkentdagi vakolatxonasi ko‘magida "O‘zto‘qimachiliksanoati" uyushmasi delegatsiyasining shu yil 19-21 noyabr kunlari Varshava shahrida o‘tgan Fast Textile 2024 xalqaro to‘qimachilik ko‘rgazmasida ishtiroki tashkil etildi.

Foto: Dunyo

Safar doirasida 19 noyabr kuni Ptak Warsaw Expo ko‘rgazma zalida "Polsha-Osiyo" savdo palatasi bilan birgalikda biznes-forum o‘tkazildi.

Yig‘ilganlar e’tibori O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, siyosiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va turizm sohalarida hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, xususan 2024 yil mart oyidan yo‘lga qo‘yilgan Toshkent va Varshava o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarning ahamiyatiga qaratildi.

Elchixona xodimlari tomonidan o‘tkazilgan taqdimotda Yevropa Ittifoqining GSP+ tartibi tufayli 2023 yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 20 foizga o‘sib, 600 million AQSh dollarini tashkil etgani qayd etildi.

Polshada faoliyat yuritayotgan beshta to‘qimachilik savdo uylari orqali O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari sotuvi hajmi ortgani ma’lum qilindi.

Shuningdek, tadbir doirasida G2B va B2B formatida muzokaralar tashkil etildi. Unda qator qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.

Mavzuga oid

E`lonlar