G‘azo sektoridagi yangi hujumlar, Halabga qaytayotgan qochqinlar va AQShning Ukrainaga maslahati - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
Livandagi urush to‘xtab, Suriyada qurolli g‘alayonlar boshlanib ketgan bir paytda Isroil armiyasining G‘azo sektoridagi hujumlari davom etmoqda.
Isroil armiyasi G‘azo shahrining Sabra tumanida bir falastinlik oila uyini nishonga olgan. Hujum oqibatida, jumladan, bolalar ham qurbon bo‘lgan. Jabrlanganlar va halok bo‘lganlar «Al-Ahliy» baptistlar shifoxonasiga olib borilgan.
Boshqa hududlarda ham hujumlar qurbonsiz o‘tmadi. Falastinning WAFA axborot agentligi xabariga ko‘ra, Burayj qochqinlar lageridagi BMTga qarashli maktab nishonga olingan. Bu maktabda ko‘chirilgan falastinliklar panoh topgan edi. Hujum natijasida uch nafar falastinlik halok bo‘lib, ko‘plab odamlar jarohat olgan. Maktabda yong‘in chiqib, 15 ta chodir yonib ketgan.
Rafah shahrida tibbiy xodimlar kechagi hujumlardan keyin to‘qqiz nafar falastinlikning jasadlarini topdilar. G‘azo shahridagi hujumlarda esa uch nafar falastinlik halok bo‘lib, ko‘plab odamlar jabr ko‘rgan.
G‘azo sektorida hamon humanitar falokat davom etmoqda. Dunyo esa jim kuzatishda bardavom.
Suriyadagi vaziyat
«Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhi Suriya ozodlik armiyasi bilan birgalikda Halab shahrini Bashar Asad rejimi qo‘lidan ozod qilganini e’lon qilganidan so‘ng, ular shaharni muvaqqat hukumat boshqaruviga topshirishga tayyor ekanliklarini ma’lum qilgan. Bu hodisa mamlakatda yangi siyosiy jarayonlar uchun umid paydo qildi.
Halab ozod qilingach, Turkiyadan so‘nggi 10 yil davomida boshpana topgan ko‘plab qochqinlar o‘z uylariga qaytishga qaror qilmoqda.
Eronning qo‘llab-quvvatlovi ostidagi yamanlik husiychilar Bashar Asadga sodiq ekanliklarini bildirishdi. Ularning fikricha, Asad rejimi Suriya mustaqilligining belgisi bo‘lib qolmoqda. Husiychilar, shuningdek, Falastin uchun qo‘llab-quvvatlovlarini davom ettirishlarini ta’kidlashdi.
Holbuki, dunyodagi bor e’tibor G‘azo urushiga qaratilgan bir paytda Bashar Asad Idlibda harbiy harakatlarni kuchaytirgan edi. Buning oqibatida ko‘plab tinch aholi qurbon bo‘ldi.
«Suriyadagi bugungi maqsad mamlakatda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashdan iborat», — dedi Istanbulda o‘tgan matbuot anjumanida Suriya muxolifati va inqilob kuchlari milliy koalitsiyasi raisi Hodi al-Bahra. Muxolifat vakillari tinch aholiga qarshi hujumlarni to‘xtatish, terroristik manbalarni bartaraf etish va hududlarda xotirjamlik yaratish uchun harakat qilib kelmoqda.
AQShdan Ukrainaga maslahat
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Ukraina hukumatiga Rossiya tajovuziga qarshi tura olish uchun harbiy safarbarlik bo‘yicha murakkab, ammo zarur qarorlar qabul qilishni tavsiya qildi.
Bryusselda bo‘lib o‘tgan NATO tashqi ishlar vazirlari sammitida u Ukrainani qurol-yarog‘ va moliyaviy yordam bilan ta’minlash bilan birga, yangi askarlarni safarbar qilish zarurligini ta’kidladi.
Blinkenning ta’kidlashicha, Ukrainada moddiy resurslar bo‘lsa ham, frontda Rossiyaga qarshi jang qilish uchun yetarli harbiy kuch ham zarur. U har bir safarbar qilingan askar samarali himoya uchun zarur tayyorgarlik va yordamni olishi lozimligini qayd etdi.
Noyabr oyida AQShning Ukrainaga safarbarlik yoshini 25 dan 18 yoshga tushirishga chaqirgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy muammoni askarlar sonida emas, ularni qurol-yarog‘ va texnika bilan yetarlicha ta’minlashda, deb hisobladi. Ukraina rasmiylari safarbarlik yoshini o‘z ittifoqchilari bilan muhokama qilganini tasdiqladi.
NATO vazirlari Ukrainani iqtisodiyot va mudofaa sohasida qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha umumiy strategiyani shakllantirmoqda. Yangi safarbarlik borasidagi qarorlar Ukraina qurolli kuchlarining mustahkamlanishi uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
NATO Ukrainaga yordamni kuchaytirmoqchi
NATO a’zolari Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rayotganini ma’lum qildi. Ukraina muzokaralarda ustun pozitsiyada bo‘lishi uchun alyans qo‘shimcha qurol-yarog‘ yetkazib berishni ikki baravar oshirishni rejalashtirmoqda.
Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, NATOning — maqsadi Ukrainaga Rossiya armiyasi hujumlarini qaytarish yoki muzokaralarni manfaatli sharoitlarda boshlash imkoniyatini yaratishdir. Ukraina o‘z hududining 20 foizini yo‘qotgan holda murakkab vaziyatda qolgani uchun yangi qurol-yarog‘ yetkazib berish strategiyaning markaziy qismiga aylandi.
NATO Bosh kotibi Mark Ryuttening ta’kidlashicha, Ukrainaga qurol yetkazib berish hozir NATOning asosiy vazifasiga aylangan. Unga ko‘ra, Rossiya urush boshlanganidan beri hududlarni eng tezkor suratda egallab bormoqda. Shu bois, Ryutte NATOga Ukraina qurolli kuchlarini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha choralarni ko‘rishni tavsiya qildi.
Ukrainani NATOga qabul qilish masalasi hozircha keyinga qoldirildi. NATO oldidagi asosiy vazifa – Ukrainaga harbiy jihatdan yordam berish va uning hududiy yaxlitligini tiklash uchun pozitsiyalarini mustahkamlash.
Janubiy Koreyada vaziyat izga tushdi
Janubiy Koreyada siyosiy inqirozning keskin fazasi tugadi. Mudofaa vaziri Kim Yong Hyon harbiy holat joriy etilgani uchun xalqdan uzr so‘rab, 4 dekabr kuni iste’foga chiqdi. Uning bayonoti prezident Yun Suk Yolga nisbatan impichment tahdidlari fonida yangradi.
Kim o‘zining harbiy holat joriy etish qarori uchun to‘liq javobgar ekanligini bildirdi. U bu qarorni o‘zi prezidentga tavsiya qilganini, boshqa hukumat a’zolari, jumladan, bosh vazirning qat’iy qarshiligiga qaramay, amalga oshirilganini tan oldi.
«Qurolli kuchlarning barcha harakatlari mening boshchiligimda amalga oshirilgan. Janubiy Koreya xalqidan kelib chiqqan tartibsizliklar uchun uzr so‘rayman», — dedi Kim Yong Hyon.
Bu orada muxolifatdagi partiya va xalq vakillari harbiy diktatura o‘rnatishga uringani uchun prezident Yun Suk Yoldan iste’foga chiqishni talab qilishmoqda.
Rossiya KXDR hamkorligi
Rossiyaning Koreya Xalq Demokratik Respublikasini raketalar va yadroviy dasturlarida qo‘llab-quvvatlashi BMT sanksiyalarini buzmoqda. NATO bosh kotibi Mark Ryuttega ko‘ra, bu holat Koreya yarimorolidagi vaziyatni beqarorlashtirishi mumkin.
Ryuttening ta’kidlashicha, Pyongyang rejimi raketalarini faqat NATOning Janubiy Koreya va Yaponiya kabi mintaqaviy hamkorlariga emas, balki Yevropa va hatto AQShga qarshi yo‘naltirishi xavfi mavjud.
KXDR yadroviy qurol ishlab chiqargani uchun xalqaro sanksiyalar ostida bo‘lib, unga yillik 500 ming barrel neft sotib olish cheklangan. Shunga qaramay, 2024 yilning mart oyidan boshlab Rossiya KXDRga 1 million barreldan ortiq neft yuborgan.
Bundan tashqari, g‘arb razvedkasiga ko‘ra, KXDR har yili Rossiyaga taxminan 3 million snaryad yetkazib beradi.
Kiyevning ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaga Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etish uchun jo‘natilgan shimoliy koreyalik harbiylar soni 12 ming kishigacha yetishi mumkin.
Gurjistonda muxolifatga qarshi choralar
Gurjistonda politsiya muxolifat partiyalari va norozilik harakatlariga qarshi harakatlarni kuchaytirdi. Bir necha muxolifat partiyasi, jumladan, «O‘zgarishlar koalitsiyasi», «Droa» va «Girchi — ko‘proq ozodlik» ofislarida tintuvlar o‘tkazildi.
Tintuvlar vaqtida «O‘zgarishlar koalitsiyasi» yetakchilaridan biri Nika Gvaramiya qo‘lga olindi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, uning qo‘lga olinishi vaqtida kaltaklangani haqida xabar qilingan. Shuningdek, Gela Xasaya ham hibsga olingan.
Tbilisida hukumatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatishiga qarshi norozilik namoyishlari ketma-ket olti kundan beri davom etmoqda. Politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun suv purkagichlar va ko‘zni yoshlantiruvchi gazlardan foydalanmoqda. Hozirga qadar 200 dan ortiq namoyishchi qo‘lga olingan.
Hukumatga qarshi norozilik harakatlari nafaqat Tbilisida, balki Gurjistonning boshqa shaharlarida, jumladan, Batumi va Kutaisida ham bo‘lib o‘tmoqda.
Qirg‘iz-Tojik chegarasi belgilab olindi
Qirg‘izistonning Botken shahrida 4 dekabr kuni Qirg‘iziston va Tojikiston davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha hukumat delegatsiyalari rahbarlari Qamchibek Tashiyev va Saymo‘min Yatimov uchrashuv o‘tkazishdi.
Uchrashuv davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi barcha bahsli uchastkalar bo‘yicha kelishuvga erishildi va chegarani to‘liq tasvirlab chiqish yakunlandi. Bu haqda Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ikki mamlakatning ishchi guruhlariga delimitatsiya ishlari bo‘yicha yakuniy hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonini boshlash topshirildi.
Uchrashuv do‘stona va o‘zaro tushunish muhitida o‘tgani qayd etilmoqda. Shu bilan Markaziy Osiyoda chegaralarga oid so‘nggi bahslarga nuqta qo‘yildi, bu albatta quvonarli.
Mavzuga oid
13:10
Ozarboyjon samolyotining halokati, G‘azodagi energetik inqiroz va Suriyadan Liviyaga ko‘chayotgan Rossiya bazalari - kun dayjesti
13:45 / 25.12.2024
Kuchli qamalda qolgan G‘azo, Haniyani yo‘q qilganini tan olgan Isroil va Rossiyaga rad javobi bergan Sudan - kun dayjesti
14:14 / 24.12.2024
G‘arbiy sohildagi okkupatsiya, «Mossad»ning Eronga hujum taklifi va transgenderlarga qarshi Tramp - kun dayjesti
13:18 / 23.12.2024