Jahon | 22:33 / 07.12.2024
6955
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar Daniya poytaxti suv ostida qolishi mumkinligidan ogohlantirdi

Kopengagen universiteti professoriga ko‘ra, mamlakat poytaxtida suv bosish xavfining oldini olish uchun botqoqliklarni quritish samarali yechim hisoblanadi.

Foto: phys.org

Daniyada tadqiqotchilar dengiz sathning ko‘tarilishi oqibatida mamlakat poytaxti Kopengagenning suv ostida qolish xavfini kamaytirish yo‘lini o‘rganmoqda.

Qayd etilishicha, qirollik poytaxtining pastlikda joylashgan hududlari suv ostida qolishi mumkin. Bunga dengiz sathining ko‘tarilishi, yerosti suvlari va davomli yog‘ingarchiliklar sabab bo‘ladi. Suv bosishining oldini olish uchun tabiiy to‘siqlarni shakllantirish maqsadida botqoqli hududga yomg‘ir suvlarini to‘playdigan o‘simliklar ekilgan Kardens Minde bog‘i yaratilgan.

Kopengagen universiteti arxitektura professori Anna Lundning ta’kidlashicha, mamlakat poytaxtida suv bosish xavfining oldini olish uchun botqoqliklar quritilmoqda. Daniya meteorologiya instituti 2100 yilga borib yog‘ingarchilik 30-70 foizga, dengizdagi suv sathi esa 42 santimetrga oshishi mumkinligini prognoz qilmoqda. Yuz yillik oxiriga borib Daniya poytaxtidagi yerosti suvlari darajasi ham oshadi.

Anna Lundning qayd etishicha, shahar hukumati poytaxt pastliklarida yangi qurilishlarni amalga oshirishdan tiyilishi kerak. «Suv bosishidan himoyalanish uchun tabiiy to‘siq sifatida bog‘larni yaratish ancha samarali yechim hisoblanadi», — deydi arxitektor.

Kopengagen biznes maktabi dotsenti Izabel Froyes AFP agentligi bilan suhbatda Daniyani «prototip-davlat» deb atagan, unga ko‘ra, bu yerda qo‘llangan tajribalardan keyinchalik shu kabi muammoga duch kelgan boshqa mamlakatlar ham foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Mavzuga oid