Florida shtatidagi Maks Plank neyrofan instituti (MPFI) olimlari xotirani o‘rganish sohasida kashfiyot qildi. Ularning tadqiqoti uzoq muddatli xotira qisqa muddatli xotiradan mustaqil shakllanishi mumkinligini ko‘rsatdi. Bu kashfiyot xotirada ma’lumotlarni saqlash jarayonlari haqidagi tasavvurlarimizni tubdan o‘zgartiradi va xotira buzilishi mexanizmlarini tushunish uchun yangi istiqbollarni ochadi.
Xotira — miyaning kechinma va voqealarni saqlash usuli bo‘lib, u bizga hayot davomida to‘g‘ri yo‘l topishga yordam beradigan “tajribalar ombori”ni yaratadi. Shu paytgacha ishonib kelinadigan umumiy fikrga ko‘ra, dastlab ma’lumot qisqa muddatli xotiraga yoziladi, u yerda faqat ma’lum vaqt saqlanib, so‘ngra eng muhim qismlari uzoq muddatli xotiraga o‘tkaziladi va u yerda yillar yoki o‘n yillar davomida saqlanib qoladi. Bu jarayon chiziqli deb atalgan, ya’ni qisqa muddatli xotirasiz uzoq muddatli xotirani shakllantirish imkonsiz sanalgan. Ammo doktor Men In Shin, doktor Paula Parra-Bueno va MPFI ilmiy direktori doktor Rexey Yasuda rahbarligidagi yangi tadqiqot bu nazariyani inkor etdi.
“Miyada uzoq muddatli xotirani shakllantirishning qisqa muddatli xotiraga bog‘liq bo‘lmagan muqobil yo‘li mavjudligini aniqladik”, — deb tushuntirdi doktor Shin. “Bu xotiralar galereyasiga yashirin kirish yo‘lini topishga o‘xshaydi. Bizning ma’lumotlarimiz ko‘rsatishicha, miya qisqa muddatli xotiraning shikastlangan jarayonlarini chetlab o‘tib, baribir mustahkam uzoq muddatli xotiralarni yaratish qobiliyatiga ega”.
Tadqiqotchilar qisqa muddatli xotirani shakllantirish jarayonida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan CaMKII fermenti ustida ish olib bordi. Ushbu ferment bilan ishlash uchun jamoa optogenetikaga asoslangan yangi usulni ishlab chiqdi. Bu usul yorug‘lik yordamida CaMKII faolligini vaqtinchalik to‘xtatib qo‘yish imkonini beradi.
Tajriba qorong‘ilikni xush ko‘radigan sichqonlarning tabiiy xulq-atvoriga asoslangan. Odatda, qorong‘i joyda turgan sichqon qo‘rqitilsa, u buni eslab qoladi va u yerga qaytishni istamaydi. Biroq sichqonlardagi CaMKII fermentini bloklash orqali, olimlar qisqa muddatli xotira jarayonini izdan chiqardi. Natijada, stressga uchragan sichqonlar qo‘rqinchli tajribadan bir soat o‘tgach, uni eslay olmadi.
Bundan ham qiziq natija keyinroq namoyon bo‘ldi. Tajribadan bir kun, bir hafta yoki hatto bir oy o‘tgach, sichqonlar noxush voqeani “unutgandek” tuyulsa-da, qo‘rquv his etgan joylardan qochishni boshladi. Bu qisqa muddatli xotirasiz ham uzoq muddatli xotira shakllanganiga yaqqol dalildir.
“Dastlab bunday natijalar xotira jarayonlari haqidagi tasavvurlarimizga zid bo‘lgani uchun hayratga tushdik”, — deb ta’kidlaydi doktor Shin. “Biroq turli yondashuvlar orqali o‘tkazilgan takroriy tajribalar shuni tasdiqladiki, uzoq muddatli xotirani qisqa muddatli xotirasiz ham shakllantirish mumkin. Miyada odatdagi chiziqli jarayondan mustaqil bo‘lgan parallel yo‘l bor, degan xulosaga keldik”.














