Bugun, 10 dekabr – Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan kun. Siyosatshunos Hamid Sodiq so‘zlariga ko‘ra, xalqaro tashkilotlar va inson huquqlari faollari shu hujjat prinsiplari asosida ayrimlarga qarata: «sizlar bermagan va inson tug‘ilishi bilan paydo bo‘ladigan shunday huquqlarimiz borligini» takrorlab turadi. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, davlat taraqqiyoti va qudrati avvalo inson huquqlariga bog‘liq, shu sabab qudratli davlatlar bu huquqlarni o‘z davlatchiligi uchun asos qilib olgan.

1948 yil 10 dekabr kuni BMT Bosh assambleyasining 217-rezolyutsiyasi bilan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilindi. Joriy yil ushbu sanaga 76 yil to‘ldi. BMT a’zolari uchun tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan ushbu hujjatni tashkilotning 192 ta – barcha a’zo davlatlari imzolagan, jumladan, O‘zbekiston ham. 1950 yildan 10 dekabr Inson huquqlari kuni sifatida nishonlanadi. Kun.uz ushbu sana munosabati bilan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining dunyoda huquqiy tizimda ishlashi, uning tarixiy va bugungi kundagi ahamiyati haqida siyosatshunoslar bilan suhbat tashkil qildi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinishi – inson huquqlarining xalqaro himoyasi va umuman tinchlik borasida qanday rol o‘ynadi? U o‘z davrida muhim va kuchli hujjat bo‘la olganmi?

Kamoliddin Rabbimov, siyosatshunos:

– Ikkinchi jahon urushi dunyo tarixidagi eng katta va eng ko‘p insoniy talafot yetkazgan urush hisoblanadi. Ya’ni olti yil davomida taxminan oltmish million inson hayotiga zomin bo‘lgan. Urushdan keyin dunyo siyosiy elitasida ham, dunyo hamjamiyatida inson huquqlari borasida muayyan qarashlar shakllangan. Inson huquqlari g‘oyasi bir kunda shakllangan g‘oya emas, lekin davlatlarning inson huquqlari masalasida to‘liq suveren ichki ishi degan tafakkur Ikkinchi jahon urushidan keyin o‘zgara boshladi va bu jarayon hozirgacha davom etmoqda.

Dunyoda tinchlik bo‘lishi, davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar diplomatik va urushlarsiz kechishi uchun ichki siyosiy tizim va inson huquqlari bilan uzviy bog‘liqligi haqida tasavvur shakllanmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuziladi va uning fundamental qadriyati inson huquqlari deb belgilanadi. Shundan keyin mana shu Inson huquqlari bo‘yicha umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinadi va dunyo davlatlariga tavsiya etiladi. BMTning qarorlari yoki tamoyillari ijro mexanizmi mavjud emas, ammo bu qattiq tavsiya qilinadi va xalqaro norma sifatida ko‘rsatma beriladi. Lekin bu tavsiyalarga zid keladigan davlatlarga urush qilib, bostirib borish tamoyillarga zid keladi. Shunday qilib, keyingi yetmish-sakson yil davomida dunyo hamjamiyatida siyosiy tizimlar va inson huquqlari to‘g‘risida bu deklaratsiyaning o‘rni juda katta.