Jahon | 08:50 / 11.12.2024
4393
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Moliya vazirligi Kiyevga 20 mlrd dollar qarz haqida e’lon qildi

Vashingtonning Kiyevga bergan qarzi Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan olingan daromadlar hisobiga to‘lanishi kerak, deya aniqlik kiritdi AQSh Moliya vazirligi.

Foto: Chip Somodevilla / Getty Images

AQSh Moliya vazirligi G7 ("Yettilik guruhi") tashabbusi doirasida Ukrainaga 20 milliard dollar (19 milliard yevro) ajratilishini e’lon qildi. Qarz haqida 10 dekabr, seshanba kuni AQSh moliya idorasi ma’lumot berdi.

Kredit Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushgan mablag‘lar hisobidan to‘lanishi kerak. G7 orqali taqdim etilayotgan mablag‘larning umumiy miqdori 50 milliard dollarni (47,5 milliard yevro) tashkil etadi.

AQSh moliya vaziri Janet Yyellen Ukrainaga «tez yordam xizmatlari, shifoxonalar va jasoratli qarshilik ko‘rsatishning boshqa ustunlarini saqlab qolish uchun» moliyaviy resurslar kerakligini ta’kidladi.

Bu mablag‘lar, Vashingtonning xavfsizlikka yordami va Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish choralari «Ukrainaning o‘z suverenitetini himoya qilish va adolatli tinchlikka erishishdagi pozitsiyasini mustahkamlaydi», deb ta’kidladi Yyellen.

Siluanov: RF muzlatilgan aktivlardan foydalanish bo‘yicha G‘arbga javob qaytarishga tayyor

Rossiya moliya vaziri Anton Siluanov Yevropa davlatlarida muzlatilgan Rossiya aktivlaridan olingan daromadlardan foydalanish borasida G‘arbga bir xil javob qaytarilishiga va’da berdi.

«Agar G‘arb davlatlari Rossiya Federatsiyasining muzlatilgan oltin-valuta zaxiralaridan tushgan daromaddan foydalana boshlasa, biz ham xuddi shunday qilamiz. Biz do‘st bo‘lmagan kompaniyalar va tashkilotlarning pullarini muzlatib qo‘ydik. Shuningdek, biz bu pulni o‘z hisobimizda saqlaymiz va ushbu aktivlardan, ushbu resurslardan foydalanishdan olingan daromadlarni xuddi shunday tarzda ishlatamiz. Ularni iqtisodiyot ehtiyojlariga, Rossiya Federatsiyasi sub’yektlarining ehtiyojlariga yo‘naltiramiz», — dedi Siluanov «Rossiya-24» telekanaliga bergan izohida.

«Aytishim mumkinki, bunday qarorlar allaqachon amalga oshirilmoqda», — deya qo‘shimcha qildi u.

Mavzuga oid