Jahon | 20:41 / 11.12.2024
2842
2 daqiqa o‘qiladi

AQShning ehtimolli sanksiyalari dovrug‘i ostida rublning kursi yana pasaydi

Rublning ikki haftalik barqarorligi tugab, uning kursi yana pasayishga yuz tutdi. Chorshanba kuni dollar kursi Foreks bozorida 7 rublga oshib, 108,72 rublga yetdi, bu 2 dekabrdan buyon eng yuqori ko‘rsatkich. Yevro kursi 5,5 rublga ko‘tarilib, 114 rublga yetdi, yuan esa ilk marta 14 rubl chegarasini buzdi.

Foto: The Moscow Times

Investbank mutaxassisi Yevgeniy Koganning ta’kidlashicha, rublning qadrsizlanishiga AQShning Rossiya neft eksportiga Eron darajasida cheklovlar qo‘yishga tayyorgarlik ko‘rayotgani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bloomberg manbalariga ko‘ra, neft tanqisligi yo‘qligi sababli, bunday choralar amalga oshirilishi ehtimoli yuqori.

Reuters agentligiga ko‘ra, rubl bozoridagi talofatlar Rossiyani tark etayotgan chet el kompaniyalari valutaga talabining ortishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ammo buning ortida aniq kimlar turgani ham ma’lum emas.

Noyabr oxirida rubl 2022 yil martidan buyon minimal darajagacha tushib, dollar kursi 114 rubldan, yevro esa 120 rubldan oshgan edi. Dekabr boshida rubl o‘zining yo‘qotishlarini qisman tikladi, ammo bozordagi tebranishlar hali ham yakunlanmagan.

Private Banking rahbari Yegor Susinning fikricha, bozorda likvidlik yetishmasligi va chet el valutasining kirib kelishi cheklangani sababli, hatto talab va taklif balansidagi kichik o‘zgarishlar ham katta kurs siljishlariga olib kelmoqda.

«Ivolga Kapital» bosh tahlilchisi Mark Savichenko esa hukumatning kursni nazorat qilish mexanizmlari juda ozayganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy foiz stavkasi yuqori bo‘lishiga qaramay, uning rubl kursini barqarorlashtirishdagi samaradorligi pasaygan.

Urushdan oldin dollar 70-80 rubl, yuan esa 11-12 rublga, ya’ni o‘rtacha 30 foizga arzon bo‘lgan. Savichenko rublning qadrsizlanishini Rossiya iqtisodiyoti va moliya tizimining so‘nggi uch yildagi tizimli tanazzulining belgisi deb hisoblaydi.

Mavzuga oid