Jahon | 21:54 / 12.12.2024
14265
2 daqiqa o‘qiladi

Hindiston va Rossiya neft bo‘yicha tarixiy kelishuvga erishdi - OAV

Rossiya neftini Hindistonga yetkazib berish bo‘yicha 10 yillik bitim qiymati bugungi narxlarda yiliga taxminan 13 milliard dollarni tashkil etadi.

Foto: Reuters

Rossiyaning «Rosneft» davlat kompaniyasi Hindistonning xususiy neftni qayta ishlash zavodi Reliance kompaniyasiga kuniga deyarli 500 ming barrel neft yetkazib berishga rozi bo‘ldi.

Bu ikki davlat o‘rtasidagi tarixdagi eng yirik energiya kelishuviga aylandi, deb yozdi Reuters manbalarga tayanib. Ta’kidlanishicha, 10 yillik bitim qiymati bugungi narxlarda yiliga taxminan 13 milliard dollarni tashkil etadi va global taklifning 0,5 foizini tashkil qiladi. Bu Hindiston va Rossiya o‘rtasidagi energiya aloqalarini yanada mustahkamlaydi.

Agentlikning qayd etishicha, kelishuv Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Hindistonga rejalashtirilgan tashrifi arafasida tuzilgan. Unga ko‘ra, «Rosneft» har oyda Rossiya nefti va neft mahsulotlarining turli navlarini yetkazib beradi.

Qayd qilinishicha, Reliance va «Rosneft» har yili neft bozorlari dinamikasini hisobga olgan holda shartnoma bo‘yicha narxlar va hajmlarni qayta ko‘rib chiqadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid