Konibodomdagi qotillik, medal olgan Komilov, “sveti” o‘chgan Qirg‘iziston – mintaqa hafta ichida
Yakuniga yetayotgan haftada So‘g‘d viloyati Konibodom shahrida mudhish qotillik yuz berdi. Turkmanistonning betaraflik kuni arafasida esa o‘zbek diplomati Komilovga unvon berildi. Sovuq tushgan Qirg‘izistonda elektr energiyasi iste’moli rekord o‘rnatdi.
Mintaqa xabarlari bilan Kun.uzʼning haftanomasida tanishing.
Konibodomni yana qo‘rquv egalladi
Yakuniga yetgan haftada Tojikistonning So‘g‘d viloyati Konibodom shahrini yana qo‘rquv egalladi. Gap shundaki, bir oilaning 6 a’zosi o‘ldirib ketilgan. Oila boshchisi erkak esa hovlisidagi daraxtda osig‘liq ahvolda topildi. Uning badanida kaltaklanish alomatlari aniqlandi. Uyda uning xotini va to‘rt nafar voyaga yetmagan farzandi bo‘g‘ib o‘ldirilgan bo‘lishi mumkin, chunki ularning tanasida bo‘g‘ilish alomatlari bor. Voqea xorijiy davlatlar mediasida ham faol yoritildi, hozircha rasmiylar voqeaga izoh bergani yo‘q. Eng achinarlisi, Konibodomda bunday holat birinchi marta sodir bo‘lmayapti. Shu yilning aprel oyidan beri kamida 5 ta oila to‘liq a’zolari bilan qotillik qurboniga aylangan. Tojikistonning mustaqil axborot manbasi Asia Plus Tojikiston xabariga ko‘ra, huquq-tartibot idoralari aholining murojaatlari va yordam so‘rovlarini e’tiborsiz qoldirmoqda. Masalan, dushanbelik bir ayol huquq-tartibot idoralaridan eri muntazam kaltaklashini aytib, zo‘ravonlikka qarshi chora so‘ragan. Uning 6 yoshli qizining hayoti ham xavf ostida, lekin kuchishlatar organlar biror nima qilishga shoshilmayapti, deb yozadi nashr.
Tojikistonda skuter egalari raqam taqishi kerak
Tojikistondan uzoqlashmaymiz, endi bu davlatda skuter egalari davlat raqami olishi, skuterini esa ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak. Bunday qarorga kelishning bir qator sabablari keltirib o‘tilgan. Birinchidan, parvoyi falak skuter egalari sabab yo‘llarda avariyalar ko‘paygan, ikkinchidan esa davlat mamlakatdagi transport vositalari hisobini ham yuritmoqchi. Shuning uchun skuterlarga nomer taqish talab qilinyapti. Tezligi 40 km soatdan oshuvchi va dvigateli hajmi 50 kub metr bo‘lsa, albatta, ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak.
Tojikiston rekord darajada kartoshka yetishtirdi
Iqtisodi asosan qishloq xo‘jaligiga bog‘lanib qolgan Tojikiston shu yilning 10 oyi davomida rekord darajada kartoshka yetishtirgan. Davlat hisob-kitobiga ko‘ra, 10 oyda jami 1 mln 139 ming 936 tonna kartoshka yetishtirilgan va bu o‘tgan yilgidan 20,6 foizga ko‘p. Biroq kartoshka serobligi narxning suv-tekin bo‘lishiga olib kelmaydi. Ma’lum bo‘lishicha, kartoshkaning rekord hosili ortidan ham MDHda Tojikiston kartoshka narxi bo‘yicha 2-o‘rinda turibdi.
Mutaxassislarning fikricha, narxlarning mavsumiy biroz pasayishi kuzatildi, lekin yetishtirish xarajatlari yuqoriligi ortidan umumiy savdoga bu ta’sir qilmagan. Kartoshkani asosan kichkina fermer xo‘jaliklari yetishtirgan va ularning qo‘lida zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalari yo‘q. Yuqori narxlar logistika va ombor infratuzilmasining yetarli emasligi bilan ham bog‘liq. Aksariyat fermerlar zamonaviy omborlar yetishmasligini, mahsulotni vositachilar orqali sotishga yoki eskirgan saqlash usullarini qo‘llashga majbur bo‘layotganini aytadi. Bundan tashqari, zaif transport tarmog‘i yuk tashish xarajatlarini oshiradi. Bu omil yakuniy narxning qimmat saqlanishini ta’minlayapti.
Prezident o‘g‘li – amal kursisida
Tojikistonda prezidentning o‘g‘li Rustam Emomali davlat futbol federatsiyasi prezidenti etib qayta saylandi. U kelgusi 4 yilda ham bu lavozimda qoladi. Hisobot saylov-qurultoyi 14 dekabr sanasida bo‘lib o‘tgan. Bu bilan Rustam Emomali 4 marta futbol federatsiyasi prezidentiga aylanmoqda.
Qozog‘iston chegarada elektron navbat joriy qildi
Qozog‘iston chegara punktlarida yangi elektron navbat tizimi joriy qilinmoqda. Shu yilning 1 yanvaridan bu amaliyot boshlangandi. O‘zbekistonning Aqtau shahridagi bosh konsulxonasi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu tizimni joriy etishdan asosiy maqsad Qozog‘iston hududidan tranzit o‘tayotgan yuk transportlarining kirish va chiqishini tartibga solish. Ayni paytda elektron navbat tizimi «Tajyen-Dauit-ata» chegara o‘tkazish punktida ishga tushirilgan. Qozog‘iston SargoRuqsat deb atalgan bu tizimni Rossiya bilan chegaralarida ham joriy qilmoqchi. O‘z navbatida esa haydovchilar buning ortidan qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Xususan o‘zbekistonliklar ham. Bosh konsulxonamiz tizimni ishlatishni bilmayotgan yurtdoshlarimizga yordam bo‘lsin uchun o‘zbek tilida undan foydalanish yo‘riqnomasini joylashtirdi.
Nazarboyev hayotiga oid ma’lumotlar maxfiylashtiriladi
Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev hayotiga oid ma’lumotlar maxfiylashtiriladigan bo‘ldi. Bu tipdagi ma’lumotlar davlat siri sifatida tasniflanadi. Qozog‘iston senatorlari bu haqdagi hujjatni qabul qilgan. Xalq vakillari 12 dekabr kuni o‘zgartirishlarni ko‘rib chiqqan, biroq davlat siri bilan bog‘liq o‘zgartirishlar xususida biror kim og‘iz ochmagan. Qolaversa, na hukumat va na parlament a’zolari jurnalistlarga buning sababini tushuntirib berolmagan. Mustaqil Qozog‘iston o‘z tarixida ikki prezidentni ko‘rdi xolos. Nursulton Nazarboyev o‘z ixtiyori bilan 2019 yil lavozimini tark etsa-da, hokimiyatni qo‘lida ushlab qolgandi. Biroq 2022 yilgi yanvar voqealari ortidan uning siyosiy hokimiyati quladi. 2023 yil boshida Nazarboyev elboshi maqomidan ham mahrum qilinib, poytaxtga berilgan uning nomi qaytarib olindi. 2023 yilning iyun oyida Senat Qozog‘iston sobiq prezidentini Oliy kengash, intellektual maktablar, Nazarboyev universiteti va Nazarboyev jamg‘armasi rahbari maqomidan oluvchi hujjatni qabul qildi.
Kelin o‘g‘irlaganlik uchun jazo kuchaytiriladi
Yana bir gap shuki, Qozog‘istonda kelin o‘g‘irlaganlik uchun ham jazo kuchaytirilmoqda. Prezident shaxsan qozoqlarning bu kelin o‘g‘irlash odatiga huquqiy baho so‘ragandi. Qozog‘iston parlamenti qonunchilikka kelin o‘g‘irlaganlik uchun jazoni kuchaytiruvchi tuzatishlar tayyorlamoqda. Tengrinews nashri xabariga ko‘ra, prezidentning Atirauda bo‘lib o‘tgan Milliy qurultoy yig‘ilishida bergan topshirig‘ini bajarish maqsadida deputatlar qonunchilikda kelin o‘g‘irlaganlik uchun jazoni kuchaytirmoqchi.
Abdulaziz Komilov – Turkmaniston yoshullisi
Komilov endi Turkmanistonda ham yoshulli. O‘zbekistonning mohir diplomati, prezidentning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili, sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov o‘tgan hafta Turkmanistonning hurmatli yoshullisiga aylandi. Unvondan tashqari unga “Maxtumquli Firog‘iyning 300 yilligi “ yubiley medali ham topshirildi. Turkmaniston prezidenti bu unvonni Komilovga ikki davlat do‘stona munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun berdi, deya e’lon qildi Turkman prezidentini oqlovchi media “Oltin asr”. Medal va ko‘krak nishoni esa yosh avlodni tarbiya qilishdagi alohida xizmatlari, hamkorlikka qo‘shgan hissasi uchun berilgan.
Arqadag‘ qiziga amal berdi
Gurbanguli Berdimuhammedov katta qizi O‘g‘iljahon Ataboyevani xayriya jamg‘armasi vitse-prezidenti lavozimiga tayinladi. Turkmen news bu xususida xabar berdi. Tayinlov 7 dekabr kuni Arqadag‘ shahrida bo‘lib o‘tgan Xayriya jamg‘armasi boshqaruv yig‘ilishida e’lon qilingan. O‘g‘iljahon Ataboyeva Londonda yashagan, uning turmush o‘rtog‘i Davlat Ataboyev esa Turkmanistonning Londondagi elchixonasida maslahatchi. Arqadag‘ shahri qurilar ekan, Berdimuhammedovning kuyovi Davlat Ataboyev shu qurilish ishlariga bosh-qosh, qo‘mita maslahatchisi. Gurbanguli Berdimuhammedovning 3 nafar farzandi bor, o‘g‘li allaqachon prezidentlik qilmoqda. Ikkinchi qizi esa Gulshan.
Yangi elchimiz ishonch yorliqlarini topshirdi
O‘zbekistonning Turkmanistondagi yangi elchisi Ravshanbek Alimov prezident Serdar Berdimuhammedovga ishonch yorliqlarini topshirdi. Elchi marosimda ikki davlat o‘zbek-turkman munosabatlarini rivojlantirish yo‘lida kuch-g‘ayrati va bilimini safarbar qilishga tayyorligini aytgan. Alimov 2002-2008 yillarda Ukraina va Fransiyada, o‘rindoshlik asosida esa Moldova va Portugaliyada elchi bo‘lib ishlagan.
Bahsli hududlar teng taqsimlanadi
Dasturimizning o‘tgan sonida Qirg‘iziston va Tojikiston chegaradagi bahsli hududlar yuzasida muzokarani yakunlaganini xabar qilgandik. Prezident Japarovning tushuntirishicha, ikki davlat bahsli hududlar bo‘yicha teng taqsimlashga kelishgan. Hukumatlararo komissiya har ikki mamlakat manfaatlarini hisobga olgan. Ish yakunlangach, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegara ochiladi. Chegara postlari 3 yildan beri yopilgan holatda turibdi. Oqibatda esa ikki davlat ham katta iqtisodiy yo‘qotishlarga uchradi, savdo to‘xtatildi. Endi chegarani ochamiz va savdomizni eng yuqori darajaga ko‘taramiz, deydi prezident Japarov. U bundan buyog‘iga kelishmovchiliklar bo‘lmasligi kerakligini ham ta’kidlagan.
Qirg‘izistonliklar rekord darajada tok ishlatdi
Qirg‘izistonda 11-12 dekabr kunlari elektr energiyasi iste’moli rekord darajaga chiqdi. Bu haqda davlat Energetika vazirligi xabar berdi. Qish kirib kelishi va havo haroratining pasayishi tufayli aholi elektr energiyasidan ko‘proq foydalana boshlagan. 12 dekabrda 3 ming 612 megavatt elektr energiyasi iste’mol qilinib, kunlik elektr energiyasi iste’moli 78,931 million kilovatt soatga yetgan. Bunday ko‘rsatkich hali Qirg‘iziston tarixida kuzatilmagan. Qirg‘iziston ham xuddi O‘zbekiston kabi sababni ob-havoga yuklagan. Biroq o‘sha ikki kunda Qirg‘izistonda atigi 5 va 14 daraja sovuq bo‘lgan xolos. Iste’mol oshgach, energetiklar svetni o‘chirib qo‘ygan.
Korrupsionerlar umrbod davlat lavozimini egallamasligi mumkin
Qirg‘iziston xususida yana bir xabar shuki, endi bu davlatda korrupsionerlar umrbod davlat lavozimida ishlolmay qolishi mumkin. Korrupsion jinoyatlar uchun sudlangan shaxslarga yuqori davlat lavozimlarida ishlashni umrbod taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi Jokorgu Keneshga taqdim etildi. Hujjatni deputat Jyenishbek Toktorbayev ishlab chiqqan, u davlat va mahalliy boshqaruv organlarida korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirishni nazarda tutadi. Loyihaga ko‘ra, korrupsioner fuqarolar sudlanganlik holati bor yoki olib tashlanganidan qat’i nazar, prezident, parlament deputati yoki vazirlar mahkamasi a’zosi lavozimlarini egallash huquqiga ega bo‘lmaydi. Qonun loyihasida muhokamadan o‘tib, prezident tasdiqlasa kuchga kiradi.