Jamiyat | 15:53 / 17.12.2024
1123
23 daqiqa o‘qiladi

Davlat xizmatlari sohasidagi rejalar bo‘yicha ma’lumot berildi

Adliya vaziri o‘rinbosari Xudoyor Meliyev davlat xizmatlari markazlari tashkil etilganiga 7 yil to‘lishi munosabati bilan ma’ruza qilib, sohada amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalarga to‘xtaldi.

«Amalga oshirilgan huquqiy, tashkiliy kompleks choralar natijasida DXMlar aholi muammolarini hal qilishning, davlat tashkilotlari va fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlarni soddalashtirishning markaziga aylandi.

Xususan, xalqimizga davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini yanada yaqinlashtirish bo‘yicha birinchi navbatda zarur infratuzilma yaratildi.

Respublikaning barcha 208 ta tuman va shaharlarida DXMlar tashkil etildi. Ularning 193 tasida zamonaviy binolar qurilib, foydalanishga topshirildi. Ushbu binolarning 79 tasi davlat-xususiy sheriklik asosida qurildi. Tuman (shahar) markazlaridan 50-100 km. uzoq, tog‘li hududlarda 138 ta filial faoliyat yuritib kelmoqda. Ular mahalliy aholini uzog‘ini yaqin qilmoqda.

2018 yil 1 yanvarda faoliyat boshlagan paytda DXMlar tomonidan dastlab 37 turdagi xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, hozirda 403 turdagi xizmatlar ko‘rsatilmoqda.

Har kuni o‘rtacha 100 mingga yaqin fuqarolarimiz Davlat xizmatlari markazlariga tashrif buyurib, xizmatlardan foydalanmoqda.

Xususan, fuqarolarning shaxsan o‘zi kelgan holda 2023 yil davomida 9,3 mln.dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2024 yilning o‘tgan davrida bu ko‘rsatkich 10,5 mln.dan ortiqni tashkil etdi.

Bugungi kunda DXMlarda tashrif buyuruvchilar uchun zarur qulayliklar yaratilgan bo‘lib, kutish zallari elektron navbat tizimlari, axborot kioskalari, o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish, salomatlik burchaklari, mutolaa uchun kitob javonlari, bolalar o‘yin maydonchalari, Wi-Fi hududlar hamda bufetlar bilan jihozlangan.

Olis va chekka hududda yashovchi fuqarolarimizga yengillik yaratish, ularning vaqtini tejash maqsadida sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilgan. Hozirga vaqtga qadar 2,5 mln.ga yaqin sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Xususan, 2024 yilning 9 oyi davomida 662 816 ta sayyor xizmat ko‘rsatildi.

Sayyor xizmatlarni tashkil etish uchun maxsus moslashtirilgan avtomashinalar xarid qilingan bo‘lib, ular ko‘chma DXM vazifasini o‘taydi. Ular barcha zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari bilan jihozlangan.

2019 yildan davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan barcha xizmatlarni “eksterritorial” tamoyil asosida ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.

Bu aholiga nima beradi? Bunda davlat xizmatlarini ko‘rsatish doimiy ro‘yxatdan o‘tgan joyidan (propiskaga) yoki yashash joyidan qat’i nazar aholi va tadbirkorlarimiz istalgan joydagi yoki o‘zlariga qulay joydagi davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilib, xizmatlardan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Aksariyat fuqarolarning ish vaqtini inobatga olgan holda DXMlarda haftaning dushanba – juma kunlari soat 8:00 dan boshlab ishlash tartibi joriy etildi».

Fuqarolarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida 25 ta tumanda 

ID-karta berish, 104 ta tumanda haydovchilik guvohnomalarini berish, 138 ta tumanda xorijga chiqish pasportini berish imkoniyati yaratildi.

Xususan, 2024 yilda qo‘shimcha 100 ta DXMda xorijga chiqish pasportini berish, 78 tasida haydovchilik guvohnomalarini berish xizmati yo‘lga qo‘yildi.

Davlat xizmatlari markazlarida aholiga xizmat ko‘rsatishning o‘rtacha vaqti 5 daqiqaga tushirildi. Ilgari bu muddat 15–20 daqiqani tashkil etgan.

Natijada, fuqarolarning bir yilda 2,1 mln. soatdan (247 yil) ortiq vaqti tejab qolinishiga erishildi.

Davlat xizmatlari markazlari faoliyatini 3 mingdan ortiq kamera orqali masofaviy monitoring qilish, sifatini baholash va samaradorligini tahlil qilish bo‘yicha “Situatsion markaz” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyat markazlaridagi 43 ta Davlat xizmatlari markazlarida xizmatlarni “oson”, “o‘rta” va “murakkab” toifalarga ajratgan holda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.

Raqamlashtirish va xizmat ko‘rsatish jarayonlarini qisqartirish sohasida

FHDYo sohasida 60 mln.dan ortiq fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari to‘liq raqamlashtirildi va “FHDYo yagona elektron arxivi” axborot tizimida oila tarkibini aniqlash imkoniyati yaratildi.

Bugungi kunda elektron hukumatning keyingi bosqichi sifatida raqamli hukumat ko‘p gapirilmoqda. Buning uchun zarur huquqiy baza, infratuzilma shakllantirilmoqda.

Bunda aholini davlat xizmatlaridan onlayn foydalanishga o‘rgatish va ularning ko‘nikmalarini oshirish muhim. Aholining raqamli savodxonligini oshirmasdan to‘laqonli raqamli trasformatsiya haqida gap  bo‘lish mumkin emas. Shu bois aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining elektron davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish va bunda ularning madaniyatini oshirish maqsadida DXMlarda o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish burchaklari tashkil etildi.

DXMlarda yaratilgan bu kabi qulayliklar davlat xizmatlarini onlayn tarzda olish darajasining ortishiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

Qolaversa, 188 ta mahallalarda 24/7 rejimida ishlaydigan interaktiv kiosklar orqali 64 turdagi davlat xizmatlari bo‘yicha 460 mingdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi.

Davlat xizmatlaridan foydalanish uchun shaxsni identifikatsiyalashning mavjud tizim va vositalariga qo‘shimcha ravishda jismoniy shaxsni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimi joriy etildi;

Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda shaxsni biometrik identifikatsiyalash (Face–ID) usuli joriy qilindi. Bunda, Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilinganda fuqarolar o‘zlari bilan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni olib borishmagan bo‘lsa, ularning shaxsiga yuz qiyofasi orqali aniqlik kiritiladi.

100 dan ortiq davlat xizmatlari “3 qadam” hamda “foydalanuvchi uchun moslashtirilgan” tamoyillari asosida soddalashtirildi; BPR sababli bilan xodimlar soni oshirilmayapti.

Qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish va byurokratiyani qisqartirish sohasida

Byurokratik soha hisoblangan litsenziyalash, ruxsat berish tizimi butunlay isloh qilindi.

Lisenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirishga qaratilgan “Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 avgustda “Lisenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.

Qonun bilan ma’nan eskirgan va tarqoq holdagi amaldagi qonunchilik hujjatlari unifikatsiya qilindi va bu sohadagi mavjud barcha qonun va qonun osti hujjatlari bekor qilindi. Xususan, ushbu sohaga oid 2 ta Qonun, 2 ta Oliy Majlis qarori, 2 ta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori, 100 ga yaqin hukumat qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb topildi.

Lisenziyalar va ruxsat berish hujjatlari 32 foizgacha qisqartirildi. Xususan, 72 ta litsenziyalanadigan faoliyat va 40 ta ruxsatnomalar bekor qilindi hamda tartibga solishning muqobil usuliga o‘tkazildi.

Natijada, qonun bilan 49 ta litsenziyalar, 123 ta ruxsat berish hujjatlari hamda 37 ta xabarnomalarning yakuniy ro‘yxatlari tasdiqlandi.

“Lisenziya” axborot tizimi ishlab chiqilib, litsenziya, ruxsatnoma va xabarnomalarni onlayn tarzda olish imkoniyati yaratildi.

Aholi va tadbirkorlik sub’yektlaridan 120 turdagi ortiqcha ma’lumot va hujjatlarni talab qilish bekor qilindi.

Natijada:

  • davlat organlari o‘rtasida “Raqamli hukumat” tizimi orqali bir yilda o‘rtacha 2,2 mln.dan ortiq hujjatlar (ma’lumotlar) almashilmoqda;
  • aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining 22,7 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘lari hamda 2,2 mln. dona (11 ming kg) qog‘oz tejalishiga erishildi.

Davlat xizmatlari ko‘rsatishda talab etiladigan hujjatlar soni 255 tadan 129 taga (51 foiz) qisqartirildi.

Ijtimoiy himoyagp muhtoj shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda to‘lovlarning 50 foizi miqdorida chegirma joriy qilindi.

2023 yil 1 yanvardan boshlab 5 ta soha bo‘yicha tadbirkorlik sub’yektlarining zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yangi mahsulot va xizmatlarni sinovdan o‘tkazishni nazarda tutuvchi “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi joriy etildi.

2024 yil 1 martdan boshlab 2025 yil 1 yanvarga qadar huquqiy eksperiment tariqasida 2 ta litsenziya va ruxsatnomalarni olish uchun uch oygacha o‘tish va moslashish davrini belgilaydigan “Biznesga litsenziyasiz kirish” maxsus rejimi joriy etildi.

Davlat organlari va tashkilotlarining aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq 27 ta vazifa va funksiyalari xususiy sektorga o‘tkazildi.

Aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga yaratilgan qo‘shimcha imkoniyatlar

Aholini ortiqcha ovora bo‘lishini oldini olish hamda idorama-idora sarson bo‘lib yurishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida xizmatlarni “kompleks tarzda” ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Bu fuqaroning bitta so‘rovi asosida o‘zaro bog‘liq davlat xizmatlarini kompozit shaklda, ya’ni bir paytda taqdim etishdir.

Davlat tashkilotlarining o‘z tashabbusi bilan fuqarolarga muayyan vaziyatda kerakli xizmatdan foydalanishni taklif qilishini nazarda tutuvchi proaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi.

Bugunga kelib, 6 ta davlat xizmatini “proaktiv” (fuqarolarning tegishli murojaatisiz davlat organi va boshqa tashkilot tashabbusi bilan ko‘rsatish) hamda 40 ga yaqin davlat xizmatlarini “kompozit” (ariza beruvchining bir so‘rovi asosida ikki yoki undan ortiq davlat xizmatlarini ko‘rsatish) shakllarida ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi;

“Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” huquqiy aksiyasi o‘tkazilib, 116 mingdan ortiq fuqarolarga tug‘ilish, nikoh, ajrim, o‘lim, kadastr, tadbirkorlik sub’yektiga guvohnoma va boshqa turdagi hujjatlar olishdagi muammolari hal etildi.

Jismoniy shaxsning shaxsiy avtomototransport vositasini boshqa shaxslarga boshqarish huquqini beruvchi ishonchnomani YaIDXP orqali elektron shaklda rasmiylashtirish joriy etildi;

Milliy haydovchilik guvohnomasi, tug‘ilganlik haqida birlamchi va takroriy guvohnomalar, xorijga chiqish biometrik pasportini pochta orqali yetkazib berish joriy etildi.

Tug‘ilishni tibbiyot muassasalari orqali qayd etish yo‘lga qo‘yildi.

Davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini buzganlik holatlari bo‘yicha qo‘llangan choralar

Xususan, 2024 yilning o‘tgan davri mobaynida 577 223 ta qonun buzilishi holati aniqlangan bo‘lib, ular yuzasidan vakolatli idoralarga 848 ta taqdimnoma kiritilib, natijasi bo‘yicha 594 nafar mansabdor shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan (ularning 33 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan) hamda 5 388 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanilgan.

Aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalar.

Bugungi kunda jami 97 ta davlat idoralari va tashkilotlari tomonidan aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga 940 turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda.

Davlat xizmatlari markazlari orqali 403 ta, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 671 ta xizmat va servislar, “Lisenziya” axborot tizimi orqali 135 ta xizmat aholiga ko‘rsatib kelinmoqda.

Vakolatli idoralar va tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlarini aholi va tadbirkorlik sub’yektlari uchun soddalashtirish ishlariga yetarli darajada e’tibor berilmayapti. Buni quyidagi ko‘rsatkichlar orqali yaqqol ko‘rish mumkin.

Masalan, Davlat xizmatlari yagona reyestridagi 940 ta xizmatdan 275 tasi an’anaviy shaklda, 181 tasi vakolatli idoralarning ichki axborot tizimlarida ko‘rsatilmoqda.

Vakolatli idoralar va tashkilotlarning axborot tizimlari foydalanuvchilar uchun qulayliklar yaratish, davlat xizmatlarini soddalashtirish hamda avtomatlashtirish uchun yetarli imkoniyatga ega emas.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va “Lisenziya” axborot tizimlari aholi va tadbirkorlar uchun barcha qulayliklarga ega bo‘lsada, vakolatli vazirlik va idoralar o‘zlarining davlat xizmatlarini mazkur platformalarda ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish ishlariga sustkashlikka yo‘l qo‘ymoqda.

Bunga sabab sifatida turli idoraviy manfaatlar, qonunchilikda belgilangan nazorat mexanizmlari va javobgarlikdan qochish kabi omillarni keltirish mumkin.

Xuddi shuningdek, davlat xizmatlarining an’anaviy shaklda hamda turli axborot tizimlarida ko‘rsatilishi oqibatida 400 dan ortiq davlat xizmatlarining tartib-taomillari soddalashtirish imkoniyatini bermayapti.

Masalan, bino-inshootlarga sanitariya-gigiyena normalariga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosa maktabdan tashqari ta’lim faoliyati va oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim kabi faoliyatlarini yo‘lga qo‘yishda talab qilinadi.

Mazkur xizmatni ko‘rsatishning tartibi, muddati, murojaat qilishning nuqtasi, to‘lov undirish yoki undirilmasligi, rad etish asoslari mavjud emas.

Shunga ko‘ra, aholi va tadbirkorlik sub’yektlari mazkur xulosani olish uchun idorama-idora sarson bo‘lmoqda.

Shuningdek, ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini to‘liq “3 qadam” tamoyili asosida soddalashtirish ishlarini amalga oshirish zarurati mavjud.

Birgina, doimiy va vaqtinchalik yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yish xizmatini ko‘rsatishda 8 ta bosqichda 30 dan ortiq to‘ldiriladigan ma’lumot maydonchalari mavjud.

Bu kabi holatlarni bolalarni davlat umumta’lim maktablarining 1- sinfiga qabul qilish (4 bosqich 20 dan ortiq maydoncha) va harbiy hisobga qo‘yish (2 bosqich 11 dan ortiq maydoncha) xizmatlarida ham ko‘rish mumkin.

Yuqoridagi holatlar aholining davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish imkoniyatlarini cheklashga olib kelmoqda.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatishi sohasini xalqimizga yanada yaqin qilish, soddalashtirilgan davlat xizmatlarini taqdim etishni keng yo‘lga qo‘yishda quyidagi muammolar mavjud:

– davlat xizmatlarini ko‘rsatishda foydalaniladigan ma’lumotlarning katta qismi raqamlashtirilmagan va tegishli ma’lumotlarni avtomatik o‘zgartirish imkoniyati mavjud emas.

– davlat organlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan ortiqcha hujjat va ma’lumotlar talab qilish holatlari kuzatilmoqda. Bunga sabab sifatida davlat organlari va tashkilotlarida axborot tizimlarining talab darajasida yoki mavjud emasligi yoki Elektron hukumat tizimidan foydalanish bo‘yicha xodimlar ko‘nikmasining yetarli emasligi kabilarni keltirish mumkin;

– fuqaroning shaxsi va faoliyatiga oid barcha hujjatlar qog‘oz ko‘rinishida yuritilib, har bir davlat organi va tashkilotiga kelib davlat xizmatidan foydalanish uchun hujjatlarni o‘zi bilan olib yurishi talab etiladi;

– davlat organlari va tashkilotlarida hujjatlar va ma’lumotlarning to‘liq raqamlashtirilmaganligi xizmatlarni avtomatlashtirish ishlarini yakunlashga salbiy ta’sir qilmoqda;

– vakolatli organlarning davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq vazifa va funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazish jarayonlari sust kechmoqda;

– aksariyat davlat xizmatlarini ko‘rsatishda eskirgan, byurokratik to‘siqlar saqlanib qolayotganligi fuqarolarga noqulayliklar keltirib chiqarmoqda;

– davlat tomonidan beriladigan subsidiyalarning aksariyatidan elektron foydalanish imkoniyati mavjud emasligi, mazkur tartib-taomillar turli qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinganligi aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining ovoragarchiliklariga va byurokratik to‘siqlarga sabab bo‘lmoqda.

Shunga ko‘ra, hozirda aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga subsidiyalar berish tartib-taomillarini tizimlashtirish, mazkur jarayonlarni raqamlashtirish zarurati mavjud.

Davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini yanada yaxshilash, byurokratik to‘siqlarni tubdan yo‘qotish bo‘yicha kelgusidagi rejalar

Aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini soddalashtirish yo‘nalishida:

– Davlat xizmatlari yagona reyestrida mavjud an’anaviy tarzda hamda turli axborot tizimlarida ko‘rsatilayotgan 450 dan ortiq davlat xizmatlari bosqichma-bosqich to‘liq raqamlashtiriladi, bunda “yagona darcha” tamoyili asosida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan xizmatlari soni doimiy ravishda oshirib boriladi.

– Hozirga qadar tartib-taomillari mavjud bo‘lmagan 94 ta davlat xizmatlarini ko‘rsatish ma’muriy reglamentlari ishlab chiqiladi;

– 200 ta davlat xizmati (BPR) usullaridan foydalangan holda davlat xizmatlari soddalashtiriladi, shundan 77 ta davlat xizmati “3 qadam” tamoyili asosida qayta ko‘rib chiqiladi;

– 11 turdagi davlat xizmatlari proaktiv, 20 ta davlat xizmatini kompozit shaklda ko‘rsatish joriy etiladi;

– 23 turdagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish muddatlari qisqartiriladi;

– aholidan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan 9 turdagi hujjatni talab qilish bekor qilinadi;

– vakolatli organlarning davlat xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini (raqamlashtirish, elektron shaklga o‘tkazish va b.) baholash tartibi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda, vakolatli organlarning reytingi yuritiladi va reyting natijalari mas’ul xodimlarning eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlariga (KPI) kiritiladi;

– tadbirkorlik sub’yektlari uchun ortiqcha ma’muriy yuk bo‘layotgan kam ahamiyatli yoki o‘z ahamiyatini yo‘qotgan litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillari bekor qilinadi;

– aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga davlat tomonidan subsidiyalar berish jarayonlari soddalashtiriladi, bunda:

  • subsidiyalarni taqdim etish tartib-taomillari yagona nizom va pasportlar vositasida tartibga solinadi;
  • subsidiyalarni berish jarayonlari to‘liq raqamlashtiriladi
  • va subsdiyalar ajratish tartiboti avtomatlashtiriladi (kerakli hujjatlar va ma’lumotlarni vakolatli idoralardan elektron olish);
  • barcha turdagi subsidiyalardan foydalanish bo‘yicha arizalarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va Davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilishni yo‘lga qo‘yish bo‘ycha choralar ko‘riladi.

– davlat xizmatlarini ko‘rsatish muddatlari vakolatli organlarning ish hajmi hamda shtatlar soni, mavjud imkoniyatlariga muvofiqlashtiriladi;

– “Lisenziya” axborot tizimi orqali vakolatli organlarning xatti-harakatlari ustidan shikoyat qilish imkoniyatini yaratish;

– vakolatli organlarning davlat xizmatlarini ko‘rsatishda mas’uliyatini oshirishda qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan mas’ullarni avtomatik tarzda ma’muriy javobgarlikka tortish yo‘lga qo‘yiladi. Bunda, birinchi navbatda, mazkur amaliyot “Lisenziya” axborot tizimida tajriba tariqasida yo‘lga qo‘yiladi;

Sohaga zamonaviy axborot texnologiyalari va innovatsiyalarni joriy etish yo‘nalishidagi rejalar:

– Aholining yagona elektron reyestri joriy etiladi;

– FHDYo organlari, tibbiyot muassasalari va sudlar o‘rtasida hujjat almashinuvini to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi;

– davlat arxivlarida saqlanayotgan davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun zarur bo‘ladigan qimmatli hujjatlar va ma’lumotnomalar, shu jumladan jismoniy va yuridik shaxslarga yer va binolar ajratish, fuqarolarning ish haqi va staji, ta’lim muassasalarini tugatganlik haqidagi hujjatlari raqamlashtiriladi;

– arxiv hujjatlarining matnini tanib olish va ma’lumotlarni axborot tizimiga kiritish jarayonlarini avtomatlashtirish imkonini beruvchi sun’iy intellektga asoslangan yechimlar ishlab chiqiladi;

– Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, “Lisenziya” axborot tizimi, Tadbirkorlik sub’yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimi hamda “Yagona darcha” bojxona axborot tizimida axborot va maslahat xizmatlarini sun’iy intellekt yordamida ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish choralari ko‘riladi;

“Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili amaliyotga tatbiq etiladi. Bunda, Yakka tartibdagi tadbirkorni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bir vaqtda quyidagi xizmatlardan kompozit shaklda foydalanish yo‘lga qo‘yiladi:

  • kommunal tarmoqlarga (gaz, elektr, issiqlik va suv ta’minoti tarmoqlariga) ulash;
  • ayrim faoliyat turlari uchun xabarnoma yoki litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olish uchun ariza yuborish;
  • ijara shartnomasini soliq organida ro‘yxatdan o‘tkazish.

– ko‘chmas mulk obektlarining mulkdori o‘zgarganda kommunal sohadagi (elektr, gaz, suv, chiqindi, issiq suv) ko‘chmas mulkning hisobraqam ma’lumotlarini avtomatik ravishda yangi mulkdor nomiga rasmiylashtirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;

– jismoniy va yuridik shaxsning birlamchi ma’lumotlari (F.I.Sh, tug‘ilgan vaqti, nomi va b.) o‘zgarganda axborot tizimlaridagi ko‘chmas, kadastr, litsenziya va ruxsat berish, xabarnomalar, ta’lim ma’lumotlariga avtomatik ravishda o‘zgartirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;

– Qabristonlar faoliyatini takomillashtirish maqsadida “Dafn etishlarni ro‘yxatga olish yagona elektron daftari” axborot tizimi va uning mobil ilovasi ishlab chiqiladi, dafn etish uchun taqdim etilgan guvohnoma (yoki QR-kodli ma’lumotnoma)ni haqiqiyligini “FHDYoning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali tekshirib olish imkoniyati yaratiladi;

– jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ishonchnomalarni rasmiylashtirish bo‘yicha Vakolat.uz platformasi yaratiladi.

Mavzuga oid