“O‘zbekiston–2030” strategiyasi loyihasida aholiga qulay va tezkor davlat xizmatlarini tashkil etish, jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish va ortiqcha hujjatbozlikni qisqartirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar belgilangan.
Loyihada keltirilishicha, 370-band doirasida O‘zbekistonning BMTning Elektron hukumatni rivojlantirish reytingida “Top-30” talikka kirishiga erishish maqsad qilingan. Shuningdek, 371-bandga muvofiq, elektron shaklda ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ulushini 90 foizdan oshirish rejalashtirilmoqda.
Fuqarolar murojaatlari va nazorat mexanizmlarini kuchaytirish maqsadida 372-bandda “Xalq nazorati” portali har bir hududda 100 foiz joriy etilishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, 373-band bo‘yicha faqat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar ulushini 50 foizgacha yetkazish vazifasi qo‘yilgan.
Davlat xizmatlarini yangi formatda taqdim etishga oid maqsadlar ham belgilangan. Jumladan, 374-bandda kompozit va proaktiv tarzda ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sonini kamida 400 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Raqamlashtirish yo‘nalishida 375-bandga ko‘ra, mavjud 40 million hujjatdan 25 millionini raqamlashtirish vazifasi belgilangan. Shu bilan birga, 376-band doirasida “Raqamli hukumat” tizimining yagona platformasiga ulangan servislar sonini 700 taga yetkazish, hujjatlar va munosabatlarning raqamli shaklda bo‘lishini ta’minlash nazarda tutilmoqda.
Xizmatlar sifati va tezkorligini oshirish maqsadida 377-bandda 100 tadan ortiq davlat xizmatini ko‘rsatish muddatlarini 50 foizga qisqartirish ko‘zda tutilgan. Bunga qo‘shimcha ravishda, 378-bandda 500 taga yaqin davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartib-taomillarini soddalashtirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, 379-bandga muvofiq davlat xizmatlarining 40 foizini xususiy sektorga o‘tkazish maqsad qilingan. Arxiv sohasidagi xizmatlarni kengaytirish bo‘yicha esa 380-bandda arxiv sohasida davlat xizmatlari sonini 14 taga yetkazish vazifasi belgilangan.











