Jahon | 17:30 / 22.12.2024
13452
11 daqiqa o‘qiladi

Qamoqqa olingan soliq raisi, Dubayda mulkdor prezident nevarasi, terrorchi nomidan qutulayotgan «Tolibon» – mintaqa hafta ichida

Yakuniga yetayotgan haftada Qirg‘iziston prezidenti bosh vazirni ishdan chetlatdi, Rossiyada duma «Tolibon»ni taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqaruvchi qonunni ma’qulladi. Tojikiston prezidentining 9 yoshli nevarasi Dubayda kvartiraga egalik qilayotgani ma’lum bo‘ldi. Ostona va Dushanbe 20 yillik energetika shartnomasini imzolamoqchi, hujjat tayyor.

Kun.uz Markaziy Osiyo va Afg‘oniston haqida xabarlar jamlangan haftalik dasturni taqdim etadi.

Oqilbek Japarov soliq raisi ishi ortidan lavozimidan ketdi

Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi va prezident administratsiyasi rahbari Oqilbek Japarov hafta boshida lavozimidan ozod etildi. Bu haqidagi tegishli farmonni prezident imzolagan. Dastavval, Odilbek Qosimaliyev Oqilbek Japarovning vazifalarini vaqtincha bajaradigan bo‘ldi. 18 dekabr kuni esa u Japarovning o‘rnini egallovchi farmonni prezident imzoladi. Ishdan olingan amaldor 2021 yil 13 oktyabrdan beri Vazirlar Mahkamasi va prezident ma’muriyatiga rahbarlik qilib kelayotgandi.

Oqilbek Japarov avval o‘z arizasiga binoan ishdan olingani aytildi. Lekin bu Qirg‘iziston soliq qo‘mitasi raisi va uning o‘rinbosari hibsga olingani fonida ro‘y berdi. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari – Qamchibek Tashiyev bu haqida fikr bildirib, Oqilbek Japarov shunchaki ishdan olinmaganini urg‘uladi. Matbuot anjumanida qatnashgan Tashiyev sobiq bosh vazirni tajribali inson deya ta’rif berarkan, prezident qarorlarini muhokama qilmasligini ham ta’kidladi. Jurnalistlar esa undan ishdan olingan amaldorning davlat soliq xizmatidagi korrupsiyaga aloqasi bor-yo‘qligini so‘radi. Shunda Tashiyev biror nimaga aloqasi bo‘lganini, shunchaki ketmasligini qo‘shimcha qildi.

Shu yilning 6 dekabr kuni xavfsizlik qo‘mitasi xodimlari davlat soliq qo‘mitasi raisi Oltinbek Abduvapov hamda uning o‘rinbosari Islombek Qidirg‘ichevni hibsga olgandi. Ular korrupsiya sxemalariga aloqadorlikda va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilishda gumonlanmoqda. Sadir Japarovga ko‘ra, aynan soliqchilar ishi bo‘yicha manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish maqsadida prezident bosh vazirni ishdan olgan. Lekin Oqilbek Japarovni administratsiya va Vazirlar Mahkamasi a’zolari qarsaklar bilan kuzatib qo‘ygan.

Militsiya xodimlarini suratga olishni taqiqlovchi qonun qabul qilinmadi

Qirg‘izistonda militsiya xodimlarini suratga olishni taqiqlovchi qonun loyihasi qabul qilinmadi. Deputatlar bunday repressiv qonunga hojat yo‘q, degan xulosaga keldi va uni rad etdi. Parlament yig‘ilishida ko‘rilgan loyihada davlat organlari mansabdor shaxslari, shuningdek, boshqa shaxslarning o‘z kasbiy vazifalarini bajarish chog‘ida suratga olish va videoga olish taqiqlanishini nazarda tutardi. Bundan tashqari, obro‘sizlantiruvchi fotosurat va videolarni internetga joylaganlik uchun 5 ming qirg‘iz so‘mi miqdorida jarima yoki 7 sutkagacha qamoq jazosi taklif qilingandi. Fuqarolar o‘zini himoya qilish uchun ham videoga olish huquqiga ega. Xalqqa jarima va qamoq bilan tahdid qilish kerak emas, dedi deputat Baxtiyor Kalpayev muhokamada. Nega huquqiy ma’lumotga ega huquq-tartibot idoralari xodimlari amaldagi qonunlar doirasida o‘z huquqini himoya qila olmaydi va o‘zini bunday repressiv qonun bilan himoya qilishni so‘raydi, degan savolni o‘rtaga tashladi deputat.

Tojikiston va Qozog‘iston 20 yillik shartnoma imzolamoqchi

Qozog‘iston va Tojikiston 20 yillik energetika shartnomasini imzolamoqchi. Ikki davlat rahbariyati Rog‘un GESdan elektr energiyasi xaridiga oid 20 yillik kelishuvni tayyorlamoqda. Qozog‘iston hukumati ushbu hujjat loyihasini ma’qullagan. Shartnoma energetika xavfsizligini ta’minlash, ekologik toza texnologiyalarga o‘tish va uglerod chiqindilarini kamaytirishga qaratilgan. Elektr energiyasi Qozog‘istonning «Shimol-Janub» energetika tizimidagi tanqislik soatlarida yetkazib beriladi. Shartnoma 2025 yilda imzolanishi rejalashtirilgan bo‘lib, 20 yil amal qiladi va yana 10 yilga uzaytirilishi ham mumkin. Bir kilovatt soat elektr energiya narxi 0,034 sent etib belgilangan. Har oylik to‘lovlar 35 kun ichida amalga oshiriladi. Shartnoma Singapur qonunchiligi asosida boshqariladi.

Tojikiston aholisi ko‘p axlat uloqtirmoqda

Tojikistonning har bir fuqarosi har kuni ko‘chaga 100 grammdan plastmassa chiqindilarini uloqtirishi ma’lum bo‘ldi. Agarda bu uloqtirilgan chiqindilar axlat vagonlariga ortilsa, naqd 67 kilometrlik poyezd bo‘ladi, deb yozadi mahalliy nashr Asia-Plus Tajikiston.

Ma’lum bo‘lishicha, bu davlatda har yili 9 million tonnadan ortiq qattiq maishiy chiqindi hosil bo‘ladi, shundan 321 ming 890 tonnasi plastik chiqindilar. Tojikistonning yirik shaharlarida yashovchi har bir kishi esa har kuni ko‘chaga 1 kgdan ortiq qattiq maishiy chiqindi, shu jumladan 100 grammdan ortiq plastmassani uloqtiradi. Hukumat huzuridagi Atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi xodimi Naim Ne’matzoda shu yilning 29 noyabr kuni plastik chiqindilar muammolariga bag‘ishlangan anjumanda qatnashib, Tojikistonda qattiq maishiy chiqindilar qanday hosil bo‘lishi haqida batafsil ma’lumot bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, chiqindi hosil bo‘lish ko‘rsatkichlaridagi tafovutlar tufayli shahar va viloyatlar uch guruhga bo‘lingan. Shunda asosiy chiqindilar 10 ta yirik shahar va tumanlardan chiqadi. Ularning ichida Dushanbe, Istaravshan, Panjikent, Xo‘jand, Hisor, Tursunzoda, Rudakiy shaharlari bor.

Rahmonning mulkdor nevarasi

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning nevarasi 9 yoshida Dubaydan hashamatli kvartira sotib oldi. Bu haqida Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiya haqida hisobot loyihasi tashkiloti ma’lum qildi. Tuzilma Dubaydagi yuz minglab mulk egalari haqidagi ma’lumotlarni o‘rganib chiqarkan, Rahmonning nevarasi ko‘chmas mulk olgani haqida ochiq ma’lumotni topib olgan. 210 kvadrat metrlik kvartira mashhur Palm Jumeirah hududida joylashgan. Mulk qiymati aniq emas, lekin jurnalistlar hisob-kitobiga ko‘ra, kvartira kamida 1,3 million dollardan oshadi. Qizig‘i shuki, bu uy hozir ijaraga berilgan, yiliga 55 ming dollar foyda olib kelmoqda. Prezidentning qizi Parvina Rahmonning turmush o‘rtog‘i Moskvadagi elchixonada ishlaydi. Bundan tashqari, Rahmonning qiziga tegishli yirik farmatsevtika kompaniyasi ham topilgan. Parvina Rahmonning qaynotasi – Ashrafjon Gulovning otasi esa 2006-2013 yillarda Tojikiston energetika va sanoat vaziri bo‘lgan. BAA qonunchiligiga muvofiq 7 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar vasiyning ruxsati bilan mulkka ega bo‘lishi mumkin. Kvratirani sotib olayotganda Errajonga kim vasiy bo‘lgani esa hujjatda ko‘rsatilmagan. Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiya haqida hisobot loyihasi tashkilotining ma’lum qilishicha, mulkni topshirish haqidagi hujjatlarda Tojikiston tashqi ishlar vazirligi xodimi – Suhrob Mirzoaliyevning elektron pochtasi ko‘rsatilgan.

Turkmaniston prezidenti Malayziyaga bordi

O‘tgan hafta davlatning neytralitet kunini yuqori kayfiyatda nishonlagan Turkmaniston prezidenti 18 dekabr kuni safar bilan Malayziyaga bordi. Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlari bilan konstruktiv munosabatlarni rivojlantirish masalasi Turkmanistonning betaraflik, tinchliksevarlik tamoyillariga mos keladi, deb yozadi davlat nashri. Ma’lum bo‘lishicha, Turkmaniston Malayziya bilan savdo-iqtisodiy va madaniy yaqinligini kuchaytirmoqchi. Bugungacha ikki marta Turkmaniston prezidenti Malayziyaga borgandi, ya’ni Gurbanguli Berdimuhammedov prezidentligida 2011 va 2016 yillarda Malayziyaga safar qilgan. Hozirgi prezident esa lavozimini egallaganidan beri birinchi marta bu davlatga bordi.

Chegarada tekshiruv kuchaygani aytilmoqda

O‘zbekiston va Turkmaniston chegarasida yo‘lovchi bagajlarini tekshirish birdan kuchaytirilgan. Turkmennews nashrining yozishicha, o‘zbek chegarachilari turkmanlarning yuklarini obdon tekshirmoqda, sotish uchun olib o‘tilayotgan buyumlar uchun esa bojlar undirish ham boshlangan. O‘zbekiston Turkmanistonga yangi elchi yubordi, 13 dekabr kuni Ravshanbek Alimov ishonch yorliqlarini prezidentga topshirdi. O‘shanda elchi va prezident yaxshi qo‘shnichilik haqida gaplashdi, lekin oddiy turkmanlarga munosabatning bu ko‘rinishi tushunarsiz, deb yozadi Turkmennews.

Buxoro viloyatining Olot tumani Turkmaniston bilan chegaradosh. Turkmanlar Olotdagi bozorga serqatnov. Asosan Lebap viloyati aholisi o‘zidagi tovarlarni Olotga olib borib sotib, tirikchilik qiladi. Odamlar O‘zbekistonga tozalash vositalari, kosmetika, turkman matolari va ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini ham olib kelishadi. Qaytayotganda esa Turkmanistonda qimmat-u, Buxoroda arzon tovarlarni olib qaytishadi. Masalan, sigaretlar savdosi faol. Chegara 1-1,5 dollar turgan sigaretlar Turkmanistonda 3 dollar. Lekin tushgan foyda yo‘lkira va viza xarajatlaridan zo‘rg‘a ortadi, deya qo‘shimcha qiladi Turkmennews. Avvallari O‘zbekistonga tovar olib kirishda cheklovlar bor edi, lekin ma’lum kilogrammdan oshib ketsa, indashmasdi. Endi esa Olotni mahsulotlaringizdan to‘ldirdingiz, boshqa olib kelmang deyishyapti, degan turkmanlar nashr bilan suhbatda.

Davlat dumasi «Tolibon»ni taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqaruvchi hujjatni qabul qildi

Davlat Dumasi ikkinchi va uchinchi yakuniy o‘qishda «Tolibon»ni Rossiyada taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarish qonunini qabul qildi. 

Tasdiqlangan hujjatga muvofiq, terroristik tashkilotlarning federal ro‘yxatiga o‘zgartirishlar sudning tegishli qarori kuchga kirgandan so‘ng amalga oshadi.

Qonun bilan, shuningdek, Rossiya Federatsiyasining Ma’muriy protsessual kodeksiga o‘zgartirish kiritiladi. Ushbu loyihani besh deputat va yetti senator ishlab chiqqan. Davlat Dumasining xavfsizlik bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ernest Valeyevning tushuntirishicha, «Tolibon» terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatidan chiqarilgandan so‘ng agar rossiyaliklar xohlasa, harakatga qo‘shilishi mumkin.

Qonun loyihasi ma’qullanganini qator afg‘on nashrlari ham xabar berdi. Islom Amirligi Rossiyaning aloqalarni normallashtirish tomon bu harakatini olqishlaydi, deya xabar berdi Tolo news. «Tolibon» matbuot kotibi o‘rinbosari Hamdulloh Fitrat bu olqishni yetkazgan. U shuningdek, boshqa davlatlarni ham Rossiya kabi «Tolibon»ni terrorchilar ro‘yxatidan chiqarishga chaqirgan. Siyosiy tahlilchilar fikricha, Rossiya mintaqada muhim siyosiy va harbiy mavqega ega. Rossiyaning «Tolibon»ni taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarishi ortidan Moskva ta’siri yuqori davlatlar ham shunday qiladi, xususan, Markaziy Osiyo davlatlari.

Shohrux Majidzoda tayyorladi.

Mavzuga oid