Komil Allamjonovga suiqasd ishi tergovi doirasida ikki rossiyalik qidiruvga berilgani tasdiqlandi
Bosh prokuratura axborotiga ko‘ra, Bislan Rasayev va Shamil Temirxanov qonunga xilof ravishda O‘zbekistonga kirish va chiqish, jinoyat haqida xabar bermaslik va o‘qotar qurolning qonunga xilof muomalasi moddalari bilan ayblov e’lon qilinib, qidiruvga berilgan.
Komil Allamjonovga suiqasd bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida ikki nafar Rossiya fuqarosi – Bislan Rasayev va Shamil Temirxanov qidiruvga berilgan, deya ma’lum qildi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi.
Qayd etilishicha, ular qonunga xilof ravishda O‘zbekistonga kirish va chiqish, jinoyat haqida xabar bermaslik hamda o‘qotar qurolning qonunga xilof muomalasi kabi jinoiy harakatlarni sodir etgani aniqlangan.
“B.Rasayev va Sh.Temirxanovlar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan sirtdan ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan holda qidiruv e’lon qilingan”, – deyiladi xabarda.
Chechenistonlik ekani aytilayotgan bu ikki shaxs O‘zbekiston tomonidan xalqaro qidiruvga berilgani haqida Kun.uz Interpol saytidagi ma’lumotga tayanib o‘tgan hafta xabar bergan edi.
Xorij matbuotiga ko‘ra, Rasayev va Temirxanovga O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi sobiq mulozimi Komil Allamjonov hamda Istiqbolli loyihalar agentligi direktori Dmitriy Li hayotiga suiqasd qilish buyurtmasi berilgan, bu ikki qotillik uchun buyurtmachi tomonidan ularga 1,5 mln dollar mukofot va’da qilingan.
Komil Allamjonovga suiqasd
2024 yil 30 sentabrgacha O‘zbekiston prezidenti administratsiyasida Axborot siyosati departamentini boshqarib kelgan Komil Allamjonov 26 oktyabr kuni Qibraydagi o‘z uyi yaqinida hujumga uchradi: u o‘tirgan mashinaga bir necha bor o‘q uzilgan. Hodisada Allamjonovning o‘ziga shikast yetmagan.
Bosh prokuratura bundan avval 25 noyabr kuni bergan bayonotida jinoyatga aloqadorlikda gumonlanib 7 kishi ushlanganini ma’lum qilgan, ulardan faqat bir nafarining shaxsini ochiqlagan edi: bu – Janubiy Koreyadan ekstraditsiya qilingan Javlon Yunusov. Bayonotda yana bir gumondor Qozog‘istonda qo‘lga olingani ma’lum qilingandi.
Noyabr oyida Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi tizimida bir qator yuqori lavozimli amaldorlar ishdan olindi. Manbalarga ko‘ra, bu iste’folar Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd ishi doirasida o‘tkazilayotgan tekshiruvlar bilan bog‘liq.
Mavzuga oid
19:09
O‘zbekistonlik amaldorlarga suiqasd: «chechen izi» va Qodirov tahdidi
14:23
«Ramzan Qodirov O‘zbekiston xalqidan uzr so‘rashi kerak» – Odiljon Tojiyev
07:56
Kusherbayev har bir chechenistonlikni O‘zbekistonga kirishda qat’iy tekshirishni taklif qildi
16:28 / 20.12.2024