Jahon | 14:54 / 30.12.2024
951
4 daqiqa o‘qiladi

Xorvatiyada prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tadi

Xorvatiya prezidenti Zoran Milanovichga saylovning birinchi bosqichida qayta saylanish uchun bir foizga yaqin ovoz yetishmadi.

Foto: Stipe Majic/Anadolu via Getty Images

Xorvatiya prezidenti Zoran Milanovich raqiblaridan sezilarli ustunlikka ega bo‘lishiga qaramay, mamlakatdagi saylovlarning birinchi bosqichida g‘alaba qozona olmadi. Xorvatiya davlat saylov komissiyasi 30 dekabr, dushanbaga o‘tar kechasi e’lon qilgan natijalarga ko‘ra, Milanovich 49,09 foiz ovoz oldi.

Xorvatiyada prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonish uchun zarur bo‘lgan minimal miqdor 50 foizdan ortiq ovozdir. Mamlakatda prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tadi, u 12 yanvarga belgilangan.

Milanovichning eng yaqin raqibi Dragan Primorakni saylovchilarning 19,35 foizi qo‘llab-quvvatladi. Primorak saylovning ikkinchi bosqichida amaldagi prezidentning raqibiga aylanadi. Xorvatiyadagi prezidentlik saylovlarida boshqa nomzodlar – jami sakkiz kishi qatnashdi – 10 foizdan ko‘p ovoz to‘play olmagan.

Saylov natijalari tahlilchilar uchun ajablanarli bo‘lmadi – ular avvalroq ham Milanovichning yetakchiligini, ham prezident 29 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovda to‘laqonli g‘alaba qozona olmasligini bashorat qilgan edi.

Konservativ pediatrga qarshi populistik ritorikaga ega prezident

Xorvatiyaning amaldagi prezidenti Zoran Milanovich 2020 yildan buyon o‘z lavozimini egallab keladi va 2016 yilgacha Xorvatiya Sotsial-demokratik partiyasini boshqargan. Siyosatchi mamlakatdagi murosasizlikning namoyon bo‘lishini, xususan, Ikkinchi jahon urushi paytida Xorvatiyaga rahbarlik qilgan va fashistlar Germaniyasini qo‘llab-quvvatlagan Ustasha harakatining ramzlari va shiorlarini bir necha bor tanqid qilgan. Shu bilan birga, Milanovich o‘ng siyosiy qarashlarga ega saylovchilarga murojaat qilib, populistik ritorikaga qayta-qayta qaytgan, deya qayd etadi dpa agentligi.

Milanovich Kiyevni tanqid qilgani bilan ham tanilgan, bu ham Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanishidan oldin aytilgan edi. Shunday qilib, 2022 yil yanvar oyida u mamlakatni «dunyodagi eng korrupsiyalashgan» deb atadi va keyinchalik Rossiya hujumiga aylangan kuchaygan eskalatsiyaga «Rossiya koridorida sodir bo‘layotgan voqea», deb ta’rif berdi. Milanovich Yevropa Ittifoqi tomonidan Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatilishi va Moskvaga qarshi sanksiyalar joriy etilishini tanqid qildi.

Dragan Primorats — pediatr, sud eksperti, tibbiy genetika bo‘yicha mutaxassis va Xorvatiyaning sobiq fan, ta’lim va sport vaziri. U 2003-2009 yillarda vazir bo‘lib ishlagan va shu vaqt mobaynida ta’limning qulayligini oshirishga qaratilgan qator qarorlar qabul qilgan, bu aholi tomonidan ijobiy qabul qilingan.

Primorats o‘z siyosiy faoliyatini hech qanday partiyaga a’zo bo‘lmasdan boshladi, lekin tez orada o‘ng markazchi Xorvatiya demokratik ittifoqiga qo‘shildi. Bunga, ehtimol, partiyani ilgari bosh vazir Ivo Sanader boshqarganligi, Primorats uning davrida vazir bo‘lganligi ta’sir qilgan. 2009 yilda Primorats Sanaderdan keyin iste’foga chiqdi — ikkala siyosatchining qarori jamoatchilik uchun kutilmagan bo‘ldi. Biroq oradan bir necha yil o‘tib Sanader korrupsiyada ayblanib, 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.

Primorats keyinroq Xorvatiya demokratik ittifoqini tark etdi va so‘nggi prezidentlik saylovlarida mustaqil nomzod sifatida qatnashdi. Biroq Konservatorlar partiyasi uning saylovoldi kampaniyasini qo‘llab-quvvatladi, bu kampaniya davomida Primorats bilvosita Milanovichning populizmini tanqid qildi.

Mavzuga oid