O‘zbekiston | 20:06 / 31.12.2024
2256
7 daqiqa o‘qiladi

«Deklaratsiya ichki qonunlarimizni to‘g‘rilashga qaratilgan» – siyosatshunos xalqaro normalar davlat ichida ishlashi haqida

O‘zbekiston qonunchiligi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini ratifikatsiya qilishda uning normalarini o‘ziga shimib olgan. Bu esa uning ijrosini tabiiy ravishda ta’minlaydi, deydi siyosatshunos Hamid Sodiq. Natijada xalqaro tashkilotlar «bu Konstitutsiyangizda yozib qo‘yilgan-ku», deya bizning asosiy hujjatimizga urg‘u beradi.

Kun.uz avvalroq Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining dunyoda huquqiy tizimda ishlashi, uning tarixiy va bugungi kundagi ahamiyati haqida siyosatshunoslar bilan suhbat tashkil qilgan edi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va unga qo‘shimcha paktlarga rioya qilinishi ustida nazorat qiladigan yoki ta’sir choralari ko‘radigan tashkilotlar bormi? Bunga xalqaro maydonda qanchalik e’tibor beriladi?

Hamid Sodiq, siyosatshunos:

Men hozir ko‘rsatuvga tayyorgarlik ko‘rishda deklaratsiyaning 30 ta moddasini qaytadan ko‘rib chiqdim. Bularning bari O‘zbekiston Konstitutsiyasida bor. Ayrim moddalar shundoqligicha olingan: yashash huquqi har bir insonning o‘zgarmas huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyat. Yoki bo‘lmasa, aybsizlik prezumpsiyasi, shaxsning aybi sudda isbotlanmaguncha u aybdor deb topilishi mumkin emas. Bular hammasi inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida olingan.

Yoki bo‘lmasa, nikohning erkinligi, farzandlar ajratilmasligi, mulk huquqining himoyasi kabilarda. O‘zbekiston qonunchiligi bu hujjatni ratifikatsiya qilishda barcha normalarini o‘ziga shimib olgan. Milliy hujjatlarimizga uni implementatsiya qildik va aynan shu uning ijrosini tabiiy ravishda ta’minlaydi. Ya’ni siz yashash huquqi har bir insonning o‘zgarmas huquqi deyayotgan ekansiz, o‘zingizning qonunchiligingizdan ma’lum bir muddatda o‘lim jazosini chiqarib tashlashingizga to‘g‘ri keladi. Va xuddi shunday ham bo‘ldi, 2005 yildan O‘zbekistonda o‘lim jazosini qo‘llash uchun moratoriy e’lon qilindi, 2008 yilda esa o‘lim jazosini qonunchilikdan butunlay chiqarib tashladik.

Shimoliy Koreyaning nomida ham demokratik degan so‘z bor, konstitutsiyasida esa inson huquqlariga doir normasi bor. Lekin ularni ijro qilish masalasida, albatta, muammolar bor. Ya’ni biz xalqaro normalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilamiz va xalqaro tashkilotlar bizning Konstitutsiyamizga urg‘u beradi, o‘rtoq, buni Konstitutsiyangda yozib qo‘yibsan-ku, deb. Shu bilan birga, har bir davlatda Birlashgan Millatlar Tashkilotining hujjatlariga amal qilish bo‘yicha yillik hisobot beradigan alohida tashkilotlar mavjud. Bizda bu inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz bor.

Kamoliddin Rabbimov, siyosatshunos:

Umuman olganda, BMT doirasida har bir davlatdagi vaziyatni muttasil kuzatib boruvchi ko‘plab maxsus komissiyalar va maxsus ma’ruzachilar mavjud. Masalan, har yili O‘zbekistonga din va vijdon erkinligi bo‘yicha doklad chiqariladi. Butun dunyo bo‘yicha va BMT doirasida inson huquqlarini muttasil kuzatib boruvchi o‘nlab, balki yuzlab strukturalar mavjud. Ularning darajalari har xil.

Bundan tashqari ko‘plab xalqaro tashkilotlar. Ular AQSh hukumati bilan ko‘pincha muammo ichida bo‘ladi. Ya’ni AQSh manfaatlariga ko‘ra, inson huquqlarini yumshatib ko‘rsatishi mumkin. Masalan, Saudiya Arabistoni yoki Birlashgan Arab Amirligini misol qilib olsak. Amerika u davlatlar bilan munosabatni buzishni xohlamaydi. Shuning uchun inson huquqlari borasida juda diplomatik ravishda munosabat bildirishga harakat qiladi. Lekin xalqaro tashkilotlar milliy manfaatlarga bog‘liq emas, ular hukumat emas. Ular vaziyatni boricha tasvirlaydi va hukumatdan talab qiladi: «o‘zingizning milliy va geosiyosiy manfaatlaringizdan kelib chiqib, noxolis yoki vaziyatni yashirishga harakat qilyapsiz», deb baho beradi. Bundan tashqari siyosiy muxolifat ham doim vaziyatni kuzatib boradi. Shuning uchun hozirgi paytda dunyoda inson huquqlarini bir shaxs yoki siyosiy kuch to‘liq nazorat qila olmaydi. Global dunyoda inson huquqlari qo‘pol buzilsa, u vaziyatni endi yashirib bo‘lmaydi.

Hamid Sodiq:

Stalin hukmronlik qilib turgan davrda bir saylov okrugida Stalin 135 foiz ovoz oladi. Ya’ni boshqa saylov okrugi ovozlari qo‘shib yuboriladi va bu normal qabul qilinadi. Yoki bo‘lmasa, Mugabe aytadiki, o‘zining nutqida qanday qilib bir parcha qog‘oz, ya’ni saylov byulleteni avtomatdan kuchli bo‘lishi mumkin, deydi. Keyingi diktatorlar bunday gaplarni aytolmaydi, nima uchun? Chunki o‘sha ramka bor, mumkin emas bunday narsa. Yana eng yangilardan biri, Lukashenko 2000-yillardagi saylovlarda menga haqiqatda ovoz berganlar 93 foizga chiqib ketibdi, 86 foizga tushirib qo‘ydim, deydi. Lekin saylov qonunlarini buzish, teginish mumkin emas unga. 93 bo‘lsa, shunday qolishi kerak. Diktatorlar bunday masalalar uyatli ekanini tushunib boradi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi ichki qonunlarimizni to‘g‘rilashga qaratilgan. Insonga adolatli sud kerak, deb aytadigan deklaratsiyaning o‘zi bilan biz to‘g‘rilashimiz zarur. Hokimiyatni majbur qilishimiz kerak, sud adolatli bo‘lsin, o‘shandagina biz senga ishonamiz. To‘g‘ri, ichki sudlar adolatsiz bo‘lib tursa, xalqaro instansiyalarga murojaat qilish mumkin. Lekin bu ommaviy emas, bu ommaviy bo‘lmaydi ham. Chunki protsessual qonunchilik mavjud emas.

Shuning uchun xalqaro huquqiy normalar ichki qonunchiligimizning yaxshi bo‘lishini ta’minlaydi. Biz o‘zimizning qonunlarimizdan foydalanib turib, davlat hokimiyati resurslarini taqsimlashga erishmas ekanmiz, ular xalqaro va ichki qonunchilikni buzishda davom etadi. Shu sababli asosiy qoida – xalqaro qonunchilikning ichki qonunchiligimizga ta’siridir.

Mavzuga oid