Jahon | 14:50 / 06.01.2025
28260
9 daqiqa o‘qiladi

Ukrainaning Kursk oblastidagi «katta yurishi». Bu haqda nimalar ma’lum?

Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastida yurish amaliyotini boshladi. Rossiyalik Z-blogerlar Sudjadan shimolda ukrain zirhli texnikalari harakatlanayotgani to‘g‘risida xabar bergan. Ukrain rasmiylari ham hujumga o‘tilganini tasdiqlagan.

Maksym Kishka/Global Images Ukraine

5 yanvar tongida rossiyalik harbiy muxbirlar ukrain armiyasining Kursk oblastidagi «katta yurishi» haqida xabar tarqata boshladi.

Z-blogerlar nimalar yozishgan?

Z-bloger Roman Alyoxin Ukraina qurolli kuchlari Sudjadan shimolda, oblast markaziga olib boruvchi trassa bo‘yida, Kursk AESdan 35 km masofada joylashgan Bolshoye Soldatskoye posyolkasi tomon harakatlana boshlaganini xabar qilgan.

«Raqibning yurishida minalardan tozalash trallari, tanklar va boshqa zirhli texnikalar ishga solingan. Raqib hujum qilayotgan hudud radioelektron kurash vositalari bilan tig‘iz qamralgan, shu tufayli dronlarning ko‘pchiligi foydasiz. Raqib boshqa yo‘nalishlarda ham yorib o‘tishga harakat qilishi mumkin», — deya yozgan harbiy muxbir.

Keyinroq u allaqachon Bolshoye Soldatskoye yaqinidagi Berdin qishlog‘i uchun janglar boshlanganini xabar qildi. Rossiyalik ayrim blogerlar ma’lumotiga ko‘ra, ukrain armiyasi ushbu aholi yashash manzilini nazoratiga olgan va oldinga yurishda davom etgan. Buni inkor etuvchilar ham bor.

Rossiyalik Z-blogerlarga ko‘ra, fotoda Ukraina qurolli kuchlarining 5 yanvar tongida Kursk oblastidagi Bolshoye Soldatskoye posyolkasi tomon harakatlanayotgan zirhli texnikalari kolonnasi aks etgan

Ukraina qurolli kuchlari Sudja tomondan Bolshoye Soldatskoye yo‘nalishida hujumga o‘tgani haqida WarGonzo telegram-kanali muallifi Semyon Pegov ham xabar qilgan.

Bu ma’lumotni «Komsomolskaya pravda» gazetasi muxbiri Aleksandr Kots ham tasdiqlagan. U ukrain harbiylari «Bolshoye Soldatskoye va Sudja hududida chindan ham faol qadamlar tashlayotgani»ni qayd etgan: «G‘arbiy qanotda Novoivanovkaga va sharqda Bardin tomonga ham bosim qilinmoqda».

Shu bilan birga, Kots ukrain harbiylarining asosiy zarbasi «qaysidir boshqa joyda bo‘lishi mumkinligi»ni istisno etmagan.

«Men Sumi oblastining Shostkinsk rayonidan bizning Rilsk va Xomutov rayonlarimizga zarba berilishiga tayyorlangan bo‘lardim. Yoki u yerdan Bryansk oblasti tomonga», — deya prognoz qiladi u.

Z-bloger Yuriy Podolyak ham uning fikriga qo‘shiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi yangi hujumi «e’tiborni boshqa uchastkadan chalg‘itishga qaratilgan amaliyot bo‘lishi mumkin». «Hozircha Ukraina qurolli kuchlari tomonidan asosiy kuchla jangga kirgani yo‘q», — deydi u.

Ukraina qo‘mondonligi bir necha oydan buyon RF qurolli kuchlarining Zaporijjya oblastidagi mudofaasini yorib o‘tish rejasini pishitmoqda va zaif nuqtalarni paypaslab ko‘rmoqda, deya qo‘shimcha qilgan Rossiya mudofaa vazirligiga yaqin hisoblangan Rybar telegram-kanali.

«Operatsiya Z: voyenkory russkoy vesny» telegram-kanali ukrainlar tunda Berdin atrofini minalardan tozalagani va keyin o‘qotar qurollar vositasida janglar boshlanganini yozgan. Rossiya jangovar aviatsiyani qo‘llamoqda.

Harbiy mavzuga ixtisoslashgan yana bir bloger Alex Parker hisoblashicha, Ukraina qurolli kuchlari yurishining nishoni Kurchatov shahri atrofidagi Kursk AES hisoblanadi.

«Maqsad — Sudjadan Kurchatovgacha yurib kelish va AESni egallash. Ular taniqli insayderlar ogohlantirganidek, Bolshoye Soldatskoye orqali yurish qilishni rejalashtirgan», — deya yozgan u.

«Voyennyy osvedomitel» telegram-kanalii ukrain armiyasi nafaqat Bolshoye Soldatskoye yo‘nalishida, balki Sudjadan shimoli-sharqdagi Pushkarnoye qishlog‘i tomon ham yurish qilayotganini ma’lum qilgan.

ISW Ukraina qurilli kuchlari Kursk oblastida uch hududda oldinga siljiganini ma’lum qildi

Rossiyalik harbiylar nima demoqda?

Rossiya mudofaa vazirligi amalda Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi yurishini tasdiqladi.

5 yanvar kuni Moskva vaqti bilan soat 9:00 atrofida «Rossiya qo‘shinlarining Kursk yo‘nalishidagi yurishini to‘xtatish maqsadida» ukrainalik harbiylar «Berdin xutori yo‘nalishida shturmchi guruh yuborish orqali qarshi hujumini amalga oshirdi...», deyilgan Rossiya harbiy idorasi bayonotida.

Qayd etilishicha, ukrain armiyasi Berdin xutori yo‘nalishidagi bu «qarshi hujum»da go‘yoki ikki tank, 12 ta jangovar zirhlangan mashinalar va to‘siqlarni olib tashlash texnikalaridan foydalangan.

Rossiya mudofaa vazirligi Ukraina qurolli kuchlarining shturmchi guruhi mag‘lub etilganini ma’lum qilgan.

«„Sever“ qo‘shinlar guruhi artilleriyasi va aviatsiyasi Ukraina qurolli kuchlarining shturmchi guruhini tor-mor keltirdi. Ikkita tank, to‘siqlardan tozalash mashinasi va yettita jangovar zirhlangan mashina yo‘q qilindi. Ukraina qurolli kuchlari tuzilmalarini yo‘q qilish bo‘yicha amaliyot davom ettirilmoqda», — deyilgan RF mudofaa vazirligi bayonotida. 

Rossiya harbiy idorasi yakshanba kuni davomida Kursk oblastida ukrainlarning uchta uchuvchisiz uchar qurilmasi urib tushirilganini ma’lum qilgan. Shuningdek, hududiy operativ shtabga ko‘ra, yakshanba kuni region ustida Ukraina qurolli kuchlarining uchta raketasi yo‘q qilingan.

Kursk AES rahbariyati atom elektr stansiyasi odatiy rejimda ishlashda davom etayotganini ma’lum qilgan.

Ukrain harbiylari nimalar demoqda?

 

Kursk oblasti Sudja shahridagi ukrain harbiysi. Rossiyaliklar qarshi hujumdan keyingi 4 oy davomida ushbu shaharga 3-4 km masofada yaqinlashib kelgan

Ukraina bosh shtabi o‘z yurish amaliyoti tafsilotlarini ochiqlamayapti. Shu bilan birga, har kunlik hisobotda 5 yanvar kuni aynan Kursk oblastidagi harbiy to‘qnashuvlar soni keskin oshgani aytilgan. 4 yanvar kuni bu hududda 33 ta jangovar to‘qnashuv ro‘y berib o‘tgan bo‘lsa, yakshanba kuni soat 16:00 holatiga kelib 42 ta to‘qnashuv qayd etilgan, shu bilan birga, bu vaqtda 12 ta nuqtada janglar hali davom etayotgandi.

Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi qoshidagi dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi rahbari Andrey Kovalenko ukrainlar Kursk oblastida «kutilmaganda» rossiyaliklarga hujum qilganini tasdiqlagan.

«Kurskdagi rossiyaliklar qattiq xavotirga tushgan, chunki ular bir necha yo‘nalishda hujumga uchragan va bu ular uchun kutilmagan hol bo‘ldi. Mudofaa kuchlari ishlamoqda», — deya yozgan u.

Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak am Kursk oblastidagi voqealarga munosabat bildirgan.

«Kursk, yaxshi xabarlar, Rossiya o‘zi loyiq bo‘lgan narsani olmoqda», — deya yozgan u telegram-kanalida tafsilotlarni keltirmagan holda.

Ukraina qurolli kuchlarining Kursk amaliyoti

Ukraina armiyasi Kursk oblastidagi yurishini 6 avgust kuni boshlagandi.

O‘shanda rossiyaliklar mudofaasi yorib o‘tilgan va Sudja shahri hamda atrofdagi o‘nlab aholi yashash manzillari egallab olingandi. Bundan tashqari, Ukraina qurolli kuchlari yurishi davomida 700 ga yaqin rossiyalik askar asir olingandi.

Yurish harakatlari sentabr oyiga qadar davom etdi. O‘sha vaqtda Ukraina kuchlari Kursk oblastining 1,1 ming km kv hududini nazorat qilayotgandi.

Sentyabr oyi o‘rtalaridan Rossiya ushbu yo‘nalishda qarshi hujumga o‘tdi. Dekabr boshida Kreml bu amaliyotga KXDRdan kelgan 11-12 ming askarni ham jalb etdi.

2025 yil yanvariga kelib rossiyalik harbiylar Shimoliy Koreya kuchlari bilan birgalikda okkupatsiya ostidagi hududning taxminan yarmini qaytarib oldi. Yangi yil boshidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina nazoratida Sudja shahri atrofida va qo‘shni rayonlarda jami 400 km kv hudud qolgan.

4 yanvar kuni kechqurun prezident Volodimir Zelenskiy ukrain armiyasi Sudja chekkalaridan 3 km masofadagi Maxnovka qishlog‘i atrofida rossiyaliklar va shimoliy koreyaliklardan iborat batalyon tor-mor etilganini ma’lum qildi.

Avvalroq ukrain harbiylari BBC bilan muloqot chog‘ida qo‘mondonlikdan Kursk oblastidagi platsdarmni kamida 20 yanvargacha, ya’ni AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp lavozimiga kirishguniga qadar ushlab turish haqida buyruq bo‘lganini aytishgandi.

Shuningdek, harbiy ekspertlar ushbu sanaga qadar Ukraina qurolli kuchlari yo‘nalishlardan birida yaxshi tayyorgarlikka ega zaxira kuchlar bilan yurish qilishga urinib ko‘rishini prognoz qilishgandi.

Mavzuga oid