Jahon | 17:28 / 08.01.2025
1639
3 daqiqa o‘qiladi

Venesuelada AQSh, Kolumbiya va Ukraina fuqarolari bo‘lgan 7 kishi hibsga olindi

Nikolas Maduro ularni terakt uyushtirishni rejalashtirganlikda aybladi. 10 yanvar kuni uchinchi bor prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan Maduroning inauguratsiyasi bo‘lib o‘tishi kerak.

Foto: Getty Images

Venesuela hukumati yollanma jangari sifatida harakat qilib, teraktlar uyushtirishni rejalashtirgan yetti nafar xorijlikni hibsga oldi. Bu haqda mamlakat prezidenti Nikolas Maduro o‘z telemurojaatida ma’lum qildi.

Hibsga olinganlar ismi noma’lum. Ta’kidlanishicha, ular orasida ikki nafar amerikalik, ikki nafar kolumbiyalik va uch nafar ukrainalik (ayrim manbalarga ko‘ra, Ukrainadagi urush ishtirokchilari) bor. Maduro o‘z bayonotida ularning harakati va rejalariga oid biror dalillarni keltirmagan.

«Ular sudlangan va ishonchim komilki, dastlabki soatlardan ular o‘z aybiga iqrorlik ko‘rsatmasini beradi. Ular Venesueladagi tinchlikka qarshi terrorchilik harakatlarini amalga oshirmoqchi bo‘lishgan», — deydi Maduro.

Chet el fuqarolari Maduroning inauguratsiyasidan bir necha kun oldin qo‘lga olindi — 10 yanvar kuni u uchinchi marotaba prezidentlik qasamyodini keltiradi.

2024 yil iyulda Venesuelada prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi. 2013 yildan beri hokimiyatni boshqarib kelayotgan Maduroga muxolifat nomzodi — 74 yoshli sobiq diplomat Edmundo Gonsales Urrutiya raqib bo‘ldi. Venesuela Milliy saylov kengashi Maduro g‘alaba qozonganini e’lon qildi. Muxolifatning qayd etishicha, aksariyat saylovchilar Gonsalesni qo‘llab-quvvatlagan. AQSh va YeI Maduroning saylovdagi g‘alabasini tan olmadi — G‘arb davlatlari ham Gonsalesni mamlakatning saylangan prezidenti deya hisoblamoqda.

Sentyabr oyida Gonsales Venesuela sudi uni hibsga olish orderini berishidan oldin mamlakatni tark etib, Ispaniya uchib ketdi. 6 yanvar kuni Edmundo Gonsales Vashingtonda AQSh prezidenti Jo Bayden bilan uchrashdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda «ikki tomonlama munosabatlarning turli jihatlari» muhokama qilingan. Gonsales saylangan prezident Donald Tramp bilan uchrashish yoki uchrashmasligiga oydinlik kiritmagan, ammo yangi administratsiya bilan munosabatlar «juda qalin, shuningdek, Venesuela uchun ham manfaatli bo‘lishi»ni ta’kidlagan.

Mavzuga oid

E`lonlar