Jahon | 16:04
3177
9 daqiqa o‘qiladi

G‘azoda zarba qurboni bo‘lgan chaqaloqlar, hibsga olinmaydigan Netanyahu va portlarni tark etgan Rossiya harbiy kemalari - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroilning G‘azo sektoridagi Dayr ul-Balah shahriga uyushtirgan aviahujumlari oqibatida kamida 9 kishi, jumladan, 4 chaqaloq va 2 ayol halok bo‘ldi. Qurbonlarning eng kichigi tug‘ilganiga atigi bir hafta bo‘lgan.

Jabrlanuvchilar va halok bo‘lganlar «Al-Aqso shahidlari» shifoxonasiga yetkazildi. Shifokorlarning ma’lum qilishicha, G‘azodagi Burayj qochqinlar lageridagi havo hujumlaridan jabrlanganlar ham shu shifoxonaga olib kelingan.

G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, Isroilning 2023 yil 7 oktyabrda boshlangan keng ko‘lamli hujumlari davomida sektorda halok bo‘lganlar soni 45 ming 936 nafarga yetgan, ulardan 17 ming 800 nafari bolalar, 12 ming 300 nafari ayollardir.

Shu paytgacha jarohatlanganlar soni qariyb 110 ming kishiga yetgan.

Boykotning natijasi

Turkiyada KFC va Pizza Hut brendlari boykot sabab katta moliyaviy yo‘qotishlarga uchrab, 537 ta filialini yopishga qaror qildi.

Ushbu brendlar egasi bo‘lgan Amerikaning Yum! Brands kompaniyasi turk franchayzi İş Holding o‘z majburiyatlarini bajarmaganini ma’lum qildi.

Kompaniya hozirda ikki yo‘lni ko‘rib chiqmoqda: yangi hamkor topish yoki Turkiya bozoridan butunlay chiqib ketish.

Boykot sabablari sifatida KFC va Pizza Hut’ga Isroilning falastinliklarga qarshi harakatlarini qo‘llab-quvvatlashda ayblovlar qo‘yilgani ko‘rsatilmoqda.

Netanyahu hibsga olinmaydi

Polsha bosh vaziri Donald Tusk Osvensim konslageri ozod qilinganining 80 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etish uchun kelgan taqdirda, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu hibsga olinmasligini ma’lum qildi.

Mazkur bayonot, Xalqaro jinoyat sudining Binyamin Netanyahu va Isroilning sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallantga qarshi insonparvarlikka qarshi jinoyatlar va harbiy jinoyatlar uchun order chiqarganiga qaramay berildi.

Polsha 2001 yildan buyon XJS a’zosi bo‘lib, qoidalarga ko‘ra, xalqaro qidiruvdagi shaxslarni hibsga olish va topshirish majburiyatiga ega.

Bu orada AQSh Kongressi Vakillar palatasi 243 ovoz bilan Xalqaro jinoyat sudiga qarshi sanksiyalar to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Bu qaror Netanyahuning hibsga olinishiga chiqarilgan orderni bekor qilishga qaratilgan.

Suriya sanksiyalarni yechishni so‘radi

Suriyaning yangi hukumati tashqi ishlar vazirligi AQShga murojaat qilib, mamlakatda barqarorlik va taraqqiyotga erishish uchun sanksiyalarni to‘liq bekor qilishni talab qildi.

Tashqi ishlar vazirligi bayonotida Bashar Asad rejimiga qarshi qo‘yilgan sanksiyalar uni ag‘darishdan so‘ng o‘z ahamiyatini yo‘qotgani ta’kidlandi. Ushbu sanksiyalar endi faqat Suriya xalqiga zarar yetkazmoqda.

Shuningdek, bayonotda AQShning sanksiyalarni vaqtinchalik yumshatish qaroridan qoniqish bildirilgan. Mazkur chora jarohatlangan Suriyaga insonparvarlik yordamini osonlashtirish maqsadida energetika va moliya sohalaridagi ayrim operatsiyalarga olti oylik imtiyoz berishni ko‘zda tutadi.

Ukrainaga yordam

2022 yil 24 fevraldan buyon AQSh va uning ittifoqchilari Ukrainaga jami 126 mlrd dollardan ortiq yordam ajratgan. Bu haqda Pentagon rasmiy vakili Sabrina Singh ma’lum qildi.

Singhning ta’kidlashicha, mazkur yordam Rossiyaga qarshi himoyalanish uchun Ukrainaga zarur vositalarni taqdim etishni maqsad qilgan.

Shuningdek, Jo Bayden ma’muriyati Ukrainaga 2 mlrd dollardan ortiq harbiy yordamni yangi prezident Donald Tramp lavozimga kirishgunga qadar topshirishga ulgurmasligi xabar qilindi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Germaniyada bo‘lib o‘tgan «Ramshtayn» muloqot guruhining 25- yig‘ilishida Rossiyani tinchlikka majburlashning eng samarali usullaridan biri sifatida Ukrainaga xorijiy harbiy kontingent joylashtirishni taklif qildi.

«Kelinglar, buni amalga oshirish uchun amaliy yo‘llarni ko‘rib chiqaylik. Biz Buyuk Britaniyaning ushbu g‘oyani qo‘llab-quvvatlayotganiga doir signallarni eshitdik. Biz jasoratli bo‘lishimiz va chinakam kuchli vositalarni taklif qilishimiz kerak», — dedi Zelenskiy.

U Fransiyaning Ukrainaga ittifoqchi qo‘shinlar joylashtirish bo‘yicha taklifini eslatib o‘tib, bu qadam tinchlikka yaqinlashishda muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

2024 yil noyabrida Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro ittifoqchilarni Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda chegaralarni cheklamaslikka chaqirgan va Fransiya qo‘shinlarini Ukrainaga yuborish imkoniyatini istisno qilmagan edi.

Shuningdek, Ukraina hududiga G‘arb harbiylarini joylashtirish g‘oyasi ilk bor 2023 yil fevral oyida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron tomonidan ko‘tarilgan edi.

Rossiya floti haydalmoqda

Ukraina tomoni xabariga ko‘ra, Rossiya Qora va Azov dengizlaridan harbiy-dengiz floti kemalarini olib chiqib ketgan.

Ayni paytda ruslarning yetti harbiy kemasi hozirda O‘rta Yer dengizida patrul qilishni davom etmoqda.

Ukraina harbiy dengiz kuchlari vakili Dmitro Pletenchukning ta’kidlashicha, Rossiya anneksiya qilingan Qrimda kemalarini ta’mirlashdan voz kechgan. Bunga sabab Ukraina tomonidan amalga oshirilgan samarali zarbalardir. Sevastopol buxtasida «Tsiklon» kichik raketa kemasining yo‘q qilinishi va boshqa kemalarga yetkazilgan zarar Rossiyaga kemalarni Qrimda ta’mirlashni imkonsiz qilib qo‘ygan.

Suriyaning yangi hukumati ham Rossiya kemasini portga qo‘ymadi. Yangi hukumat Rossiyaning «Sparta II» kemasini Tartus portiga kiritishni rad etgan. Kema 5 yanvardan buyon port yaqinida bemaqsad suzib yuribdi.

Maxar yo‘ldosh suratlari Rossiya harbiy texnikasi va havo hujumidan himoya tizimi radarlarining portda yig‘ib qo‘yilganini ko‘rsatmoqda. Ammo kemalarga texnika yuklanmagan.

Rossiya uchun evakuatsiyaning yagona yo‘li — Hmeymim aviabazasi bo‘lib qolmoqda.

Livanning yangi prezidenti

Livan parlamentidagi ovoz berish natijalariga ko‘ra, Jozef Aun mamlakatning yangi prezidenti bo‘ldi. U bu lavozimga saylangan 14-prezident bo‘lib, ikki yildan ortiq davom etgan siyosiy inqirozdan keyin u davlat rahbari lavozimiga kirishmoqda.

Parlament o‘tkazilgan ovoz berish jarayonlarining ikkinchi turida Aun nomzodini 99 deputat qo‘llab-quvvatladi.

Livan qonunchiligiga ko‘ra, prezident bo‘lib saylanish uchun parlamentdagi 128 deputatdan kamida uchdan ikki qismi — 86 deputat ovozi talab etiladi.

Yevropa tomon yuz tutgan Armaniston

Armaniston hukumati Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish bo‘yicha qonun loyihasini tasdiqladi. Hujjatga ko‘ra, Armaniston Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish jarayonini rasman boshlashni e’lon qildi.

Bosh vazir Nikol Pashinyan hukumat yig‘ilishida Armanistonning Yevroittifoqqa qo‘shilish haqidagi qarori faqat umumxalq referendumi orqali qabul qilinishi mumkinligini ta’kidladi.

«Hozirgi bosqichda referendum o‘tkazishga qaror qabul qilingunga qadar, biz Yevropa Ittifoqi bilan «yo‘l xaritasini» muhokama qilishimiz va uni ishlab chiqishimiz kerak», — dedi Pashinyan.

Kaliforniyadagi o‘rmon yong‘inlari

AccuWeather xalqaro ob-havo xizmati Kaliforniyadagi o‘rmon yong‘inlari sababli yetkazilgan zarar va iqtisodiy yo‘qotishlarning umumiy qiymatini taxminan 52-57 milliard dollarga baholadi.

Los-Anjyeles shahrida o‘rmon yong‘inlari kuchli shamol va quruq ob-havo sharoiti tufayli boshlangan. Pasifik-Paliseyds hududida 3 ming gektar maydon yong‘in sabab vayron bo‘ldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Pasifik-Paliseyds, Xerst, Iton-Kanon va Vudli hududlaridagi yong‘inlar sabab 2 kishi halok bo‘lgan va bir qancha fuqaro jarohat olgan.

Yong‘in oqibatida Jo Baydenning o‘g‘li Hanter Baydenning ham uyi to‘liq yonib ketgan.

Donald Tramp Kaliforniyadagi yong‘inlar bilan bog‘liq vaziyatni sharhlab, Jo Baydenni qattiq tanqid qildi.

«Los-Anjyelesdagi yong‘inlar tarixdagi eng dahshatlilardan biriga aylanishi ehtimoli bor. Sug‘urta kompaniyalari jabrlanganlarning zararlarini qoplay olishidan shubhalanaman. Bu holat Baydenning beqarorligi va mas’uliyatsizligining yana bir bor isbotidir», — dedi Tramp.

Yong‘inlarni o‘chirish uchun suv yo‘qligi, favqulodda xizmatlar uchun mablag‘ yetishmasligini pisanda qilib, «Bayden menga shunday murakkab meros qoldirmoqda. Rahmat, Jo!» — degan Tramp.

Mavzuga oid