Yo‘lovchilari tiriklayin yonib ketgan aviahalokat – Saudiyada sodir bo‘lgan hodisa tarixi
1980 yil avgustda Karachi – Ar-Riyod – Jidda yo‘nalishida uchayotgan Saudiyaga tegishli samolyotning dum qismida yong‘in chiqadi. Uchuvchilar darhol ortga qaytadi va uchoq Jidda aeroportiga beshikast qo‘nadi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay alanga butun samolyotni qamrab oladi va undagi barcha (287 yo‘lovchi va 14 ekipaj a’zolari) tiriklayin yonib ketadi. Xo‘sh, nega talofatsiz yerga qo‘ngan samolyotdagi odamlarni qutqarib qolishning imkoni bo‘lmagan?
Fuqaro aviatsiyasi tarixida halokatlar juda ko‘p bo‘lgan. Ular orasida 1980 yilda Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda sodir bo‘lgan aviahalokat juda ko‘p odam halok bo‘lgani bilan ajralib turadi. Xo‘sh, parvoz vaqtida yong‘in chiqqach ortga qaytgan va bus-butun yerga qo‘ngan samolyotdagi odamlarni nega qutqarib qola olishmagan?
Hodisa
1980 yil 19 avgust kuni Saudi Arabian Airlines aviakompaniyasiga qarashli Lockheed L-1011 samolyoti 287 yo‘lovchi va 14 ekipaj a’zolari bilan Pokistonning Karachi shahridan havoga ko‘tariladi.
Bir necha soatlik parvozdan so‘ng kunduzi soat 16:06 da Ar-Riyod shahriga qo‘nadi. Kimdir tushadi, yana kimdir chiqadi va soat 18:08 da Lockheed L-1011 Jiddaga borish uchun yana parvozni boshlaydi.
Samolyot parvozni boshlagandan so‘ng 7 daqiqa o‘tgach uchuvchilar uni 6 700 metr balandlikka ko‘tarishadi. Shu paytda samolyotning ort qismida joylashgan yukxonada yong‘in boshlangani haqida ogohlantirish signali ishlab ketadi.
Bort muhandisi bu haqda ekipaj komandiriga xabar beradi. Komandir samolyotni Ar-Riyod aeroportiga qaytarishga qaror qiladi. O‘shanda Lockheed L-1011 Ar-Riyod aeroportidan 80 km uzoqlikda edi.
Ikkinchi uchuvchi darhol Ar-Riyod aeroportidagi dispetcherlar bilan bog‘lanadi va vaziyat haqida xabar berib, qaytishga ruxsat so‘raydi. Rozilik olingach, samolyot ortga buriladi.
Bu paytda yukxonadan boshlangan olov kuchayib boraveradi va salon ichiga tutun kira boshlaydi. Ekipaj a’zolari avvaliga yukxonadagi olovni instruksiya bo‘yicha o‘chirishga urinishadi. Biroq buning iloji bo‘lmaydi.
Samolyot poytaxt aeroportiga qaytar ekan, yo‘lovchilarni evakuatsiya qilish va yong‘inni o‘chirish uchun qutqaruvchilar, o‘t o‘chiruvchilar shay turishadi.
Soat 18:27 da ekipaj komandiri oldiga bort kuzatuvchisi keladi va samolyot salonida yo‘lovchilar mushtlashayotganini xabar qiladi. Samolyotning dum qismidan tutun chiqavergach, o‘sha tomonda o‘tirgan yo‘lovchilar vahimaga tushib, oldinroqqa siljiydi. Oqibatda janjal kelib chiqadi.
Styuardessalar yo‘lovchilarni tinchita olmaydi. Shundan so‘ng ekipaj komandiri yo‘lovchilardan o‘z o‘rinlarida qolishni so‘raydi. Biroq vahimaga tushgan yo‘lovchilarni tinchitib bo‘lmasdi.
Yo‘lovchilar tomonidan uyushtirilgan tartibsizliklar ortidan soat 18:36 da uchuvchilar samolyotni Ar-Riyod aeroportining asosiy uchish-qo‘nish yo‘lagiga emas, qo‘shimcha yo‘lakka qo‘ndiradi. Bu uchun qariyb 3 daqiqa oshiqcha vaqt sarflanadi.
18:40 da dispetcherga ekipaj komandiridan “Evakuatsiyani boshlayapmiz” degan xabar keladi. Biroq bunday emasdi. Ekipaj a’zolari harchand urinmasin bironta ham favqulodda chiqish eshiklarini ocha olishmaydi. Olov esa battar kuchayib, samolyot saloni ham yona boshlaydi.
Qutqaruvchilar favqulodda chiqish eshiklarini tashqaridan ochish uchun 23 daqiqa vaqt sarflaydi. Bu paytda olov butun salon bo‘ylab tarqalib bo‘lgandi. 19:05 da eshiklar tashqaridan ochilganda ichkarida dimiqib turgan olov battar kuchayadi.
O‘t o‘chiruvchilar olovni 5 daqiqa ichida o‘chirib bo‘ladi. Biroq bu paytga kelib samolyotda bironta tirik odam qolmagan, 287 nafar yo‘lovchi va 14 nafar ekipaj a’zolarining barchasi halok bo‘lgandi.
Samolyot, ekipaj va yo‘lovchilar
Ar-Riyodda halokatga uchragan Lockheed L-1011 samolyoti keng fyuzelajli bo‘lib, 1979 yilda ishlab chiqarilgan va o‘sha yili uni Saudiya avikompaniyasi sotib olgan.
Bu turdagi samolyotlarni Amerikaning Lockheed Corporation aviasozlik kompaniyasi ishlab chiqargan va ular 1970-80 yillarda ancha ommabop sanalardi.
Lockheed L-1011 ilk bor 1968 yilda tayyorlangan va u Boeing 747 va McDonnell Douglas DC-10 samolyotlaridan so‘ng ishlab chiqarilgan uchinchi keng fyuzelajli samolyot hisoblanadi. Bu turdagi samolyotlar 1970-yillarda 20 mln dollarga narxlangan.
Samolyot halokatgacha 1 718 marta uchish-qo‘nishni amalga oshirgan va 2 948 soat parvoz qilgandi. Ekipaj a’zolari ancha tajribali edi. Masalan, ekipaj komandirida qariyb 15 yillik ish malakasi bo‘lgan.
Ikkinchi uchuvchi va bort muhandisi ham tajribali xodimlar sanalgan. Samolyotda 11 nafar styuardessa xizmat qilgan va ular Saudiya Arabistoni, Pokiston, Filippin, AQSh va Britaniya fuqarolari bo‘lgan.
287 nafar yo‘lovchining 151 nafari Saudiya, 82 nafari Pokiston, 32 nafari Eron, qolgan yo‘lovchilar yana 17 davlat fuqarosi bo‘lgan.
Surishtiruvlar
Saudiya hukumati halokat sabablarini o‘rganish uchun Amerikaning ikkita tashkilotidan mutaxassislar chaqiradi. Tez orada okean ortidan kelgan Transportda xavfsizlik milliy kengashi (NsB) va Aviatsiya hodisalarini o‘rganish bo‘limi (AAIB) xodimlari ish boshlaydi.
Saudi Arabian Airlines mas’ullari qutqaruvchilar samolyotning orqa qismidan butan gazi bilan to‘ldirilgan ballon va gaz plitasini topishganini, yong‘inga shular sabab bo‘lganini aytishadi.
Biroq amerikalik mutaxassislar bunga ishonishmaydi. Ular samolyotdagi yong‘inga tez yonuvchan gidravlik suyuqlik sabab bo‘lganini aniqlashadi. Samolyotning yukxona qismidagi simlar qizigan va o‘sha yerdan o‘tgan gidravlik suyuqlik shlanglarini kuydirgan. Shundan so‘ng suyuqlik yongan.
Amerikaliklar o‘z hisobotida odamlarning o‘limiga uchuvchilar va aeroport xodimlari sabab bo‘lganini keltirgandi. Ya’ni aeroportdagi qutqaruv xizmati bunday hodisaga umuman tayyor bo‘lmagan. Shu sababli samolyotdagi favqulodda chiqish eshiklarini ochishga qariyb yarim soat vaqt sarflagan.
Uchuvchilar esa asosiy uchish-qo‘nish yo‘lagi qolib, samolyotni qo‘shimcha yo‘lakka qo‘ndirgan va shu sababli qimmatli vaqt yo‘qotilgan.
Yana qutqaruv xizmati va uchuvchilar ingliz tilini juda yomon bilgan va oqibatda instruksiyani tushunmay, favqulodda chiqish eshiklarini ichkaridan ocha olishmagan.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Tavsiya etamiz
AQSh va Xitoy o‘rtasidagi bojxona urushi: kim yutadi?
Jahon | 12:46 / 17.04.2025
Yaponiyadan Italiyagacha – pulli yo‘llar haqidagi taassurotlar
Jahon | 21:50 / 16.04.2025
Turkiyaga aldov yo‘li bilan chaqirilgan voyaga yetmagan o‘zbekistonlik qiz vatanga qaytarildi
Jamiyat | 17:05 / 16.04.2025
Go‘sht narxi oshishi: qo‘shni mamlakatlarda vaziyat qanday?
Iqtisodiyot | 20:36 / 15.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi kanal reklamasini tarqatgan shaxs ushlandi
O‘zbekiston | 08:24
-
Tramp Putinga Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishga 3 kun muhlat berdi
Jahon | 00:47
-
O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi KXDRni yirik hisobda yengib, Osiyo Kubogi finaliga chiqdi
Sport | 00:31
-
Kolumbiyada sariq bezgak tufayli favqulodda holat rejimi e’lon qilindi
Jahon | 00:05
Mavzuga oid

21:18 / 14.04.2025
Saudiya Arabistoni Suriyaning Jahon banki oldidagi qarzini to‘lab bermoqchi

10:00 / 14.04.2025
AQSh energetika vaziri neft arzonlashishini va’da qildi

03:47 / 26.03.2025
Zelenskiy AQShning Ukraina va Rossiya bilan kelishuv tafsilotlarini oshkor qildi

17:38 / 25.03.2025