Volodimir Zelenskiy Saudiya Arabistonidagi uchrashuvlar natijasida AQSh delegatsiyasining Ukraina va Rossiya vakillari bilan erishgan kelishuvlarida muayyan farqlar borligini ma’lum qildi, deb yozmoqda Unian.
Ukraina prezidentiga ko‘ra, Saudiya Arabistonidagi uchrashuvlar yakuni bo‘yicha ikkita bayonot e’lon qilinadi: biri – Ukraina va AQSh o‘rtasidagi kelishuvlar natijasiga, ikkinchisi esa AQSh va Rossiya delegatsiyalari uchrashuviga oid. Ushbu bayonotlar orasidagi asosiy farq beshinchi bandda aks etgan.
«Biz eng avvalo, dengizda tinchlik va kemalarning erkin harakati bo‘yicha kelishib oldik», — deydi Zelenskiy.
Ukraina delegatsiyasi AQSh tomoni bilan alohida uchrashuvda o‘t ochishni to‘xtatish masalasini infratuzilmaga zarbalar berish kontekstida muhokama qilgan.
«Biz bunga ko‘p vaqt ajratdik. Agar dengizda tinchlik va kemalarning erkin harakati haqida gapirayotgan bo‘lsak, bu infratuzilmani ham qamrab oladi. Ko‘ramiz, bu qanday amalga oshirilar ekan», — deydi Zelenskiy.
Kelishuvlarning ikkinchi bandi — energetika tizimiga zarba bermaslikni o‘z ichiga oladi. Ushbu kelishuvga ko‘ra, na Ukraina va na Rossiya bunday hujumlarni amalga oshirishi kerak. Shu bilan birga, Ukraina AQShga Kiyev tomonidan «strategik infratuzilma» deb hisoblangan obektlar ro‘yxatini alohida topshirgan.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina fuqarolik infratuzilmasini himoya qilish masalasini ham ko‘targan, biroq bu band bayonot matniga kiritilmagan.
«Ammo biz bu borada kelishib oldik. Amerika tomoni, umuman olganda, osmondagi va energetika borasidagi tinchlik masalasi boshqa fuqarolik infratuzilmasiga ham taalluqli deb hisoblaydi. Shunga qaramay, energetikaga zarbalar berilmasa, shuning o‘zi katta natija», — deya ta’kidlaydi u.
Kelishuvlarning uchinchi bandi – nazorat va monitoringga oid. «Biz Amerikadan tashqari uchinchi tomonlarni ham jalb qilish mumkinligiga kelishib oldik Bu yomon emas. Masalan, Yevropa davlatlaridan biri yoki Turkiya. Dengizdagi vaziyatga qarab Yaqin Sharq davlatlaridan birortasini jalb qilish mumkin», – deydi Zelenskiy.
To‘rtinchi band AQSh taklifiga ko‘ra, barqaror tinchlikni ta’minlash yo‘lida hamkorlik qilishni nazarda tutadi.


















