Putin Rossiya Ukraina bilan muzokaralarga tayyor ekanini aytdi
Biroq Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy tomonidan Rossiya prezidenti bilan bunday muzokaralar o‘tkazish taqiqlangani sababli, Ukraina rasmiylari ularni noqonuniy deb hisoblashi mumkinligini tan oldi.

Foto: kremlin.ru
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donald Trampning Ukrainadagi urushni tugatish uchun muzokaralar o‘tkazish zarurligi haqidagi bayonotlarini izohlar ekan, agar Tramp 2022 yilda AQSh prezidenti bo‘lganida, ehtimol, keng ko‘lamli Rossiya-Ukraina urushi boshlanmagan bo‘lardi, dedi. Bu haqda u «Rossiya» telekanali muxbiri Pavel Zarubinga bergan intervyusida aytib o‘tdi, deb xabar berdi Meduza.
«Rossiya hech qachon AQSh ma’muriyati bilan aloqalarni davom ettirishdan bosh tortmagan. Va avvalgi ma’muriyat bu aloqalarni rad etgani bizning aybimiz emas. AQSh amaldagi prezidenti bilan men har doim ishbilarmon, lekin ayni paytda pragmatik, ishonchga asoslangan munosabatlarga ega bo‘lganman. Va men uning fikriga qo‘shilaman, agar u prezident bo‘lganida, 2020 yilda uning g‘alabasi o‘g‘irlanmaganida, ehtimol, Ukrainada 2022 yilda yuzaga kelgan inqiroz bo‘lmas edi», dedi u.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, prezidentlar «bugungi kun voqeligidan kelib chiqib, uchrashib, AQSh va Rossiyani qiziqtirgan barcha sohalar bo‘yicha tinchgina gaplashib olsa», yaxshi bo‘lardi.
«Biz tayyormiz», dedi Rossiya prezidenti va birinchi navbatda, bunday uchrashuv ehtimoli «Amerikaning amaldagi ma’muriyati qarorlari va tanloviga bog‘liq».
Putin, shuningdek, Rossiya Ukraina bo‘yicha muzokaralarga tayyor ekanini aytdi, biroq Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy tomonidan Rossiya prezidenti bilan bunday muzokaralar o‘tkazish taqiqlangani sababli Ukraina rasmiylari ularni noqonuniy deb hisoblashi mumkinligini tan oldi.
«Kiyevdagi rejimning amaldagi rahbari, hali qonuniy bo‘lganida, muzokaralarni taqiqlovchi farmon chiqargan. Agar muzokaralar taqiqlangan bo‘lsa, endi qanday qilib muzokaralarni davom ettirish mumkin? <…> Agar muzokaralar amaldagi me’yoriy-huquqiy baza doirasida boshlansa, ular, qat’iy aytganda, noqonuniy bo‘ladi, demak, bu muzokaralar natijalari ham noqonuniy deb e’lon qilinishi kerak», dedi Putin.
23 yanvar kuni Davos iqtisodiy forumida (WEF) so‘zlagan Tramp Ukrainadagi urushni tugatish uchun yaqin orada Vladimir Putin bilan uchrashishni xohlashini aytdi. «Men bu urushni tugatish uchun yaqinda prezident Putin bilan uchrashishni juda xohlardim. Va bu iqtisod yoki boshqa narsa nuqtai nazaridan emas. Bu millionlab odam hayotining behuda ketayotgani bilan bog‘liq», dedi Tramp. Shu bilan birga, u Saudiya Arabistoni va OPEC davlatlaridan neft narxini pasaytirishni so‘rashini ta’kidladi, bu uning fikricha, Rossiya-Ukraina urushini «zudlik bilan» tugatishga olib keladi.
Bir kun oldin u Ukraina bilan yaqin orada tinchlik kelishuviga erishilmasa, Rossiyaning boshqa mamlakatlarga sotadigan barcha mahsulotlariga yuqori soliq, boj va sanksiyalar joriy qilishini aytgan edi.