Jahon | 17:37 / 27.01.2025
2481
2 daqiqa o‘qiladi

Jahon banki Qambar-Ota GES-1 qurilishi loyihasida texnik yordam ko‘rsatadi

Toshkentda Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekiston energetika vazirliklari va Jahon banki vakillari Qirg‘izistonning Qambar-Ota GES-1 loyihasini muhokama qildi.

Foto: tazabek.kg

Davra suhbatida Qirg‘iziston energetika vaziri Taalaybek Ibrayev, O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov, Qozog‘iston energetika vaziri o‘rinbosari Sungat Yesimxonov hamda Jahon banki vakillari ishtirok etdi. Bu haqda Qirg‘iziston Energetika vazirligi matbuot xizmatiga tayanib Kaktus.media xabar berdi.

Muhokamaning asosiy mavzusi Qirg‘izistonda Qambar-Ota GES-1 qurilishi loyihasini – uch davlatning birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan amalga oshirilayotgan muhim mintaqaviy loyihani yanada rivojlantirish bo‘ldi.

Tomonlar Jahon bankidan Qambar-Ota GES-1 qurilishi loyihasini tayyorlash va moliyalashtirishda yordam so‘radi. Ayni paytda Qirg‘iziston tomoni Jahon bankining texnik ko‘magi doirasida texnik-iqtisodiy asoslarni yangilash bo‘yicha keng qamrovli tadbirlarni amalga oshirmoqda. Bu Qambar-Ota GES-1 loyihasining texnik, iqtisodiy, moliyaviy, ekologik va ijtimoiy tarkibiy qismlarini baholash, shuningdek, uni kelgusida amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan boshqa asosiy tadbirlar va tadqiqotlarni amalga oshirishni o‘z ichiga oladi.

«Jahon banki mintaqaning barqaror energetika kelajagini ta’minlash, iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish va fuqarolarning hayot sifatini yaxshilash borasidagi sa’y-harakatlarida uch mamlakat hukumatlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqladi. Biz ushbu sohada texnik yordam ko‘rsatishda davom etamiz. Qambar-Ota GES-1 qurilishi loyihasini amalga oshirish uchun boshqa xalqaro hamkorlar bilan birgalikda zarur bo‘lgan mablag‘ni jalb qilish ustida ishlamoqdamiz», dedi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova.

Ta’kidlanishicha, uch mamlakat vazirliklari vakillari Qambar-Ota GES-1 qurilishi loyihasini birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirishning asosiy tamoyillari bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid