Ukrainaning yangi brigadasi Pokrovsk yaqiniga tashlanganidan keyin parokanda bo‘lib ketdi
Yangi chaqirilganlar okoplarni ko‘rishi bilan qochib ketgan, butun batalyonlarni boshqa brigadalar olib qo‘ygan.
Ukraina qurolli kuchlarining yaqinda tashkil etilgan 157-mexanizatsiyalashgan brigadasi Donetsk oblastining Pokrovsk rayoniga joylashtirilganidan ko‘p o‘tmay undagi harbiylarning bir qismi o‘z qismini tashlab ketgan, bedarak yo‘qolgan yoki halok bo‘lgan. Bu haqda harbiy xizmatchilar bilan suhbatda bo‘lgan Hromadske nashri batafsil hikoya qiladi.
157-brigadani 2024 yil bahorida tuzishga kirishishgandi, uning ayrim bo‘linmalari sentabr oyida harbiy harakatlarga kirishdi, brigadaning o‘zi to‘liq holatda noyabrdan urushda qatnasha boshladi. Uning jangchilari o‘shanda darhol muhim yo‘nalishlardan biri — Donetsk oblastining Pokrovsk va Kuraxovo shaharlariga yuboriladi, degan Hromadske nashriga brigadaning 2024 yil 29 dekabrida bedarak yo‘qolgan harbiylaridan birining rafiqasi. Yo‘qolgan harbiyning komandiri ayolga uning turmush o‘rtog‘i qismini tashlab ketgan bo‘lishi mumkinligini aytgan. Nashr suhbatdoshi eri Rossiya asirligiga tushganidan umid qilmoqda. 157-brigada jangchilarining qarindoshlari feysbukdagi Ukrainada bedarak yo‘qolgan odamlarni qidirishga bag‘ishlangan guruhda yaqinlari yo‘qolgani haqida ko‘p yozishgan.
Brigada harbiylaridan biri Hromadske bilan suhbatda askarlar ham, ofitserlar ham qismni ruxsatsiz tark etayotgani haqida aytib bergan. «Bir guruhni okoplarga olib borishgan, ular atrofni ko‘zdan kechirishgan va mashinaga o‘tirib, ketib yuborishgan. Birdaniga yetti kishi», — degan suhbatdosh. Brigadadan jami qancha kishi qochib ketgani aniq emas. Nashr manbalari aytishicha, bu brigadaning kamida uchdan bir qismini tashkil etishi mumkin — ya’ni mingdan ortiq kishi. Shu bilan birga, brigada vakillari hatto anonimlik sharti bilan ham bu miqdorni ochiqlamayapti.
Harbiylardan biri nashrga 157-brigada askarariga jangovar uyg‘unlikka erishishga vaqt berilmasdan, «bo‘laklarga ajratib yuborishgan». «Ya’ni boshqa brigadalardan kelishdi va bizning batalyonlarni to‘lig‘icha o‘zlariga olishdi. Ikkita batalyonni shunday qilib yo‘qotdik. Holbuki biz jang maydoniga atigi ikki oy oldin kelgandik», — deydi harbiy. Boshqa suhbatdosh yangi chaqirilganlardan 48 nafari Ukraina qurolli kuchlarining 55-brigadasiga olingani, shundan keyin ularning barchasi halok bo‘lganini aytgan.
Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabidagilar Hromadske so‘roviga javoban askarlar bir qismdan boshqasiga «milliy xavfsizlikka tahdid soluvchi inqirozli vaziyat yuzaga kelgani tufayli» o‘tkazilganini bildirgan. «Harbiy qismlarni to‘ldirish shaxsiy tarkibning harbiy qismlar o‘rtasida harakatlanishi, shu jumladan harbiy xizmatchilarning roziligini olmasdan amalga oshirilishi mumkin», — deyishgan bosh shtabdagilar.
157-brigada komandiri, polkovnik Petr Chub Hromadske uchun izohida deyarli barcha askarlar individual tayyorgarlikdan o‘tgani, ammo brigadaga kollektiv tayyorgarlik uchun vaqt berilmaganini aytgan. «Va bu [kollektiv tayyorgarlikdan o‘tish] mening komandir sifatidagi istagim yoki qo‘l ostimdagilar talabi emas, mavjud ko‘rsatmalar va buyruqlarga ko‘ra shunday qilinishi kerak edi», — degan komandir. 157-brigada shtabi ofitseri anonimlik sharti bilan shunday degan: «O‘zingiz tushunasizku, shtabdan „oldinga-oldinga“ buyrug‘i keladigan bo‘lsa, unda senda jangovar uyg‘unlik uchun vaqt bo‘lgan bo‘lmagani hech kimning parvoyiga kelmaydi».
Polkovnik Petr Chub askarlar brigadadan qochib ketayotganini tan olgan. Uning fikricha, bu brigada parchalab yuborilayotgani uchun safarbar qilinganlardagi ishtiyoq pastligi tufayli bo‘lmoqda. Komandirning so‘zlariga ko‘ra, brigadadan to‘rt marta askarlarni boshqa harbiy qismlarga, jumladan, desant-shturm qo‘shinlari va dengiz piyodalariga qo‘shish uchun olib ketishgan. Shundan keyin, bir necha kun oldin askarlar o‘zlarini desant-shturm qo‘shiniga o‘tkazishlari haqida xabar topishgach, brigadada harbiy qismni tashlab ketish holatlari ko‘paygan. Shu bilan birga, Petr Chub brigada shaxsiy tarkibining 40 foizini yo‘qotgani haqidagi xabarlarni rad etgan. «Harbiy qism oldinga qo‘yilgan vazifalarni bajarishda davom etmoqda va bundan keyin ham davom etadi. Shaxsiy tarkibni tayyorlash ham», — degan Chub.
Hromadske manbalariga ko‘ra, 157-brigada faqat safarbar qilingan ukrainlardan tuzilgan, brigadada «jangovar skelet», ya’ni urush tajribasiga ega bo‘lgan askarlar yo‘q. «Masalan, urush ko‘rgan 30 kishidan iborat rotaga yangi odamlar qo‘shilishi kerak […] Bu yerda esa barcha yangi. Ular bir-biriga qarashadi — lup-lup, lup-lup. Bir-biri bilan shunday gaplashadi: „Tamom, boshimizga balo keldi“. Ortga qayrilishadi va ketishadi», — deydi manbalardan biri. Brigada ofitseri har bir rotada hech bo‘lmaganda rota komandiri jangovar tajribaga ega bo‘lishi kerak, bu yerda esa rotaga — «ikki kun oldin hech kimga xalal bermay o‘tirgan» odam komandirlik qilmoqda.
Hromadske nashrining 157-brigadadagi manbalaridan biri Ukraina qurolli kuchlari rahbariyati nima uchun yangi chaqirilganlarni mavjud bo‘linmalarga yo‘naltirmasdan, ulardan yangi brigadalar tuzayotgani borasida savol qo‘ygan. Nashr jurnalistlari bu haqda bosh shtabdan so‘rashgan, u yerdagilar esa quyidagicha javob qaytargan:
«Harbiy holat davrida Ukraina qurolli kuchlarida yangi tashkiliy-shtat tuzilmalarini shakllantirish va to‘ldirish —yuklatilgan vazifalarni bajarish jarayonida yuzaga keladigan ehtiyojlarga muvofiq va to‘qnashuv chizig‘idagi vaziyatni, dushman kuchlari va vositalarining nisbatini hisobga olgan holda hamda davlat rahbariyati va Ukraina qurolli kuchlarining tegishli qarorlari asosida amalga oshiriladi».
Ukraina qo‘shinlari tarkibini kuzatish bilan shug‘ullanuvchi Militaryland guruhi hisoblashicha, Ukraina qurolli kuchlarining 157-brigadasi 150-seriyasidagi boshqa ikki brigada taqdirini takrorlamoqda. «Jangchilari shakllanish jarayonida olib qo‘yiladi, bo‘linmalari shoshilinch tarzda, zarur tayyorgarliksiz frontga yuboriladi va bu katta yo‘qotishlarga olib keladi. 150-seriyadagi brigadalarning holati shunchaki dahshatli va nima uchun bu muammolar oliy qo‘mondonlik e’tiboridan chetda qolayotgani ajablanarli, va umid qilamizki, hali jangga yuborilmagan brigadalar, aynan aytadigan bo‘lsak, 156-, 158- va 159-brigadalar bu xatolardan saboq chiqara oladi», — deyishgan Militaryland vakillari.
157-brigada — 2023-2024 yillarda tuzilgan 151-, 153-, 154-, 155-, 156-, 158- va 159-mexanizatsiyalashgan brigadalar qatorida 150-seriyaga kirgan sakkiz brigadadan biridir, deb yozadi Amerikadagi Forbes jurnali muxbiri Devid Aks. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu brigadalar «katta, ammo mo‘rt»: komandirlar tajribasizligi, zamonaviy zirhli texnikalar kamchiliklari va ruhiyat past darajada ekani dezertirlikka olib kelmoqda.
Ukraina qurolli kuchlarining 157-brigadasidagi vaziyatni yaqinda tashkil etilgan boshqa bir brigada, 155-brigadadagi vaziyat bilan solishtirishmoqda. Ukrainalik jurnalist Yuriy Butusov 2024 yil dekabrida 155-brigada janglarga kirishga ulgurmasidan, uning saflaridan 1700 harbiy qochib ketgani haqida xabar bergandi, ularning 50 nafardan ortig‘i Fransiyadagi mashg‘ulotlar chog‘idayoq harbiy qismni tashlab ketgan. Fransiya mudofaa vazirligi mashg‘ulotlar chog‘ida 55 harbiy dezertirlik qilganini tasdiqlagan. Ukraina qurolli kuchlari quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni Mixaylo Drapatiy yangi brigada «juda qisqa muddatda — atigi bir necha oy ichida» shakllantirilgani, bu esa «javobgar shaxslar tomonidan rasmiyatchilikka olib kelgani» haqida gapirgan. Brigada komandiri Dmitro Ryumshin 2024 yil dekabrida «jangchilarning ishtiyoqsizligi va bo‘linmalarni boshqarishdagi muvaffaqiyatsizlik» uchun lavozimidan bo‘shatildi, 2025 yil yanvarida esa askarlarning yoppasiga dezertirligi uchun hibsga olindi.
Jurnalist Yuriy Butusov 12 yanvar kuni bergan xabarga ko‘ra, 155-brigadadagi dezertirlik fonida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy yangi brigadalar tuzishni to‘xtatib, yangi safarbar qilinganlarni mavjud jangovar bo‘linmalarga yuborishga qaror qilgan.
Mavzuga oid
17:02
Moskvada Donetskdagi «Arbat» batalyoni asoschisi portlatib yuborildi
16:37
«Tinchlik har qachongidan yaqinroq» - Zelenskiyning intervyusidan asosiy gaplar
11:08
Ukraina hukumati AQShning saylov o‘tkazish haqidagi chaqirig‘ini rad etdi
19:54 / 02.02.2025