Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yordamga muhtoj G‘azo bolalari, frontdan yo‘qolgan KXDR askarlari va yashil energiyadan 15 mlrd dollar tejagan Turkiya - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
So‘nggi uch kunda 500 mingdan ortiq falastinlik G‘azoning shimoliga qaytdi. Ular markaziy va janubiy hududlardagi qochqinlar lagerlarini tark etgan. Biroq ularni vayronaga aylangan shahar va xarobalar kutib oldi – 15 oylik urush deyarli birorta binoni sog‘ qoldirmagan. Ko‘pchilik hozir ko‘chalardagi chodirlarda yashashga majbur.
Associated Press xabariga ko‘ra, falastinliklarning ommaviy qaytishi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning shimoliy G‘azoni bosib olish rejasini qiyinlashtirdi. U HAMASni yo‘q qilish va barcha garovga olinganlarni ozod etishga va’da bergandi, biroq urush to‘xtab qoldi.
Agar olti haftalik tinchlik kelishuvi uzaytirilmasa, harbiy harakatlar qayta boshlanishi mumkin. Ammo falastinliklarning ommaviy qaytishi buni murakkablashtiradi. Tahlilchilarga ko‘ra, Isroil bu vaziyatda urushni davom ettirishi qiyin bo‘ladi.
Yordamga muhtoj g‘azolik bolalar
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish G‘azodan 2,5 ming bolani zudlik bilan evakuatsiya qilishga chaqirdi. Amerikalik shifokorlarning aytishicha, agar ular yaqin haftalarda zarur tibbiy yordamni olmasa, hayotdan ko‘z yumishi mumkin.
15 oylik urush G‘azo sog‘liqni saqlash tizimini butunlay vayron qildi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, 12 mingdan ortiq bemor evakuatsiya qilinishni kutmoqda, ularning 2,5 mingi bolalar.
Kaliforniyalik jarroh Feruz Sidvaning ta’kidlashicha, aksariyat bolalarga oddiy jarrohlik amaliyotlari zarur, ammo G‘azoda asboblar va steril sharoit yo‘q.
Stenford universitetidan doktor Emmanuel Han bolalarga protezlar va reabilitatsiya imkoniyati yo‘qligini aytmoqda.
Isroil evakuatsiya jarayonini tez-tez to‘xtatib turishi sababli hali-hanuz aniq mexanizm ishlab chiqilmagan. BMT rahbari bu holatni toqat qilib bo‘lmas fojia deb atadi.
Suriyada yagona boshqaruv tiklanadi
Suriyaning yangi prezidenti Ahmad Ash-Shar’a mamlakatda yagona boshqaruvni tiklash, terrorizmga qarshi kurash va siyosiy islohotlarni amalga oshirishni va’da qildi.
30 yanvar kuni u o‘tish davri hukumati tashkil etilganini e’lon qildi va bu hukumat mamlakatni yangi saylovlargacha boshqaradi.
Ash-Shar’a hozirgi kundagi asosiy maqsad — Suriya hududiy yaxlitligini tiklash ekanini ta’kidladi. U kurd ayirmachi guruhlarining faoliyatiga barham berish va shimoliy-g‘arbiy hududlarda to‘liq nazorat o‘rnatishni va’da qildi. Bu hududlarda, ayniqsa, Dayr-uz-Zavrdagi neft konlari terrorchi guruhlar qo‘lida qolmoqda.
Prezident yangilangan konstitutsiya ishlab chiqilishi va keng qamrovli aholi ro‘yxati o‘tkazilishini aytdi. Unga ko‘ra, yangi saylovlar to‘rt yil ichida o‘tkaziladi. Ash-Shar’a Bashar Asad rejimining ag‘darilishini «suriyaliklar uchun ozodlik» deb baholadi va iqtisodiy islohotlar boshlanishini ma’lum qildi.
KXDR askarlari frontdan olib ketildimi?
Shimoliy Koreya harbiylari Rossiya-Ukraina urushidagi yo‘qotishlar tufayli frontdan orqaga qaytarildi, deb yozadi The New York Times. Ukraina va AQSh manbalariga ko‘ra, KXDR 11 ming askar yuborgan, ammo ular uch oy ichida yirik yo‘qotishlarga uchrab, saflari ikki baravarga kamaygan.
Rossiya KXDR askarlaridan piyoda qo‘shin sifatida foydalanib, ularni tank va artilleriya yordamisiz minalar maydoniga tashlagan. Bu tizimli boshboshdoqlik va katta yo‘qotishlarga olib kelgan. Ukraina harbiylari ularning zaif koordinatsiyasi va qo‘mondonlik muammolarini qayd etgan.
Vashington manbalari KXDR askarlarining olib ketilishi vaqtinchalik qaror bo‘lishi mumkinligini ta’kidlayapti. Ular tayyorgarlikdan so‘ng yana frontga yuborilishi mumkin. Rasmiy Pyongyang esa yo‘qotishlarga e’tibor qaratmay, Moskva bilan foydali bitim qilishni maqsad qilgan.
Rossiyaliklar qayerlarga ko‘chmoqda?
So‘nggi uch yil ichida Rossiyaning 95 mingdan ortiq fuqarosi Isroilga ko‘chib o‘tdi. Bu sovet ittifoqi parchalanganidan keyingi eng yirik repatriatsiya to‘lqini bo‘ldi, deb xabar berdi Binyamin Netanyahu devonxonasi.
2022 yildan buyon 145 ming kishi Isroil fuqaroligiga ega bo‘ldi, ularning ikkidan uch qismi rossiyaliklardir. Bu ko‘rsatkich 1989–1991 yillarda SSSRdan chiqib ketgan 120 ming repatriant bilan taqqoslanadi.
Urush boshlanganidan buyon mamlakatni tark etishga qaror qilgan rossiyaliklarning asosiy qismini sobiq SSSR davlatlari qabul qilmoqda:
Jumladan, Armanistonga 110 ming, Qozog‘istonga 80 ming, Gurjistonga 73,6 ming ruslar ko‘chib o‘tgan.
Shuningdek, AQSh — 48 ming, Germaniya — 36 ming va Turkiya —28 ming rossiyalik muhojirlarni qabul qilgan.
Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 20 yil ichida Rossiyani 2 mlnga yaqin fuqarolar tark etgan.
The Economist ayni paytdagi muhojirlikni 1920 yillardagi siyosiy qochqinlar to‘lqiniga tenglashtirmoqda.
Kanada va Meksika bilan savdo urushi
AQSh bugundan boshlab Kanada va Meksikadan import qilinadigan tovarlarga 25 foizlik boj joriy qiladi. Tramp bu qarorni savdo taqchilligini kamaytirish va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash bilan asosladi.
Biroq neft bojlari bo‘yicha qaror hali qabul qilinmagan. Agar ular joriy etilsa, yoqilg‘i narxi oshib, iqtisodga ta’sir qilishi mumkin.
Kanada va Meksika javob sanksiyalari tayyorlayotgani haqida ma’lum qildi, biroq Vashingtonni qarorni qayta ko‘rib chiqishga chorlashda davom etmoqda. AQSh uchun Kanada eng yirik eksport bozori, ikki davlat o‘rtasida har kuni 3,6 mlrd dollarlik savdo-sotiq amalga oshadi.
Shu bilan birga, Tramp Xitoy tovarlariga ham qo‘shimcha tariflar joriy etishni rejalashtirmoqda. Pekin bu mojaroni keskinlashtirmaslikka chaqirmoqda, biroq Vashington hozircha pozitsiyasini o‘zgartirgani yo‘q.
Tramp Grenlandiya masalasida hazillashmayapti
AQSh davlat kotibi Marko Rubio prezident Donald Trampning Grenlandiyani sotib olish g‘oyasini tasdiqlab, uning Arktikadagi strategik ahamiyatini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Grenlandiyada Xitoy ta’sirining oldini olish uchun jiddiy choralar ko‘rishi kerak.
Rubio Arktikaning muzlar eriyotgani sababli jahon savdo yo‘llari uchun muhim hududga aylanayotganini va bu yerda Xitoy tajovuzkor siyosat yuritayotganini ta’kidladi. «Agar Xitoy Grenlandiyada ta’sirini kuchaytirsa, biz bu hududni himoya qila olamizmi?» — deb savol tashladi u.
Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen Trampning taklifini rad etgan. Ammo davlat kotibi prezidentning pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlab, bunday muzokaralarda kuchli bosim o‘tkazish odatiy usul ekanini aytdi.
Turkiya yashil energiyadan 15 mlrd dollar tejadi
Keyingi ikki yarim yil ichida Turkiya quyosh va shamol energetikasi hisobiga tabiiy gaz import hajmini 15 mlrd dollarga qisqartirgani ma’lum bo‘ldi.
Faqat quyosh energetikasi orqali 52 TWh elektr energiyasi ishlab chiqarilgan, bu esa mamlakat umumiy iste’molining 6 foizini tashkil qildi va 5,4 mlrd dollarlik gaz sotib olishdan saqladi. 2024 yilda quyosh stansiyalari hisobiga gaz importi 1,7 mlrd dollarga kamaydi va 2023 yilga nisbatan o‘sish 22 foizni tashkil etdi.
Ikki yarim yil ichida Turkiya quyosh energetikasini 2 barobar oshirib, 19 GW’ga yetkazdi va 2025 yilga belgilangan maqsadga 2024 yil avgustidayoq erishdi. Endi mamlakat 2035 yilgacha shamol va quyosh energetikasi hajmini 120 GW’ga yetkazishni rejalashtirgan.
Turkiya o‘smirlarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi
Turkiya 2025 yilda 16 yoshdan kichik bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklashni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakat transporti va infratuzilma vaziri Abdulqodir Uralog‘lu ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bolalar eng nozik guruh va ularni himoya qilish kerak. «Yoshlar uchun ijtimoiy tarmoqlarda foydali narsa yo‘q. Biz bu borada tartibga soluvchi choralar ko‘rishni rejalashtiryapmiz», — dedi vazir CNN Türk telekanaliga.
Turkiya bu borada xalqaro tajribani o‘rganmoqda. Avstraliya 2023 yilda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlagan. Norvegiya esa bu chegarani 15 yoshga chiqarishni rejalashtirmoqda.
Mavzuga oid
15:45 / 25.06.2026
Venesuelada dahshatli zilzila va Fransiyada qayd etilgan Ebola – kun dayjesti
15:30 / 24.06.2026
Trampga qarshi respublikachilar va Yevropaga kelgan «Tolibon» rasmiylari – kun dayjesti
14:12 / 23.06.2026
Neft savdosiga «ruxsat olgan» Eron va Voronejdagi zavodga hujum – kun dayjesti
15:50 / 22.06.2026