Jahon | 15:50
1338
9 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariyada uchrashgan AQSh–Eron rasmiylari va Yevropada ekstremal issiq – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

AQSh va Eron muzokaralari

Shveytsariyada AQSh va Eron yuqori martabali rasmiylari o‘rtasidagi muzokaralarning birinchi raundi yakunlandi. AQSh delegatsiyasiga vitse-prezident Jyey Di Vens boshchilik qildi. Shuningdek, prezident Trampning kuyovi Jared Kushner va maxsus vakili Stiv Uitkoff ham keldi.

Eron delegatsiyasiga esa parlament spikeri Muhammad Boqir G‘olibof va tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi boshchilik qildi. Shuningdek, vositachilar qatorida Pokiston va Qatar bosh vazirlari ham Shveytsariyaga keldi.

Vositachi davlatlar qo‘shma bayonotida aytilishicha, 10 soatlik muzokaralardan so‘ng AQSh va Eron – 60 kun ichida yakuniy kelishuvga erishish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ga kelishib olgan.

Tomonlar Livandagi harbiy harakatlarga chek qo‘yish mexanizmiga ham kelishgan. Shuningdek, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar xavfsiz o‘tishini ta’minlash maqsadida tushunmovchiliklarning oldini olish uchun «aloqa liniyasi» tashkil etiladi. AQSh diplomatining BBC'ga aytishicha, muhokamalar yadroviy kelishuv «elementlari»ga ham qaratilgan.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi uning mamlakati neft eksporti uchun cheklovlardan istisnolar olishga, muzlatilgan ayrim aktivlarni qaytarishga hamda Eronni qayta tiklash rejasini ishga tushirishga muvaffaq bo‘lganini ma’lum qildi. Oq uy muzokaralar yakunlangani borasida hozircha munosabat bildirmadi.

Yakshanba kuni muzokaralar rasman boshlanishidan biroz oldin Tramp Eron rasmiylariga – agar ular bo‘g‘ozni yana yopishga urinsa, «mamlakatingiz qolmaydi» deb aytgani haqida xabarlar tarqaldi.

Trampning tahdidlari ommaga oshkor bo‘lgach, Eron delegatsiyasi muzokaralar o‘tkazilayotgan xonaga qaytishdan bosh tortgan. Biroq xabarlar vositachilar orqali yetkazilib turilgan. Ammo amerikalik diplomat Reuters agentligiga «eronliklar hech qayerga ketishgani yo‘q va tunda ham muzokaralarni davom ettirishmoqda», dedi.

Qatar Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, texnik muzokaralar hafta oxirigacha davom etadi.

Yevropada ekstremal issiq

Yakshanba kuni Yevropaning katta qismini kuchli issiq to‘lqini qamrab oldi, havo harorati Tselsiy bo‘yicha 40 darajaga yaqinlashdi. Bu holat butun qit’a bo‘ylab ogohlantirishlar berilishiga, transport tizimida uzilishlarga hamda yovvoyi tabiat, sayyohlik maskanlarida og‘ir vaziyat yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi.

Bir necha kun davomida harorat 35°C dan yuqori bo‘lgach, Italiya rasmiylari sakkizta shahar, jumladan, Bolonya, Florensiya, Milan va Turin uchun «qizil» darajadagi ogohlantirish e’lon qildi.

Ispaniya ob-havo agentligi ham bir nechta mintaqalarda ogohlantirishlar e’lon qildi.

Ekstremal issiq infratuzilmaga salbiy ta’sir ko‘rsata boshladi. Fransiya milliy temiryo‘llari kompaniyasi yuqori harorat – elektr tarmoqlariga zarar yetkazishi va relslarning kengayishiga olib kelishi xavfi tufayli temiryo‘l tarmog‘iga «kuchli ta’sir ko‘rsatganini» aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tarmoqni kuzatish uchun 3 500 nafar xodim safarbar etilgan, yana 2 000 nafari esa favqulodda ta’mirlash ishlarini olib boradi. Operator dushanba kuniga qadar asosiy yo‘nalishlardagi 71 ta shaharlararo poyezdlar qatnovini bekor qildi.

Germaniyada harorat allaqachon 38°C gacha ko‘tarilgan bir paytda, kuchli yomg‘ir va shiddatli shamol boshlangan. Buning ortidan «Berlin Open» turniri o‘tkazilayotgan maydon evakuatsiya qilindi.

Haroratning keskin ko‘tarilishiga — Sahroyi Kabirdan shimolga harakatlanayotgan «Afrika antitsikloni» harakatga keltirayotgan issiq havo massasi sabab bo‘lmoqda. Meteorologlarning ta’kidlashicha, ushbu tizim «issiq gumbazi» deb ataladigan hodisani yuzaga keltirib, issiq havoni G‘arbiy va Markaziy Yevropa uzra ushlab turibdi. Shuningdek haroratning kundan kunga ko‘tarilishiga sabab bo‘lyapti.

Rossiya–Ukraina urushi

Rossiya qo‘shinlari yakshanbaga o‘tar kechasi Ukrainaning qator hududlariga navbatdagi ommaviy havo hujumini uyushtirdi. Mahalliy hokimiyat organlari xabarlariga ko‘ra, hujumlar oqibatida kamida 10 kishi halok bo‘lgan, ulardan besh nafari — Zaporijjiya viloyatida. Bu hududda Rossiyaning boshqariladigan aviabombalari tomonidan berilgan zarbalar oqibatida yana 26 kishi jarohatlangan.

Poltava viloyatida yana ikki kishi halok bo‘lgan, 14 kishi jarohatlangan, ularning olti nafari bolalar. Mahalliy rasmiylarning aniqlik kiritishicha, zarba ikkita korxonaga berilgan, yaqin atrofda joylashgan uylarga zarar yetgan.

Xersonda 40 yoshli erkak Rossiya droni hujumi qurboni bo‘ldi. Xarkovda Rossiya droni 12 qavatli uyga zarba berdi. Bundan tashqari, dronning avtomobilga uyushtirgan hujumi oqibatida bir ayol halok bo‘ldi, yana 13 kishi jarohatlandi.

Ukraina Qurolli kuchlari hisobotiga ko‘ra, 21 iyunga o‘tar kechasi Rossiya ikkita «Iskander-M» ballistik raketasi, ikkita «Kinjal» aeroballistik raketasi, shuningdek, 105 ta «Shahed» va shu kabi zarbdor va simulyator-dronlar bilan zarba bergan. Ballistik raketalar va 6 ta zarbdor dron nishonga kelib urilgan.

Ukraina bunga javoban yana Rossiyaga dronlar uchirishni boshladi. Yakshanba kuni Rossiya bo‘ylab qariyb 500 ta samolyot tipidagi dron tutib qolingan. Dushanba tongida esa Moskvada 70 ga yaqin dron urib tushirilgan.

Tayvanda harbiy mashg‘ulotlar

Tayvan harbiylari shu haftada besh kunlik jangovar shaylik mashg‘ulotlarini o‘tkazadi. Mudofaa vazirligiga ko‘ra, bu tadbir — urushni simulyatsiya qiluvchi yanada realistik mashqlar, modernizatsiya rejalarining bir qismidir.

Tayvan harbiylari o‘zining ba’zi mashg‘ulotlarini — Xitoy orol atrofidagi muntazam mashqlardan birini to‘satdan haqiqiy hujumga aylantiradigan ssenariyga asoslashni boshladi.

Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, ushbu mashg‘ulotlar tinchlik davridan urush davriga tezkor o‘tishni va ustuvor joylashtirishni kuchaytirishga yordam beradi. Bunda harakatlar «haqiqiy qo‘shinlar tomonidan, haqiqiy joyda, real vaqt rejimida, haqiqiy texnikadan foydalangan holda va amaliy ijro orqali» olib boriladi.

Ushbu e’lon — Xitoy Tayvan yaqinidagi osmonga yana ko‘p miqdorda harbiy samolyotlarni yuborgani haqidagi xabar berilgan kuni yangradi.

Gap Xitoyning 21 ta samolyoti haqida bormoqda. Ulardan 19 tasi Tayvan janubi-g‘arbidagi havo hududiga kirib, «ochiq dengiz ustida uzoq masofali o‘quv-mashg‘ulotlarini» o‘tkazgan.

Starmer atrofidagi gap-so‘zlar

Buyuk Britaniya biznes va savdo ishlari vaziri Piter Kayl — bosh vazir Kir Starmer o‘z lavozimini tark etishga tayyorlanayotgani haqidagi xabarlarni ishonchsiz deb atadi.

Kayl, shuningdek, Starmer hukumat ichidagi ta’sirini yo‘qotgani haqidagi iddaolarni ham rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bosh vazir o‘z majburiyatlarini samarali bajarishda va xalqaro maydonda natijalarga erishishda davom etmoqda. Vazir bunga misol tariqasida Starmerning G7 sammitida o‘tkazgan muzokaralarini keltirdi.

Buyuk Britaniyadagi siyosiy inqiroz haqidagi mish-mishlar fonida, AQSh prezidenti Donald Tramp ham Starmer go‘yoki iste’foga chiqishi haqida yozdi. Trampning fikricha, Britaniya bosh vaziri migratsiya siyosati va energetika masalalarida muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Amerika prezidenti kutilayotgan iste’foni go‘yoki allaqachon hal bo‘lgan masala sifatida taqdim etib, Starmerga omad tiladi.

Avvalroq BBC nashri ham Leyboristlar partiyasidagi manbalariga tayanib, Starmerning kelajagi atrofidagi kayfiyat sezilarli darajada o‘zgarganini xabar qilgandi. Unga ko‘ra, borgan sari ko‘proq hukumat vakillari bosh vazir allaqachon — dushanba kuniyoq o‘zining ketish muddatlarini e’lon qilishini taxmin qilgan.

Starmerning o‘zi esa avvalroq bir necha bor iste’foga chiqish niyati yo‘qligini va faoliyatini davom ettirish niyatida ekanini ta’kidlagandi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid