AQShning yangi prezidenti deyarli har kuni Rossiya-Ukraina urushini yakunlash rejasi bo‘yicha qandaydir yangi gap aytmoqda. Bu holatda uning Moskvaga nisbatan ohangi tobora qat’iylashib bormoqda: jumladan, agar Moskva harbiy harakatlarni bas qilmasa, neft narxlarini qulatishga ham va’da berdi.

Bundan tashqari, mojaroni tinchitish uchun Kit Kellogni maxsus vakil qilib tayinladi. Reuters va The Wall Street nashrlari saylovgacha ham Kellog tinchlikka erishish uchun Trampga ham Kiyevga ham, Moskvaga ham bosim o‘tkazish kerakligini tavsiya qilganini yozib chiqqandi. Bir vaqtning o‘zida Tramp Zelenskiyni 2022 yil boshida muzokaralarni boshlamagani uchun ochiqchasiga tanqid qildi. Trampni lavozimiga kirishishi bilan tabriklar ekan, Putin «Ukraina mojarosi» bo‘yicha muloqotga tayyorligini tasdiqladi, keyinroq Amerika prezidenti bilan «ishonchga sazovor munosabatlar»ga ega ekanini qo‘shimcha qildi.

Tinchlik muzokaralari atrofidagi vaziyat borgan sari taranglashib bormoqda. Bu borada Kiyevdagilarning fikri qanday? «Meduza» maxsus muxbiri Liliya Yapparova Volodimir Zelenskiy ofisi rahbarining maslahatchisi Mixaylo Podolyak bilan suhbat o‘tkazdi.

— So‘nggi bir necha oy davomida hamma tinchlik muzokaralarini muhokama qilmoqda. Sizningcha, u yaqin orada amalga oshadimi?

— Avvalo, tinchlik tushunchasini aniqlashtirib olish kerak. Rossiya uchun bu — okkupatsiya, Ukraina uchun esa hayotini saqlab qolish imkoniyati. Demokratik davlatlar shunga yaqinlashib boryapti, deb ishonaman: bunday urushlar faqat tajovuzkor davlatni majburlash orqali to‘xtatiladi. Ular bilan kelishib bo‘lmaydi, ularni faqat majburlash mumkin. Buni AQShning yangi prezidentining Rossiyaga nisbatan o‘zgargan ritorikasida ham ko‘ryapman. Bu esa muayyan umidlarni paydo qiladi.