Jahon | 15:00 / 12.02.2025
5791
9 daqiqa o‘qiladi

Trampga raddiya bergan HAMAS, hududlar almashinuviga rozi Zelenskiy va italyan mafiyasiga qarshi yirik operatsiya - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

HAMASdan Tramp tahdidlariga raddiya

HAMAS AQSh prezidenti Donald Trampning «chinakam do‘zax» yaratish tahdidini qabul qilmasligini ma’lum qildi. Tramp G‘azodagi qolgan isroillik asirlar 17 fevralga qadar ozod etilmasa, G‘azoga hujumlar davom etishi ultimatumini qo‘ygan edi.

HAMAS vakili Sami Abu Zuhriy shunday dedi: «Tramp shunga e’tibor berishi kerakki, orada sulh bitimi bor va unga ikki tomon ham rioya qilishi shart. Bu – asirlarni qaytarishning yagona yo‘li».

Avvalroq HAMAS Isroilni sulh shartlarini buzishda ayblab, uch nafar isroillik asirni ozod etishni kechiktirishini ma’lum qilgan edi. Uning ta’kidlashicha, Isroil G‘azodagi muhojirlarga yordamga mo‘ljallangan vaqtincha uylar va humanitar yordam kiritilishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Sulhning ikkinchi bosqichi — barcha qolgan asirlarni ozod qilish va o‘t ochishni to‘liq to‘xtatishni nazarda tutadi. Agar mart oyiga qadar bu borada kelishuvga erishilmasa, urush yana davom etishi mumkin.

Husiychilar sulh buzilsa Isroilga hujum qilmoqchi

Yamandagi husiychilar harakati Isroil va unga bog‘liq kemalarga hujumlarni qayta boshlashini ma’lum qildi. Harakat yetakchisi Abdulmalik al-Husiy televideniye orqali chiqish qilib, agar Binyamin Netanyahu hukumati G‘azodagi sulhni buzsa, hujumlar qayta boshlanishini aytdi.

Husiychilar 2023 yil noyabridan boshlab Qizil dengiz va Adan ko‘rfazida 100 dan ortiq hujumlar uyushtirgan. Bu hujumlar asosan Isroil bilan bog‘liq kemalar va Bob-ul-Mandab qo‘ltig‘i — Yevropani Osiyo bilan bog‘lovchi strategik yo‘lakka qaratilgan edi.

Yanvar oyida husiychilar G‘azodagi sulh va asirlarni almashish jarayoni munosabati bilan hujumlarni vaqtincha to‘xtatgan. Biroq agar Netanyahu hukumati sulhni buzsa, husiychilar hujumlarni yana boshlashini ma’lum qildi.

Turkiyaning xalqaro obro‘yi ortib bormoqda

Myunxen xavfsizlik hisobotida Turkiyaga nisbatan ijobiy munosabat kuchayib, AQSh va Isroilga bo‘lgan ishonch pasaygani qayd etildi.

Myunxen xavfsizlik anjumani oldidan e’lon qilingan hisobot 11 mamlakat fuqarolari o‘rtasidagi so‘rovlarga asoslangan. Unga ko‘ra, Turkiyaga ittifoqchi sifatida qaraydiganlar soni bu mamlakatni tahdid deb bilishdan ko‘ra ko‘proq. Germaniya, Buyuk Britaniya va Italiyada ijobiy munosabat 8-11 foizga o‘sgan.

Shu bilan birga, AQSh va Isroilning xalqaro nufuzi pasaymoqda. Fransiya, Yaponiya va Germaniyada AQShni ishonchli sherik deb bilganlar soni sezilarli kamaygan. Isroil esa oxirgi yilda tahdid sifatida ko‘rilgan yagona mamlakat bo‘ldi. Bu G‘azodagi mojaro va xalqaro sudlardagi da’volar bilan bog‘liq.

AQSh Ukrainadagi tinchlik rejasini to‘xtatdi

AQSh Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi mojaroni tugatishga qaratilgan tinchlik rejasini ishlab chiqishni vaqtincha to‘xtatdi. The Telegraph nashriga ko‘ra, bu qaror Donald Tramp ma’muriyatining maxsus vakili Kit Kellog Yevropa davlatlari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazishi uchun qabul qilingan.

Manbalarga ko‘ra, Kellog Yevropa Ittifoqi va NATO davlatlari yetakchilari bilan uchrashib, ularning fikrlarini inobatga olmoqchi. Shu tariqa, Tramp ma’muriyati Yevropa ittifoqchilarini tinchlik jarayonidan chetlatmoqchi emasligini ko‘rsatishni maqsad qilgan.

Vashington Rossiya bilan muzokaralar o‘tkazishda Ukraina pozitsiyasini mustahkamlash niyatida, deyiladi The Telegraph xabarida. Tramp uchun Rossiya—Ukraina urushini to‘xtatish prezidentlik dasturining asosiy maqsadlaridan biri hisoblanadi.

Bungacha Bloomberg agentligi Kellog tinchlik rejasini Myunxen xavfsizlik konferensiyasida taqdim etadi, deya xabar bergandi. Lekin Kellog bu ma’lumotni rad etib, rejani Tramp o‘zi taqdim qilishini ma’lum qildi. Biroq bu 16 fevraldan oldin sodir bo‘lmasligi ta’kidlangan.

Zelenskiy Rossiya bilan hududlar almashishga rozi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy agar AQSh prezidenti Donald Tramp Kiyev va Moskvani muzokara stoliga o‘tqazsa, Rossiya bilan hududlar almashish imkoniyati muhokama qilinishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda u The Guardian nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Rossiyaga Kursk oblastidagi bosib olingan hududlarni qaytarib, o‘rniga o‘z yerlarini talab qilishi mumkin. Biroq u Kiyev hozircha qaysi hududlarni talab qilishini aniq bilmasligini ta’kidladi.

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi esa urushni tugatish bo‘yicha yakuniy muzokaralar qachon va qayerda o‘tkazilishi Ukraina va AQSh o‘rtasidagi maslahatlashuvlardan keyin aniqlanishini bildirgan.

Italiyada mafiyaga qarshi yirik operatsiya

Italiyada huquq-tartibot organlari Sitsiliya mafiyasiga qarshi yirik amaliyot o‘tkazib, Palermo shahrida Koza Nostra uyushgan jinoiy tuzilmasining 180 nafar a’zosini qo‘lga oldi.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, hibsga olinganlar giyohvand moddalar savdosi, qotillikka urinish, tovlamachilik va noqonuniy qurol saqlashda gumon qilinmoqda.

Italiya bosh vaziri Jorja Meloni bu operatsiyani Sitsiliya mafiyasiga berilgan kuchli zarba, deya baholadi.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Koza Nostra o‘z faoliyatida an’anaviy usullar bilan birga kriptovaluta va zamonaviy texnologiyalardan ham foydalanmoqda. Politsiya esa mafiya hali ham Sitsiliya yoshlarini o‘z tarkibiga jalb qilayotganini ta’kidladi.

Tramp korrupsiyaga qarshi qonunni o‘zgartirdi

AQSh prezidenti Donald Tramp xorijda korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risidagi qonunni qayta ko‘rib chiqish haqida farmon imzoladi. U bu qonun Amerikaning biznes manfaatlariga ziyon yetkazishini ta’kidladi.

FCPA deb ataluvchi qonun 1977 yilda prezident Jimmi Karter davrida qabul qilingan bo‘lib, yirik korporatsiyalarning xorijiy amaldorlarga pora berishiga qarshi kurashga qaratilgan edi. Tramp esa bu qonunni avvaldan «hayratlanarli darajada yomon» deb atagan va uni bekor qilishga intilishini bildirgan.

Trampning qaroriga ko‘ra, AQSh bosh prokurori 180 kun ichida qonun qoidalarini qayta ko‘rib chiqishi kerak. Shu muddat ichida yangi FCPA tergovlari boshlanmaydi, faqat ayrim holatlar bundan mustasno.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yilda Trampning oldingi raqibi Jo Bayden xorijda tovlamachilikka qarshi FEPA qonunini imzolagan. U nafaqat Amerika kompaniyalariga, balki pora talab qilgan xorijiy amaldorlarga ham javobgarlikni kuchaytirgan edi.

Ilon Mask OpenAIʼni sotib olmoqchi

Ilon Mask va uning investorlar konsorsiumi OpenAI’ni 97,4 mlrd dollarga sotib olish uchun taklif berdi, deb yozadi The Wall Street Journal.

OpenAI rahbari Sem Altman bu taklifga rad javobini berib, Maskka hazilomuz taklif bilan murojaat qildi: «Yo‘q, rahmat, ammo xohlasangiz, biz Twitter'ni 9,74 mlrd dollarga sotib olishimiz mumkin».

Mask ham OpenAI’ning hammuassisi bo‘lgan, biroq 2018 yilda kompaniyani tark etgan. U OpenAI’ning tijorat maqsadlariga o‘tishiga qarshi chiqib, kompaniya va Altmanni sudga bergan. Uning fikricha, OpenAI Microsoft’ning yopiq kodli shu’ba kompaniyasiga aylanib qolgan va kompaniyani yana ochiq dasturiy ta’minotga qaytarish vaqti kelgan.

Yanvarda Maskning advokati OpenAI'ni sotish uchun auksion o‘tkazishni talab qilgan, biroq OpenAI bu talabni asossiz deb topgan.

Shuningdek, Tramp va Altman Amerika ma’lumotlarni qayta ishlash markazlariga 500 milliard dollar investitsiya kiritish loyihasini taqdim etgan. Ammo Mask bu loyihada ishtirok etmagan va keyinchalik Altmanni firibgar deb atagan.

Mavzuga oid