Jahon | 10:31 / 17.02.2025
1378
2 daqiqa o‘qiladi

Chexiya Ukraina uchun snaryadlar sotib olishni davom ettirishga va’da berdi

Chexiya prezidenti Petr Pavel Yevropa Ittifoqi va NATO mablag‘lari hisobidan Ukraina uchun uchinchi davlatlardan o‘q-dorilar sotib olishni davom ettirishga va’da berdi. Ilgari ushbu tashabbus doirasida Ukraina Qurolli kuchlariga 1,6 million o‘q-dori yetkazib berilgandi.

Foto: AA

Chexiya hukumati xalqaro donorlar mablag‘lari hisobidan uchinchi davlatlardan Ukraina uchun artilleriya snaryadlarini sotib olish tashabbusini davom ettiradi. Bu haqda Chexiya prezidenti Petr Pavel 15 fevral, shanba kuni Myunxen xavfsizlik konferensiyasida jurnalistlarga ma’lum qildi.

Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, tashabbus amalga oshirilgan bir yil davomida Ukrainaga 1,6 million yirik kalibrli o‘q-dorilar yetkazib berilgan. Yetkazib berish aprelgacha kafolatlangan, ammo Praga bundan keyin ham ularni davom ettirish niyatida.

Petr Pavel: Tinchlik kelishuviga qadar Kiyevni qo‘llab-quvvatlash kerak

«Biz ittifoqchilarimizdan shu yilning apreligacha Ukrainaning ehtiyojlarini qondirish uchun yetarli mablag‘ oldik. Va bu yerda, bu konferensiyada men ittifoqchilar bilan qo‘shimcha resurslarni ta’minlash bo‘yicha muzokaralar olib bordim», dedi Chexiya prezidenti. «Biz hozir, masalan, marra chizig‘i oldidan gaz tepkisidan oyog‘imizni olishimiz kerak emas. Biz Ukrainani kelishuvga erishmagunimizcha qo‘llab-quvvatlaymiz».

Chexiya hukumatidagi anonim manbaning Reuters agentligiga aytishicha, 1,6 million snaryad 100 mmdan ortiq kalibrli o‘q-dorilardir. Ulardan 500 000 ga yaqin snaryadlar - NATO standartlariga mos keladigan 155 mm kalibrli.

Mavzuga oid