Jahon | 13:58 / 17.02.2025
4543
10 daqiqa o‘qiladi

Rubioning Isroilga tashrifi, Saudiyada Ukraina bo‘yicha muzokara va NATO tanqidiga uchragan ukrainalik harbiylar - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Marko Rubio va Netanyahu uchrashuvi

AQSh davlat kotibi Marko Rubio Yaqin Sharq bo‘ylab safari doirasida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan uchrashib, G‘azo, Livan va Erondagi vaziyat yuzasidan muzokaralar o‘tkazdi.

Qo‘shma matbuot anjumanida Rubio Eronni «mintaqadagi eng katta beqarorlik manbai» deb atadi. U AQShning Eronga yadro qurolini qo‘lga kiritishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qat’iy pozitsiyasiga urg‘u berdi.

G‘azo masalasida Rubio «HAMAS harbiy yoki hukumat kuchi sifatida mavjud bo‘lmasligi kerak. U yo‘q qilinmagunicha tinchlikka erishib bo‘lmaydi», dedi.

Rubio, shuningdek, Suriya va Livandagi vaziyat haqida gapirib, AQSh va Isroilning umumiy maqsadi «Livanda kuchli davlat qurish va «Hizbulloh»ni qurolsizlantirish» ekanini ta’kidladi.

Saudiyada Ukraina bo‘yicha muzokara o‘tkaziladi

AQSh va Rossiya rasmiylari yaqin kunlarda Saudiya Arabistonida Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazadi. Bu haqda AQShdagi muzokara rejalaridan xabardor manba ma’lum qildi.

Ayni paytda Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrif bilan borgan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy avvalroq Kiyev mazkur muzokaralarga taklif etilmaganini ma’lum qilgan edi.

AQSh davlat kotibi Marko Rubio, milliy xavfsizlik maslahatchisi Mayk Uoltz va Oq uyning Yaqin Sharq bo‘yicha elchisi Stiv Uitkoff muzokaralarda qatnashish uchun Saudiyaga yo‘l oladi. Rossiya tomonidan kim ishtirok etishi hali aniq emas.

AQSh vakili Maykl Makkol muzokaralarning maqsadi Tramp, Putin va Zelenskiy ishtirokida uchrashuv tashkil qilish ekanini aytdi.

Yevropa davlatlari muzokaralarda ishtirok etmasligi mumkin. Biroq Vashington Yevropa poytaxtlariga Kiyevning xavfsizlik kafolatlari uchun qanday hissa qo‘sha olishlarini so‘rab savolnoma yuborgan.

Zelenskiy: Ukrainasiz kelishuv tan olinmaydi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiyevsiz Rossiya bilan tinchlik kelishuvi tuzish mumkin emasligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, muzokaralar stoli atrofida AQSh, Yevropa Ittifoqi, Ukraina va Rossiya bo‘lishi kerak.

«Men Ukraina ishtirokisiz tinchlik bitimiga imzo chekmayman. Bizning xalqimiz ham bunday kelishuvni qabul qilmaydi», — dedi Zelenskiy. U Ukraina AQShning strategik hamkori ekanini qayd etdi, biroq Yevropaning bir qismi sifatida Yevropa Ittifoqi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishga muhtoj ekanini bildirdi.

Zelenskiy Rossiya bosqinni boshlagan 2022 yildagi chegaralarga qaytishi kerakligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, Donald Tramp uchun bu mojaroni to‘xtatishda muvaffaqiyat zarur, aks holda Ukrainadagi hozirgi chegaralar «Tramp chizig‘i», 2022 yildagi holat esa «Bayden chizig‘i» sifatida tarixga kiradi.

«Uning muvaffaqiyatga erishishi biz uchun ham muhim. Men ishonamanki, u bizni qo‘llab-quvvatlaydi», — dedi Zelenskiy.

Bu orada AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Kit Kellog Ukrainadagi urushni to‘xtatish uchun yangi muddat belgiladi. Avval u Tramp prezidentlikka saylanganidan keyin 100 kun ichida urushni to‘xtatish mumkinligini aytgan bo‘lsa, endi bu jarayonga kamida 180 kun kerak bo‘lishini ma’lum qildi.

Yevropa Ukraina bo‘yicha favqulodda sammit o‘tkazadi

Yevropa yetakchilari bugun Parijda Ukraina bo‘yicha favqulodda sammit o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Uchrashuvda AQShning Rossiya bilan muzokara o‘tkazish tashabbusi muhokama qilinadi, chunki bu jarayonda Yevropa ishtirok etmasligi mumkin.

Sammit tashabbuskori Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, asosiy g‘oya muallifi esa Britaniya bosh vaziri Kir Starmer. Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy ham Makron Yevropa yetakchilarini Parijga chorlaganini tasdiqladi. Biroq Yelisey saroyi hozircha rasmiy e’lon qilmadi.

Parijdagi uchrashuvdan so‘ng, Starmer uning natijalarini Donald Tramp bilan muhokama qilish uchun Vashingtonga borishi kutilmoqda. Shundan so‘ng Yevropa yetakchilari va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ishtirokida yana bir sammit o‘tkazilishi mumkin.

Yevropaning bir guruh davlatlari Ukrainaga tinchlikparvar qo‘shin yuborish imkonini ham muhokama qilmoqda. Britaniya va Fransiya bu tashabbusning oldingi safida turibdi. Ular qaysi harbiy kuchlar kerak bo‘lishi mumkinligini o‘rganmoqda.

Tahlilchilarga ko‘ra, agar tinchlikparvar kuchlar Ukrainaga yuborilsa, ular BMTning «ko‘k kaskali» missiyasidan ancha mustahkam bo‘lishi kerak. AQSh harbiylari sobiq qo‘mondoni Ben Hojyesning fikricha, bu qo‘shinlar aviatsiya, qurolli piyoda guruhlari, dronlar va kuchli havo mudofaasi bilan ta’minlanishi zarur.

Ukraina AQShga rad javobini berdi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh taklif etgan nodir metallar bo‘yicha kelishuvni imzolashdan bosh tortdi. Uning ta’kidlashicha, hujjat faqat Vashington manfaatlarini hisobga oladi va Kiyev uchun aniq xavfsizlik kafolatlarini nazarda tutmagan.

AQSh Ukrainaning nodir metallarini avval berilgan yordam uchun «kompensatsiya» sifatida ishlatishni taklif qilgan. Zelenskiy esa har qanday resurslar bilan bog‘liq bitimlar xavfsizlik kafolatlari bilan bog‘lanishi kerakligini ta’kidlagan.

AQSh taklifi qazib olinadigan resurslarning himoyasini ta’minlash mexanizmlarini o‘z ichiga olmagan va Vashington Kiyevga bu borada aniq yechim taklif etmagan.

AQSh Zelenskiyning kelishuvni imzolashdan bosh tortganidan afsusda ekanini bildirdi. Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Brayan Hyuz bu qarorni «uzoqni ko‘ra bilmaslik» deb atadi.

Ukrainaning sobiq rasmiylaridan biri kelishuvni «mustamlakaga xos» deb baholab, Zelenskiy uni imzolay olmasligini aytdi. Milliy tog‘-kon sanoati assotsiatsiyasi rahbari Kseniya Orinchak esa yerosti boyliklari Ukraina Konstitutsiyasiga ko‘ra fuqarolarga tegishli ekanini ta’kidlab, bunday bitim jamoatchilik qo‘llovisiz amalga oshmasligi kerakligini qayd etdi.

Ukraina harbiy taktikasi tanqid qilindi

NATO rasmiylari Ukraina qo‘shinlari G‘arb qurollaridan samarali foydalana olmayotganini tanqid qildi. Ukraina «sovetcha» taktikada qolib, aniq zarbalar o‘rniga ommaviy artilleriya otishlariga ustuvorlik bermoqda. Bu esa G‘arb tomonidan berilgan qimmatbaho qurollarning noo‘rin va besamar sarflanishiga olib kelmoqda.

Britaniya harbiylari NLAW tizimlari misolida buni tushuntirdi. Ularning aytishicha, Ukraina qo‘shinlari bu tankka qarshi raketalarni Rossiya RPGlari kabi ishlatmoqda, ya’ni bir joyga 5-6 ta raketani bir vaqtda otib, har bir zarba uchun 125 ming dollardan ko‘proq mablag‘ni ko‘kka sovurmoqda.

Tahlilchilar buni ukrainalik askarlarning tayyorgarligi qisqartirilgani bilan bog‘laydi: bir necha oylik o‘quv dasturlari ikki haftagacha qisqartirilgan. Boshqa taxminga ko‘ra, haqiqiy jangovar sharoitda G‘arb qurollari kutilgancha samarali bo‘lmayapti.

Kellog: Rossiya hududlardan voz kechishi kerak

Vashingtonning maxsus vakili Kit Kellog Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarida Kreml bir qator yon berishlarga majbur bo‘lishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva bosib olgan hududlarni qaytarish, armiyadan foydalanishni cheklash va harbiy sheriklikni kamaytirish kabi masalalar muhokama qilinadi.

Kellog Rossiyaga qarshi sanksiyalar kuchaytirilishi mumkinligini ham ta’kidladi. U bugungi joriy cheklovlarning amaliy samaradorligi past ekanini, ularni kuchaytirish zarurligini bildirgan.

Unga ko‘ra, urushni tugatish jarayoni Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabani eslatmasligi mumkin. «Hozir birinchi qadam – qon oqishini to‘xtatish, keyin esa davolash. Har qanday reja ehtiyotkorlik bilan o‘ylangan bo‘lishi kerak», — dedi Kellog.

G7ʼdan Rossiyaga qarshi sanksiyalar

«Katta yettilik» davlatlari tashqi ishlar vazirlari Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar uning Ukraina bilan tinchlik muzokaralariga tayyorligiga bog‘liq bo‘lishini ma’lum qildi.

G7 vazirlari bu haqda Myunxen xavfsizlik konferensiyasida kelishib olgan. Ular Ukraina uchun uzoq muddatli xavfsizlik kafolatlarini ta’minlaydigan barqaror tinchlik kelishuviga erishish yo‘lida hamkorlikni davom ettirish niyatida.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Rossiyaning G7’ga qaytish imkoniyati yo‘qligini ta’kidladi. AQSh prezidenti Donald Tramp esa Rossiyani guruhga qaytarish kerakligini aytdi, ammo Yevropa davlatlari bunga qarshilik ko‘rsatmoqda.

Rossiya Suriyadan harbiy kemalarni chiqarmoqda

Britaniya mudofaa vazirligi La-Mansh orqali o‘tgan olti rus kemasini qayd etdi. Reuters’ning xabar berishicha, Rossiya Asad rejimi ag‘darilganidan beri o‘z harbiy resurslarini Suriyadan paydar-pay olib chiqmoqda.

Britaniya mudofaa vaziri Jon Hilining so‘zlariga ko‘ra, bu kemalar Suriyadan chiqib ketgan, lekin hali ham qurol va o‘q-dorilar bilan to‘lgan holda yurgan. Uning ta’kidlashicha, Rossiya zaiflashgan, ammo u hali ham tahdid solayotgan davlatligicha qolmoqda.

Britaniya mudofaa vazirligi fikricha, Rossiyaning Suriyadan harbiy resurslarni olib chiqishi Moskva uchun Ukrainadagi urush ustuvor ahamiyat kasb etayotganini va Asadni himoya qilish imkoniyatlarining cheklanayotganini ko‘rsatadi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid