Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Falastindagi noqonuniy manzilgohlar, Ar-Riyoddagi kelishuvlar va yon berishni rad etayotgan Zelenskiy - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
Isroilning noqonuniy manzilgohlar rejasi
Isroil hukumati G‘arbiy sohilda 974 ta yangi uy qurish tenderini e’lon qildi. Bu haqda Peace Now inson huquqlari tashkiloti xabar berdi. Mazkur uylar Efrat posyolkasi aholisini 40 foizga ko‘paytirib, falastinliklar istiqomat qiladigan Bayt-Lahm shaharchasining rivojlanishiga jiddiy to‘siq yaratadi.
Isroil 1967 yilda G‘arbiy sohil, G‘azo va Sharqiy Quddusni bosib olgan.
Falastinliklar bu hududlarni qamrab olgan o‘z mustaqil davlatini yaratmoqchi, ammo Isroilning bu hududlarda noqonuniy manzilgohlar qurishi va yahudiy millatiga mansub odamlarni ko‘chirib kelishi tinchlik muzokaralariga to‘siq bo‘lib kelmoqda. Bugungi kunda bu hududlarda 500 mingdan ortiq yahudiy muhojirlar yashaydi, 3 million falastinlik esa harbiy nazorat ostida qolmoqda.
Peace Now guruhi Binyamin Netanyahu hukumatini manzilgohlarni kengaytirish va bu orqali tinchlik imkoniyatini yo‘qqa chiqarishda aybladi. Oxirgi ikki haftada yahudiy muhojirlar G‘arbiy sohilda falastinliklarga hujum qilgan, uylarni yoqqan, ammo hech kim qo‘lga olinmagan.
Isroil millatchilari Tramp rejasi tomon
Isroil moliya vaziri va «Diniy sionizm» partiyasi yetakchisi Betsalel Smotrich G‘azo sektorida Donald Tramp taklif qilgan rejani amalga oshirish uchun kurashishini ma’lum qildi. U parlamentda ushbu masala yuzasidan ovoz berishni talab qilib, Isroil falastinliklarni G‘azodan ko‘chirish jarayonini qo‘llab-quvvatlashi kerakligini aytdi.
Smotrich, shuningdek, HAMAS asirlarni bir tomonlama tarzda ozod qilmasa, G‘azoda «oxirzamon» boshlanishini ta’kidladi. U «sektor to‘liq bosib olinishi va to‘liq qamal qilinishi – suvsiz, elektrsiz va yoqilg‘isiz qolishi» kerakligini qayd etib, aholi boshqa davlatlarga ko‘chirilishi kerakligini ta’kidladi.
Betsalel Smotrich avval ham G‘azoda 2 mln falastinlikni ochlikka mahkum qilish g‘oyasini yoqlab, xalqaro tanqidlarga uchragan. Avgust oyida Yevropa Ittifoqi diplomatiya rahbari Jozep Borrel unga hamda Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirga qarshi sanksiya joriy qilishni taklif etgan, biroq Vengriya, Italiya va Germaniya bu tashabbusga qarshilik ko‘rsatgan.
Saudiya: Trampning G‘azo bo‘yicha rejasi noreal
Saudiya Arabistoni sobiq razvedka rahbari, shahzoda Turki Al-Faysal Donald Trampning G‘azodagi falastinliklarni chiqarish rejasini tanqid qildi. U Al Arabiya’ga bergan intervyusida bu g‘oyani amalga oshirish ehtimoli yo‘qligini ta’kidladi.
«Tramp harbiy kuch yuborib, G‘azodagi falastinliklarni chiqarish haqida gapirgan bo‘lishi mumkin, lekin bu gaplar faqat quruq gap bo‘lib qoladi. Hech kim buni amalga oshirishga jur’at qilolmaydi», – dedi Al-Faysal.
Shuningdek, u arab davlatlarining birlashishi muhimligini ta’kidlab, bu Falastin masalasini himoya qilishda hal qiluvchi omil bo‘lishini bildirdi. Saudiya rasmiylari ham bu masalada qat’iy pozitsiyada ekanini bildirgan.
Misrning G‘azo uchun tiklanish rejasi
Yegipet prezidenti Abdel Fattoh as-Sisiy G‘azo sektorida infratuzilmani tiklash rejasini ishlab chiqdi. Al-Ahram’ga ko‘ra, bu tashabbus aholini majburiy ko‘chirishni ko‘zda tutmaydi va AQSh prezidenti Donald Tramp taklif etgan variantga qarshi qo‘yilgan.
Reja G‘azoda «himoya hududlari» yaratishni nazarda tutadi, u yerda falastinliklar vaqtincha yashab turishi mumkin. Bu orqali xalqaro mablag‘lar hisobiga infratuzilmani tiklash ko‘zda tutilgan. Taklif Saudiya, Qatar, BAA va Yevropa diplomatlari bilan muhokama qilinmoqda.
Fransiya va Germaniya mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. Shuningdek, arab davlatlari Tashqi ishlar vazirlari rejani Arab davlatlari ligasi sammitida muhokama qilishdan oldin Ar-Riyodda maslahatlashuv o‘tkazadi.
Moskva va Vashington qanday kelishuvlarga erishdi?
Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan ilk Rossiya-AQSh muzokaralarida ikki davlat Ukraina urushi tugaganidan so‘ng geosiyosiy manfaatlar va sarmoyaviy imkoniyatlar bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi. Bu haqda AQSh davlat departamenti matbuot kotibi Temmi Bryus ma’lum qildi.
Saudiya Arabistonidagi muzokaralarda AQSh va Rossiya urushni tugatish bo‘yicha uch bosqichli reja taklif qildi: o‘t ochishni to‘xtatish, Ukrainada saylovlar o‘tkazish va yakunlovchi tinchlik bitimi imzolash.
To‘rt yarim soat davom etgan uchrashuvda AQSh davlat kotibi Marko Rubio va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ikki davlat o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun doimiy maslahatlashuv mexanizmini yaratish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Rossiya TIV rasmiylari NATO 2008 yilda Ukrainaga bergan a’zolik va’dasidan voz kechish talabini ilgari surdi.
Trampdan Putinga «tuhfa»?
AQSh va Rossiya Ukrainadagi saylovlarni tinchlik kelishuvidan avval o‘tkazishni muhokama qilmoqda. Manbalarga ko‘ra, Rossiya va AQSh uchun Ukrainadagi saylovlar kelishuv muvaffaqiyatining asosiy sharti hisoblanadi.
Ammo Kiyev bu shartni qabul qilmaydi, chunki bu Moskva tarafdori bo‘lgan nomzodning hokimiyatga kelishiga olib kelishi mumkin. Yevropa parlamenti deputati Sergiy Lagodinskiy bu g‘oyani «Trampning Putinga tuhfasi» deb baholadi va Yevropa Ittifoqi tinchlik kelishuvigacha saylov o‘tkazilishiga qarshi ekanini ma’lum qildi.
18 fevral kuni Ar-Riyodda AQSh va Rossiya vakillari uchrashdi, muzokaralarda urushni tugatish va Putin bilan Tramp uchrashuvi masalasi muhokama qilindi.
Kiyev bu muzokaralarda qatnashmagan va uning natijalarini tan olmasligini bildirgan. NBC News xabariga ko‘ra, Vashington avval Moskva va Kiyev bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazib, keyin uch tomonlama muzokaralarga o‘tishni rejalashtirmoqda.
Zelenskiy: Ukraina hududlarini yon bermaydi
Ukraina hududiy yaxlitligi borasida hech qanday murosaga bormaydi, dedi prezident Volodimir Zelenskiy Anqarada ochilgan Ukrainaning yangi elchixonasida so‘zlagan nutqida.
U Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va turk xalqiga Kiyevga ko‘rsatayotgan qo‘llab-quvvatlash uchun minnatdorlik bildirdi. Zelenskiyning ta’kidlashicha, Turkiya Ukraina hududiy yaxlitligi va suverenitetini himoya qilishda qat’iy pozitsiyada qolmoqda.
Anqaradagi uchrashuv chog‘ida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Turkiya Rossiya, Ukraina va AQSh o‘rtasidagi ehtimoliy muzokaralar uchun munosib maydon bo‘lishi mumkinligini aytdi. U barqaror tinchlikni ta’minlashga qaratilgan har qanday tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini qayd etdi.
«Bu urush juda ko‘p begunoh insonlarning hayotiga zomin bo‘ldi va ulkan vayrongarchiliklarga olib keldi. Uni to‘xtatish kerak», dedi Erdo‘g‘an. U Turkiya uchun Ukraina hududiy yaxlitligi va suvereniteti tamoyil masalasi ekanini urg‘uladi va «Tinchlikda yutqazgan tomon bo‘lmaydi. Dunyo Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush tugashini kutyapti», deya ta’kidladi.
Kreml: Ukraina o‘z suveren huquqiga ega
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ukraina uchun Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish suveren huquq ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu iqtisodiy integratsiya jarayoni bo‘lib, hech kim biron bir davlatga bu borada ko‘rsatma bera olmaydi va Rossiya ham bunday niyatda emas.
Shu bilan birga, Peskov Rossiya xavfsizlik va harbiy ittifoqlar masalalarida tamoman boshqa pozitsiyani egallashini bildirdi. Kreml Ukraina NATOga a’zo bo‘lishiga keskin qarshi chiqib kelmoqda, chunki bu jarayon Rossiya chegaralari uchun xavf deb baholanadi.
AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainaning NATOga qo‘shilish uchun intilgani Rossiyaning harbiy harakatlariga sabab bo‘lgan omillardan biri bo‘lganini ta’kidlagan edi. Biroq, Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy Myunxendagi xavfsizlik anjumanida Kiyev NATO a’zoligi masalasini kun tartibidan olib tashlamasligini tasdiqladi.
Meksika qo‘ltiq nomini tiklamoqchi
Meksika hukumati Google'ni sudga berish bilan tahdid qildi. Bunga sabab — kompaniya Google Maps'da AQSh foydalanuvchilari uchun Meksika qo‘ltig‘ini «Amerika qo‘ltig‘i» deb belgilagan.
Prezident Klaudiya Sheynbaum 17 fevral kuni bu o‘zgarishni keskin tanqid qilib, uni xalqaro tan olingan suv hududlarini buzib ko‘rsatish, deya baholadi.
Sheynbaumga ko‘ra, Trampning farmoni faqat Amerikaga tutash 22 millik hududga tegishli bo‘lib, butun qo‘ltiqni qamrab olmaydi. Google esa Meksika va Kubaga qarashli suvlar nomini ham o‘zgartirgan.
Hozir AQShdagi foydalanuvchilarga «Amerika qo‘ltig‘i» nomi ko‘rinsa, meksikaliklar uchun u hamon «Meksika qo‘ltig‘i» sifatida ko‘rsatilmoqda. Boshqa davlatlarda esa har ikki variant mavjud.
Prezident Sheynbaum Google'dan o‘zgarishni bekor qilishni talab qilib, aks holda Meksika sudga fuqarolik da’vosi kiritishini bildirdi.
Mavzuga oid
15:45 / 25.06.2026
Venesuelada dahshatli zilzila va Fransiyada qayd etilgan Ebola – kun dayjesti
15:30 / 24.06.2026
Trampga qarshi respublikachilar va Yevropaga kelgan «Tolibon» rasmiylari – kun dayjesti
14:12 / 23.06.2026
Neft savdosiga «ruxsat olgan» Eron va Voronejdagi zavodga hujum – kun dayjesti
15:50 / 22.06.2026