Jahon | 20:47 / 19.02.2025
2185
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya Ukrainada asirga tushgan KXDR askarlariga himoya taqdim etishga tayyor

Ukrainalik harbiylar tomonidan asirga olingan KXDR askarlaridan biri Janubiy Koreyadan boshpana so‘radi. Asirning aytishicha, u o‘zining urushga ketayotganini bilmagan.

Foto: AFP

Janubiy Koreya Ukrainada asirga tushgan shimoliy koreyalik askarlarga himoya taqdim etishga tayyorligini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, ukrainaliklar tomonidan qo‘lga olingan KXDR askarlaridan biri Janubiy Koreyadan boshpana so‘ragan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, familiyasi Ri bo‘lgan askar Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etish uchun kelganini bilmagan. Harbiy xizmatchining aytishicha, u Rossiyaga stajirovka o‘tash maqsadida jo‘natilgan.

«Konstitutsiyaga muvofiq Shimoliy Koreya askarlari bizning fuqarolarimizdir va ularning vatanga qaytish borasidagi istagini hurmat qilish xalqaro huquq va odatiy amaliyotga muvofiqdir», — deyiladi Janubiy Koreya TIV xabarida.

Seul bu boradagi pozitsiyasini Kiyevga yetkazgan va ushbu masala bo‘yicha maslahatlashuvlarni davom ettiradi. Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, odamlar ta’qib qilinishi mumkin bo‘lgan joylariga majburan qaytarilmasligi kerak.

Ta’kidlanishicha, Kursk oblastidagi jangovar harakatlar vaqtida ukrainalik harbiylar ikki nafar KXDR askarini asirga olgan. Ulardan biri Janubiy Koreyaga ketish istagini bildirgan.

Seul fuqarolarni qabul qilish to‘g‘risidagi qonunlar va asosiy tamoyillarga mos ravishda askarlarga himoya taqdim etishga hamda ularni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ma’lum qildi.

Avvalroq Shimoliy Koreya Rossiyaga Quruqlikdagi qo‘shinlar Bosh shtabi boshlig‘ining o‘rinbosari — general-polkovnik Kim Yon Bokni yuborgani to‘g‘risida xabar berilgandi. General KXDR qo‘shinlarining Rossiya armiyasiga integratsiyasi, shuningdek, Shimoliy Koreya askarlarini kelgusida hujumni kengaytirishga jalb qilish uchun jang maydonidan ma’lumot to‘plash bilan shug‘ullanadi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaga yuboriladigan shimoliy koreyalik askarlar soni oxir-oqibat 100 ming kishiga yetishi mumkin.

Mavzuga oid