O‘zbekiston | 20:22 / 21.02.2025
43231
5 daqiqa o‘qiladi

Qaysi qoidabuzarliklar uchun jarima balli hisoblanadi?

O‘zbekistonda 14 turdagi yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun haydovchiga nisbatan asosiy jazo bilan birga jarima ballari hisoblab borilishi belgilandi. Haydovchi 12 oy davomida to‘plagan jarimalari 12 balldan oshsa, kamida 6 oy muddatga “prava”sidan mahrum qilinadi. To‘plangan har bir alohida ball bir yildan keyin kuchini yo‘qotadi.

20 fevral kuni yo‘l harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar kiritildi. Unga ko‘ra, yo‘l harakati qoidabuzarliklari bo‘yicha jarima ballari 12 balldan oshgan haydovchilar kamida 6 oy muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi.

Bunda 14 turdagi yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun haydovchiga nisbatan asosiy jazo bilan birga jarima ballari hisoblab boriladi. Bular quyidagi huquqbuzarliklar:

  • MJtK 125-moddasi uchinchi qismi – haydovchilarning tormoz tizimida, rul boshqaruvida yoki ulovchi qurilmada nosozligi bo‘lgan yoxud tegishli ruxsatnomasiz qayta jihozlangan transport vositalarini boshqarishi;
  • 125-modda beshinchi qismi – foydalanish belgilangan tartibda man etilgan transport vositalarini, xuddi shuningdek davlat raqam belgisi o‘zboshimchalik bilan yechib olingan transport vositalarini boshqarish;
  • 126-modda – ko‘zgusimon va (yoki) tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali, shuningdek tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qoplamali transport vositalaridan foydalanish;
  • 127-modda birinchi qismi – tovush signalini sababsiz berish, transport vositalariga uni ishlab chiqargan korxona nazarda tutmagan tovush chiqaruvchi va yorituvchi qurilmalarni o‘rnatish, xuddi shuningdek ularni o‘zgartirib o‘rnatish;
  • 128-3-modda – transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborishi;
  • 128-4-modda ikkinchi qismi – transport vositalari haydovchilarining svetoforning taqiqlovchi signaliga yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmasdan o‘tishi;
  • 128-5-modda – transport vositalari haydovchilarining xalaqit berishi yoki avariya holatini yuzaga keltirishi, yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga chiqishi;
  • 128-6-modda – transport vositalari haydovchilarining to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzishi;
  • 128-8-modda – transport vositasida odam tashish qoidalarini buzish (yangi modda);
  • 128-9-modda – transport vositalarini quvib o‘tish qoidalarini buzish (yangi modda);
  • 129-modda – transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi yoki avariya holatini keltirib chiqaruvchi guruh bo‘lib harakat qilishda qatnashishi;
  • 130-modda – transport vositalari haydovchilarining temiryo‘lning o‘tish joylaridan o‘tish qoidalarini buzishi;
  • 137-modda birinchi qismi – yo‘l-transport hodisasi qatnashchilarining belgilangan qoidalarni buzgan holda hodisa yuz bergan joydan ketib qolishi.

Bunda sodir etilgan har bir huquqbuzarlik uchun hisoblanadigan jarima ballining eng yuqori miqdori 2 balldan oshmasligi kerak.

Jarima ballari belgilangan huquqbuzarliklardan biri birinchi marta sodir etilgan kundan e’tiboran bir yil davomida hisoblab boriladi. Ushbu jarima ballarining har biri bir yildan so‘ng avtomatlashtirilgan tarzda yechib boriladi.

Qaysi qoidabuzarlik uchun qancha ball hisoblanishi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan belgilanadi. Masalan, svetoforning qizil chirog‘ida o‘tganda 2 ball berilishi mumkin. Ballar 12 oy davomida jami 12 balldan oshsa, oxirgi sodir etilgan huquqbuzarlik uchun qo‘shimcha jazo tariqasida haydovchi transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi. Sud tartibida bunday huquqdan mahrum qilish muddati 6 oydan kam bo‘lmaydi.

Nima uchun avtomobillarda drift qilish, “shaxmat” usulida agressiv harakatlanish, mast holda mashina boshqarish kabi huquqbuzarliklar uchun ball kiritilmagan, degan o‘rinli savol paydo bo‘lishi mumkin. Buning sababi, MJtKga qo‘shilayotgan 128-10-moddaga asosan, yo‘ldagi bunday bezorilik birinchi marta sodir qilinganidayoq haydovchi 1 yildan 2 yilgacha muddatga guvohnomasidan mahrum bo‘ladi. Buning uchun 12 ball “yig‘ish”ga hojat yo‘q.

Bundan tashqari, Senatdagi qonun muhokamalarida bir mashinani ishonchnoma asosida bir necha kishi boshqarishi, bunda jarima ballari kimga nisbatan hisoblanishi ko‘tarilgan edi.

MJtK 17–1-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, radarlar orqali yo‘l harakati qoidalari buzilganligi qayd etilganda javobgarlikka transport vositasining mulkdori yoki undan fuqarolik-huquqiy munosabatlar asosida foydalangan shaxs tortiladi. Ya’ni ishonchnoma asosida avtomobilni boshqarayotgan yoki sug‘urta polisiga kiritilgan yaqin qarindoshlar avtomobilda qoidabuzarlik qilsa, transport vositasini boshqargan shaxsga nisbatan jarima ballari to‘planadi.

Jarima ballari tizimi amalda qachondan boshlab ishga tushishi hukumat qarori chiqqanidan keyin aniq bo‘ladi.

Mavzuga oid