Jahon | 13:33 / 21.02.2025
4700
9 daqiqa o‘qiladi

Saudiyada G‘azo bo‘yicha sammit, «agressor» jumlasidan voz kechgan AQSh va G7ʼdan Rossiya neftiga cheklovlar - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

HAMAS Isroilga to‘rt jasadni topshirdi

HAMAS guruhi Isroilga to‘rt nafar garovga olingan shaxs jasadlarini topshirdi. Ular orasida 7 oktyabr hujumlaridan so‘ng bedarak yo‘qolgan Shiri Bibas va uning ikki farzandi ham bor bo‘lishi mumkin.

HAMAS yahudiy ona va uning bolalari Isroil havo hujumlari natijasida halok bo‘lganini da’vo qilmoqda.

Isroil rasmiylari DNK tahlilidan so‘ng shaxsini rasman tasdiqlaydi. Isroilda identifikatsiya jarayoni bir necha kun davom etishi mumkin. Tel-Avivdagi «Garovga olinganlar maydoni»da odamlar Bibas oilasi va boshqa qurbonlarning suratlarini ekranlar orqali tomosha qildi.

So‘nggi haftalarda HAMAS 24 nafar garovdagilarni ozod qilgan edi. Ammo jasadlar topshirilishi hali ham ko‘plab garovdagilarning taqdiri noaniqligini ko‘rsatmoqda.

Saudiyada G‘azo masalasida sammit

Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon Ko‘rfaz davlatlari, Misr va Iordaniya rahbarlarini G‘azo masalasida norasmiy uchrashuvga taklif qildi. Yig‘ilish juma kuni Ar-Riyodda bo‘lib o‘tadi.

Arab davlatlari AQSh prezidenti Donald Tramp taklif qilgan rejaga qarshi muqobil reja ishlab chiqmoqda. Tramp G‘azoni xalqaro kurortga aylantirish va falastinliklarni boshqa mamlakatlarga ko‘chirishni taklif qilgan edi.

Uchrashuv 4 mart kuni Misrda o‘tkaziladigan Arab davlatlari ligasi sammiti oldidan pozitsiyalarni muvofiqlashtirish uchun tashkil etilayotgani aytilmoqda.

Tramp avvalroq Misr va Iordaniyadan G‘azo aholisini qabul qilishni so‘ragan, lekin ikki davlat bu taklifni rad etgan. Keyinroq Qohira va Ammon o‘z rejasini taqdim qilib, Vashingtonni falastinliklarni majburiy ko‘chirish g‘oyasidan voz kechishga ko‘ndirgan.

Yevroittifoq Suriyaga qarshi sanksiyalarni yumshatadi

Yevropa Ittifoqi Suriyaga qarshi sanksiyalarni energetika, transport va qayta tiklash sohalarida vaqtinchalik bekor qilishni rejalashtirmoqda. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, YeI moliya va bank operatsiyalariga ham ruxsat berishni ko‘rib chiqmoqda.

YeI tashqi ishlar vazirlari 24 fevral kuni Bryusselda Suriya masalasini muhokama qiladilar. YeI sanksiyalarni bekor qilish jarayonini bosqichma-bosqich baholab boradi. Choralarning muddati vaziyat tahliliga bog‘liq bo‘ladi.

Suriyaga qarshi sanksiyalar 2011 yilda, Bashar Asad hukumatiga qarshi norozilik namoyishlarining bosimi ostida joriy etilgan edi.

Suriyaning yangi hukumati sanksiyalarni bekor qilishni talab qilib kelmoqda. Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen Suriyada elektr, suv ta’minoti va infratuzilmani tiklashda YeI yordam berishga tayyorligini ma’lum qildi.

Tramp Ukrainaning qaysarligiga toqat qilmaydi

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina mustaqil siyosat yuritishiga toqat qilmasligini bildirdi. Uning maslahatchisi Mayk Uolts Kiyevni Amerika manfaatlariga zid harakatlarda aybladi. Unga ko‘ra, Ukraina 500 mlrd dollar qiymatdagi tabiiy resurslarni AQSh kompaniyalariga «bepul berishdan» bosh tortgan.

Vashington talab qilayotgan kelishuvga ko‘ra, AQSh kompaniyalari Ukrainadagi noyob metallar, neft va gazga cheksiz kirish huquqiga ega bo‘lishi kerak edi. Kiyevning rad javobini Uolts «tushunarsiz qarshilik» deb baholadi. Unga ko‘ra, bu kelishuv Ukraina kelajagiga investitsiya bo‘lishi kerak edi.

Prezident Volodimir Zelenskiy bu shartlarga rozi emas. Uning ta’kidlashicha, AQSh Ukrainaga jami 63 milliard dollar yordam bergan, ammo 500 milliard dollarlik resurslarni talab qilmoqda.

Tramp Zelenskiyni keskin tanqid qilib, uni urushni sun’iy ravishda cho‘zishda ayblamoqda. Amerika prezidentining fikricha, Ukraina urushdan moliyaviy foyda olishni maqsad qilgan va tinchlik kelishuvini orqaga surmoqda.

AQSh Rossiyani «agressor» demaslikka chaqirdi

AQSh G7’ning Ukrainadagi urushga oid bayonotida Rossiyani «agressor» deb atashga qarshi chiqdi. Financial Times xabariga ko‘ra, Vashington 2022 yildan beri qo‘llanib kelayotgan shunday iboralarga ham norozilik bildirmoqda. Bu AQSh siyosatining Ukraina mojarosini yumshatilgan tarzda talqin qilishga o‘tayotganini ko‘rsatadi.

Tramp ma’muriyati mojaroni «Rossiya tajovuzi» deb atash o‘rniga, «Ukraina mojarosi» terminini ishlatishni ma’qul ko‘rmoqda. AQSh Davlat departamentining so‘nggi bayonotlarida ham ana shunday atamalar uchramoqda. Masalan, davlat kotibi Marko Rubio va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov o‘rtasidagi muzokaralar haqidagi hujjatda «Ukraina mojarosi» atamasi ikki marta qayd etilgan.

Budanov: Yil so‘ngigacha otashkesimga erishiladi

Ukraina Mudofaa vazirligiga qarashli Bosh razvedka boshqarmasi rahbari Kirill Budanov 2025 yil oxirigacha jangovar harakatlar to‘xtatilishi mumkinligi haqida bayonot berdi.

Budanovning fikricha, har ikki tomonning pozitsiyasi bir-biriga mutlaqo qarama-qarshi, ammo barcha asosiy omillar o‘t ochishni to‘xtatishga olib kelishi mumkin. U bunday kelishuvning uzoq davom etishi yoki samarali bo‘lishi noma’lumligini ta’kidladi.

Budanov xalqaro kafolatlar bo‘yicha shubhalarini bildirib, tinchlikparvar kuchlar joylashtirilishi ish bermasligini aytdi. Uning fikricha, NATO ham ishonchli xavfsizlik mexanizmi sifatida murakkabliklarga duch kelmoqda.

Ukraina NATOga «avtomatik» qo‘shiladi?

Agar Rossiya imzolanajak tinchlik kelishuvini buzsa, AQSh Ukrainaga xavfsizlik kafolati sifatida avtomatik ravishda NATOga qo‘shilish imkoniyatini taklif qilishi mumkin. Vashington buni tinchlikka erishish bo‘yicha kelishuv doirasidagi variantlardan biri sifatida ko‘rib chiqmoqda.

Bu taklif Kiyev va Bryusselning Rossiya vaqtinchalik tinchlikdan foydalanib, qayta hujum uyushtirishidan xavotirlarini bartaraf etishga qaratilgan.

NBC News’ga ko‘ra, bu masala Ukrainadagi noyob metallar kelishuvi bilan bog‘liq. AQSh moliya vaziri Skott Bessent Kiyevda Vladimir Zelenskiy bilan uchrashib, mazkur kelishuvni muhokama qilgan. Ukraina prezidenti esa NATO kafolatlari bo‘lmasa, hujjatni imzolashdan bosh tortgandi.

G7ʼdan Rossiya neftiga cheklovlar

G7 davlatlari Rossiya nefti narxiga joriy etilgan cheklovni qayta ko‘rib chiqmoqchi. Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yil dekabrda joriy etilgan bir barreliga 60 dollarlik cheklovni pasaytirish taklifi ko‘rib chiqilmoqda. G‘arb davlatlari bundan maqsad Moskva daromadlarini qisqartirish va urush xarajatlarini og‘irlashtirish ekanini ta’kidlamoqda.

Biroq katta yettilik davlatlari orasida hozircha bu cheklovlarni qo‘llash borasida hamjihatlik yo‘q. Hujjat muhokamalar jarayonida o‘zgarishi mumkin, xususan, Donald Tramp bu rejaga to‘siq bo‘lishi mumkin.

Holbuki, yanvar oyida Tramp Saudiya Arabistoni va OPECʼdan neft narxini tushirishni talab qilgan, ammo hozirgacha hech qanday harakat qilmagan. Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, Bryussel va Tramp jamoasi neft narxi chegarasini 45 dollarga tushirishni muhokama qilmoqda, Ukraina esa 30 dollargacha pasaytirishni talab qilmoqda.

Amerikani Ilon Mask boshqaryaptimi?

Amerikadagi Kvinnipiak universiteti tomonidan o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, 55 foiz saylovchilar Ilon Mask AQShda juda katta ta’sirga ega, deb hisoblaydi. 36 foiz odamlar uning hukumatdagi roli yetarli, deb topgan.

Siyosiy partiyalarga bog‘liq qarashlar keskin farq qiladi: demokratlarning 96 foizi va mustaqil saylovchilarning 56 foizi Mask haddan tashqari katta ta’sirga ega, deb hisoblaydi. Respublikachilarning 78 foizi Maskning hukumatidagi rolini qo‘llab-quvvatlaydi.

Prezident Tramp Ilon Maskni Pentagonda keng ko‘lamli audit o‘tkazish uchun mas’ul etib tayinladi. Mask «milliardlab dollar korrupsiya va noqonuniy ishlatilgan mablag‘lar»ni aniqlab topishni va’da qilgan.

Bundan tashqari, Mask federal davlat xodimlarini qisqartirish tashabbusini boshqarmoqda.

Bu orada AQSh prezidenti Donald Trampga bo‘lgan ishonch pasayib borayotgani ham ma’lum qilindi. Reuters/Ipsos o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, Trampning faoliyatini qo‘llab-quvvatlovchi amerikaliklar ulushi 44 foizga tushgan, undan norozilar soni esa 51 foizni tashkil etmoqda. Holbuki, yanvarda bu ko‘rsatkich 45 foiz edi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, amerikaliklarning 54 foizi xorijiy mahsulotlarga bojlar oshirilishiga qarshi. Trampning iqtisodiy siyosati bo‘yicha ishonch darajasi 39 foizga tushgan. So‘rovda qatnashganlarning 53 foizi AQSh iqtisodiyoti noto‘g‘ri yo‘nalishda ketmoqda, deb hisoblaydi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid