Jahon | 19:30 / 25.02.2025
2316
3 daqiqa o‘qiladi

The Telegraph: Fransiya Germaniyaga yadroviy qurolga ega qiruvchi samolyotlarini joylashtirishga tayyor

Yevropa davlatlari mudofaa va xavfsizlik masalalarida uzoq vaqtdan beri AQShga tayanib kelmoqda. Hozirda Qo‘shma Shtatlar taxminan 100 ta yadroviy raketasi yordamida Yevropa xavfsizligini ta’minlab kelyapti.

Foto: Wikimedia

Fransiya Germaniya hududiga yadroviy qurollarga ega o‘z qiruvchi samolyotlarini joylashgirishga tayyor, deb yozadi The Telegraph o‘z manbalariga tayanib.

Yevropaning AQShdan «mustaqil» bo‘lishini yoqlovchi Germaniya kanslerligiga nomzod Fridrix Mers Buyuk Britaniya va Fransiyani mintaqa mudofaasi uchun yadroviy arsenalidan foydalanishni kengaytirishga chaqirdi.

Nashr manbasining ta’kidlashicha, Fransiya qiruvchi samolyotlarining Germaniyaga joylashtirilishi Vladimir Putin uchun ogohlantirish bo‘ladi. O‘z navbatida Berlindagi diplomatlar Fransiyaning qarori Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmerga ham bosim ko‘rsatishini va undan ham shunday yo‘l tutish talab qilinishi mumkinligini taxmin qilgan.

«Bir nechta fransuz yadroviy reaktiv qiruvchilarini Germaniyaga joylashtirish qiyin bo‘lmasligi kerak va u Rossiya uchun ishonarli signal bo‘lib xizmat qiladi», — deydi nashr suhbatdoshlaridan biri.

Nemis diplomatlarining so‘zlariga ko‘ra, hozircha bu boradagi muzokaralar boshlanmagan, chunki Mers koalitsion hukumatni shakllantirish bilan band.

Shu bilan birga, The Telegraph manbalaridan birining ta’kidlashicha, Germaniya hukumati agar AQSh o‘zining yadroviy kuchlarini olib chiqib ketmasa, Fransiya qiruvchi samolyotlarining mamlakatga joylashtirilishini rasman so‘rashi dargumon.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Fransiya 300 ta yadroviy jangovar zaryadga ega. Buyuk Britaniyaning yadroviy tutib turish kuchlari «Vengard» tipidagi to‘rtta strategik atom suvosti kemasidan iborat bo‘lib, ularning har biri 16 ta yadroviy kallakni tashiy oladi.

Yevropa davlatlari mudofaa va xavfsizlik masalalarida uzoq vaqtdan beri AQShga tayanib kelmoqda. Hozirda Qo‘shma Shtatlar taxminan 100 ta yadroviy raketasi yordamida Yevropa xavfsizligini ta’minlayapti, ularning aksariyati AQShning Germaniyadagi harbiy bazasiga joylashtirilgan.

Yevropalik ittifoqchilarni ko‘p yillardan beri tanqid qilib keladigan Donald Tramp AQSh prezidentligi lavozimiga kirishgach, Qo‘shma Shtatlar va Yevropa munosabatlarida inqiroz boshlandi. Yevropalik amaldorlar AQSh YeI hududidagi harbiy xizmatchilari va harbiy texnikalarini olib chiqib ketishi, shuningdek, Ukraina va Yevropaning asosiy xavfsizlik kafolati rolidan voz kechishi mumkinligidan xavotirlanmoqda.

Mavzuga oid