Jahon | 21:58 / 09.03.2025
2991
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘azo bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish uchun Dohaga delegatsiya yuboradi

O‘t ochishni to‘xtatishning birinchi bosqichi 27 fevralda tugagan edi. Tomonlar hozircha tinchlik sulhining ikkinchi bosqichi bo‘yicha kelishuvga erishgani yo‘q.

Foto: Anadolu

Isroil delegatsiyasi 10 mart kuni G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va garovdagilarni ozod etish bo‘yicha HAMAS bilan muzokaralarni faollashtirish uchun Qatarga yo‘l oladi. Bu haqda Isroil bosh vaziri kanselyariyasi ma’lum qildi.

Tinchlik sulhining birinchi bosqichi yakunlangan, tomonlar uning ikkinchi bosqichi bo‘yicha hali kelishuvga erishmadi.

Bayonotda aytilishicha, Isroil vositachilar, xususan, AQSh taklifini qabul qilgan va delegatsiyasini Dohaga yuborish qaroriga kelgan.

«Isroil AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan vositachilar taklifiga rozi bo‘ldi va muzokaralarda natijaga erishish maqsadida dushanba kuni Dohaga delegatsiya yuboradi», — deyiladi xabarda.

AQSh HAMASga taklif qilgan bitimda keltirilishicha, garovda saqlanayotgan 10 nafar isroillik o‘t ochishni 60 kunga to‘xtatish evaziga ozod etiladi.

Ta’kidlanishicha, muzokaralar AQSh da HAMAS o‘rtasida Qatar hamda Misr vositachiligida o‘tkazilmoqda, Isroil tomoni bunga aralashmayapti.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp HAMAS harakatiga «oxirgi ogohlantirish» berib, garovga olinganlarning barchasini zudlik bilan ozod qilishni talab etgan edi. Biroq harakat bu tahdidni e’tiborsiz qoldirib, Isroil bilan kelishuvning ikkinchi bosqichiga o‘tilmaguncha hech kim ozod etilmasligini ma’lum qilgan.

Isroil va HAMAS o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining birinchi bosqichi 27 fevral kuni yakunlangan. Unda garovdagi 33 nafar isroillik 1890 nafar falastinlik asir evaziga qaytarildi. 

Mavzuga oid