Chirchiqda sobiq texnikum binosi buzilib, o‘rnida Xitoy OTM filiali quriladi
Shahar hokimligining ma’lum qilishicha, ushbu bino avariya holatiga kelib qolgan. Toshkent viloyati Qurilish inspeksiyasi ham uni buzish yuzasidan xulosa bergan.

Foto: Chirchiq shahar hokimligi
Chirchiq shahar hokimligi ijtimoiy tarmoqlarda sobiq texnikum binosi buzilayotgani yuzasidan tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.
Qaud etilishicha, Chirchiq shahri, Zakovat ko‘chasi 2-uyda joylashgan sobiq texnikum binosi ancha yillardan beri foydalanilmasdan qarovsiz holatga kelib qolgan. Ushbu obekt o‘rnida O‘zbekiston prezidentining qaroriga asosan Xitoyning nufuzli oliy ta’lim muassasasi filialini tashkil etish loyihasini amalga oshirish belgilangan.
Qarorga muvofiq, XXRning Soniya Group Limited kompaniyasi ta’sischiligida «Chirchiq innovatsiya gimnaziyasi» mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etilgan. Jamiyat tomonidan «Zamonaviy gimnaziya tashkil etish» loyihasiga 15 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilish, 100 tadan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratish va Chirchiq shahrida istiqomat qiluvchi oilalar farzandlarining 500 nafarini sifatli ta’lim olishini ta’minlash rejalashtirilgan.
Sobiq texnikum binosi avariya holatiga kelib qolgani sababli «Chirchiq innovatsiya gimnaziyasi» MChJning murojaatiga asosan Toshkent viloyati hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan bino-inshootlari vizual ko‘rikdan o‘tkazilib, 2025 yil 16 yanvardagi 01/123-sonli xat orqali binoni buzilishi yuzasidan xulosa berilgan.
Shuningdek, sobiq texnikum binosi Vazirlar Mahkamasinining 2019 yil 4-oktabrdagi «Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida» 846-son qaroriga asosan madaniy meros obektlari milliy ro‘yxatga kiritilmagan.
Avvalroq Kadastr agentligi yerlar chet elliklarga sotib yuborilayotgani haqidagi gap-so‘zlarni rad etib, O‘zbekiston qonunchiligiga binoan chet elliklar yerga mulk huquqi asosida egalik qila olmasligini ma’lum qilgandi.
Mavzuga oid

17:43 / 04.04.2025
Xitoy Trampning chaqirig‘ini qabul qildi va javob qaytardi

16:27 / 04.04.2025
Xitoy AQSh tovarlariga boj tariflarini oshiradi

17:04 / 03.04.2025
Xitoy va Yevropa Ittifoqi AQSh yangi boj tariflariga norozilik bildirdi

19:51 / 02.04.2025