Jahon | 13:34 / 11.03.2025
6297
10 daqiqa o‘qiladi

Tramp va Netanyahu o‘rtasida sovuqchilik, alaviylarni bostirib, kurdlar bilan kelishgan Suriya va Saudiyada kutilayotgan muzokaralar - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Tramp va Netanyahu o‘rtasida sovuqchilik

AQSh va Isroil munosabatlarida taranglik kuchaymoqda. AQSh vakillarining HAMAS bilan bevosita muzokaralarga kirishgani Isroil hukumatida norozilik uyg‘otgan.

Vashington rasmiy vakili Adam Byoler HAMAS vakili bilan uchrashib, garovga olinganlarning taqdirini muhokama qilgan. Isroil bu harakatni tanqid qilib, AQSh hukumatidan ishonchsizlik bildirishini talab qildi. Byoler esa CNN efirida: «Biz Isroilning agentlari emasmiz, o‘z manfaatlarimiz bor», — deb ta’kidladi.

Isroil vazirlaridan Avi Dixter bu harakatni xavfli deb baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday tashabbuslar Isroil bilan muvofiqlashtirilmagan va jiddiy muammolar keltirib chiqarishi mumkin.

Bu orada Isroil Qatarda HAMAS bilan muzokaralarni davom ettirishni rejalashtirmoqda. Agar kelishuvga erishilmasa, G‘azoda harbiy harakatlar qaytadan boshlanishi mumkin.

Suriya: alaviylarga hujum, kurdlar bilan kelishuv

Suriya hukumati Asad tarafdorlariga qarshi hujumlarni yakunlaganini e’lon qildi. Lataqiya va Tartus viloyatlarida alaviylardan 1500 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, ular orasida tinch aholi vakillari ham bor.

Suriyalik taniqli aktrisa Nur Ali hodisalarga bevosita guvoh bo‘lganini aytib chiqdi. Unga ko‘ra, «Hay’at tahrir ash-Shom» guruhi jangarilari tomonidan alaviylarning uylariga bosqin uyushtirilgan. Aktrisaning ta’kidlashicha, harbiylar fuqarolarni o‘ldirgan va uylarni yoqib yuborgan.

«Hayyat Tahrir ash-Shom» jangarilari Kardaha shahrida alaviylarni ommaviy qirg‘in qilib, uylarni yoqqani aks etgan videolarni ham tarqatdi. Kadrdagi jangari 300 nafar tinch aholini o‘ldirganini e’tirof etgan. Shuningdek, o‘liklarni tog‘ga eltib, qoyadan tashlab yuborishayotgani tasvirlari ham paydo bo‘ldi. Amaldagi hukumatga qarshi kuchlar bu holni jinoyat izlarini BMT vakillaridan yashirishga urinish, deb izohlashgan.

Turkiyaning Istanbul, Anqara va boshqa yirik shaharlarida alaviylar Suriyadagi qirg‘inga qarshi namoyishga chiqib, Anqaradan bu holatga aralashishni talab qildi.

Bu orada Suriya hukumati va «Suriya demokratik kuchlari» o‘rtasida otashkesim va harbiy kuchlarni birlashtirish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Bu haqda 10 mart kuni Suriyaning muvaffat prezidenti Ahmad ash-Shar’a va SDK qo‘mondonligi rasman e’lon qildi.

Kelishuvga ko‘ra, Suriya demokratik kuchlari tarkibidagi asosiy harbiy tuzilmalar Suriya armiyasiga qo‘shiladi. Bu esa Iroq va Turkiya chegarasidagi hududlarni vaqtinchalik hukumat nazoratiga o‘tkazishga yo‘l ochadi.

Zelenskiy Trampdan uzr so‘radi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Donald Trampga rasman uzrnoma yo‘llagan. Bu haqda AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff Fox News efirida ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Zelenskiy Oq uydagi mojaroli uchrashuvdan so‘ng Trampga maktub yo‘llab, kechirim so‘ragan. Bu harakatni Uitkoff «muhim qadam» deb baholadi.

28 fevral kuni Oq uydagi uchrashuvda tomonlar o‘rtasida tortishuv kelib chiqqan. Tramp va uning o‘rinbosari Jyey Di Vens Zelenskiyni AQSh yordamiga minnatdorlik bildirmaganlikda va tinchlik muzokaralariga tayyor emaslikda ayblagan. Ukrain delegatsiyasi uchrashuvni muddatidan oldin tark etgan.

4 mart kuni Zelenskiy AQSh qurol yetkazib berishni to‘xtatganidan so‘ng Tramp bilan hamkorlikka tayyorligini bildirib, muzokaralarga tayyor ekanini e’lon qildi.

Shu haftada Saudiya Arabistonida AQSh va Ukraina delegatsiyalari muzokara o‘tkazishi rejalashtirilgan. Zelenskiy allaqachon Saudiya Arabistoniga uchib borgan.

Ukraina bo‘yicha otashkesim muzokaralari

Ukraina Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan muzokaralarda AQShni harbiy va razvedka sohasidagi yordamni qayta tiklashga ko‘ndirishga urinmoqchi, deb yozmoqda Financial Times. Nashr manbalarining ma’lum qilishicha, buning uchun Kiyev Rossiyaga qisman o‘t ochishni to‘xtatishni taklif qilmoqchi.

Financial Times’ga ko‘ra, Kiyevning qisman sulh taklifi dronlar va uzoq masofaga zarba beradigan raketalardan foydalanishni taqiqlash, shuningdek, Qora dengizda harbiy harakatlarni cheklashni o‘z ichiga oladi.

AQSh Davlat kotibi Marko Rubio istalgan tinchlik kelishuvi doirasida Ukraina hududiy yon berishga majbur bo‘lishini ta’kidladi. Shu bilan birga, u Rossiya ham urushni to‘xtatish yoki uning shaklini o‘zgartirish uchun «qiyin qarorlar qabul qilishi» lozimligini aytdi.

Rubioning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Kiyevga tinchlik shartlarini qo‘yishni rejalashtirmayapti. Vashingtonning maqsadi — Ukraina «qanchalik uzoqroq borishga tayyor» ekanini bilish va uni Rossiya pozitsiyasi bilan solishtirish. Shuningdek, Davlat kotibi AQSh yordamining vaqtincha to‘xtatilganiga izoh berib, prezident Tramp mojaroni bartaraf etish uchun ikki tomonni muzokara stoliga olib kelish uchun «barcha mavjud vositalardan foydalanishga tayyor ekanligini» qayd etdi.

Tramp: «Ukrainani AQSh yordami ham qutqarolmaydi»

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainaga yordam tiklanishi uchun Volodimir Zelenskiydan katta yon berishlarni kutmoqda. Fox News bilan suhbatda u Ukraina hatto Amerika qo‘llovi bilan ham omon qolmasligi mumkinligini bildirdi.

Tramp Zelenskiyni AQShdan mablag‘ olishni osonlik bilan uddalaganlikda va shunga munosib minnatdorlik bildirmaganlikda aybladi. «U pullarni konfetdek olib ketdi», — dedi u Bayden ma’muriyati davrida Ukrainaga berilgan milliardlab dollarda o‘lchanadigan yordam haqida gapirar ekan.

NBC News ma’lumotiga ko‘ra, Tramp endi Kiyevdan nafaqat nodir resurslar bo‘yicha bitim, balki Rossiya bilan muzokaralarga tayyorligini, shuningdek, okkupatsiya qilingan hududlar bo‘yicha yon berishlarni ham talab qilmoqda.

Bild nashrining yozishicha, toki Zelenskiy Ukraina prezidenti lavozimini tark etmas ekan, Tramp Ukrainaga harbiy yordamni tiklamaydi. Nashrga ko‘ra, AQSh prezidenti Zelenskiy siymosida hamkorni emas, to‘siqni ko‘rmoqda va uni lavozimdan ketishga majbur qiladi.

Kanada va Britaniya Trampdan norozi

Kanada bosh vaziri Jastin Tryudoning o‘rnini egallashi kutilayotgan liberallarning yangi yetakchisi Mark Karni «Kanada hech qachon AQSh tarkibiga kirmasligi va savdo urushida Vashingtonga keskin javob qaytarishi»ni e’lon qildi.

Karni o‘z nutqida Trampni «bezori» deb atab, Vashington tomonidan bojlarning joriy etilishiga javoban «dollarga qarshi dollar» prinsipini taklif qildi. U AQShni «Kanadaga nisbatan hurmat ko‘rsatmaguncha» shunday javob qaytarish zarurligini bildirdi.

Shuningdek, Karni Kanada iqtisodiyotida jiddiy o‘zgarishlar zarurligini ta’kidlab, milliy suverenitetni himoya qilishning muhimligini alohida urg‘uladi. U avval ham Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini bildirgan edi.

London esa AQSh prezidenti Trampning Rossiya bilan go‘yo qudratli davlat sifatida muloqot olib borishi va eng yaqin ittifoqchilarni mensimasligi tufayli qattiq g‘azablanmoqda. Bu haqda Rossiya Tashqi razvedka xizmati ma’lum qildi.

Buyuk Britaniya hukumati ushbu vaziyatda birinchi navbatda Oq uyning Ukraina bo‘yicha tinchlikparvarlik harakatlarini buzishni maqsad qilgan. Britaniya ommaviy axborot vositalari va tegishli nodavlat tashkilotlariga Trampni «tinchlikni saqlashda yomon nom qozongan va Kremlning manipulyatsiyalariga oson uchraydigan shaxs» sifatida ko‘rsatish vazifasini yuklagan.

Ukraina dunyodagi eng yirik qurol importchisi

Ukraina qurol-yarog‘ xaridi bo‘yicha dunyoda yetakchi davlatga aylandi. Stokholm tinchlik tadqiqotlari instituti (SIPRI) ma’lumotlariga ko‘ra, 2020–2024 yillarda mamlakatning qurol importidagi ulushi 8,8 foizni tashkil etgan.

Rossiya bilan urush Ukraina qurollanishini keskin oshirdi. AQSh Kiyevning asosiy qurol-yarog‘ yetkazib beruvchisi bo‘lib, mamlakat import qilib olgan qurolning 45 foizini ta’minladi. Germaniya va Polsha esa mos ravishda 12 va 11 foizlik ulushga ega.

Jahon qurol bozoridagi muvozanat ham o‘zgardi. AQSh qurol eksportini 43 foizga oshirib, yetakchilikni saqlab qoldi. Rossiya esa sanksiyalar va ichki ehtiyojlar sababli 64 foizlik yo‘qotishga uchradi. Shu bois Fransiya 9,6 foizlik ulush bilan ikkinchi o‘ringa chiqdi, Rossiya esa qurol-yarog‘ savdosida 7,8 foizlik natija bilan uchinchi o‘ringa tushib qoldi.

Qora dengizda ekologik falokat

Rossiyaning Qora dengiz hududida mazut to‘kilgani oqibatida 4000 dan ortiq qushlar va delfinlar nobud bo‘ldi. Kerch bo‘g‘ozida «Volgoneft-239» va «Volgoneft-212» tankerlari halokatga uchraganidan so‘ng dengizga 4000 tonna neft mahsulotlari oqib chiqqan.

Krasnodar o‘lkasida birgina mart oyida 22 delfin o‘lik holda topildi. Ekologlar so‘nggi ikki oy ichida 87 delfin va 4123 qush halok bo‘lganini tasdiqladi. Shu bilan birga, 7815 ta qushni qutqarishga muvaffaq bo‘lingan.

Oqibatlarni bartaraf etish uchun 384 km uzunlikdagi sohil tozalangan, 150 ming tonna ifloslangan qum va tuproq chiqarilgan. Mazut oqib kelgan hududlarda xavfli benzapiren moddasi aniqlangan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid