Jahon | 19:11 / 14.03.2025
1226
2 daqiqa o‘qiladi

HAMAS garovdagi isroillikni ozod etishga va to‘rt kishining jasadini qaytarishga rozi bo‘ldi

Ozod etiladigan garovdagi shaxs Idan Aleksandr bo‘lib, u Isroil Mudofaa armiyasi askari hisoblanadi.

Foto: Getty images

HAMAS asli isroillik bo‘lgan AQSh fuqarosi Idan Aleksandrni ozod qilishga rozi bo‘ldi. Bu haqda HAMAS bayonotiga tayanib, The Times of Israel xabar berdi.

Idan Aleksandr — Isroil Mudofaa armiyasi askari. HAMAS 2023 yil 7 oktyabr kuni Isroilga uyushtirgan hujumi vaqtida uni garovga olgandi. Ozod etilgan sobiq garovdagilarning so‘zlariga ko‘ra, Idan Aleksandr yerosti tunnelida saqlanmoqda, yetarlicha ovqatlanmagani bois u ozib ketgan.

HAMAS, shuningdek, to‘rt nafar o‘ldirilgan garovdagilar jasadini topshirishga rozi bo‘lgan. Ikki fuqaroligi bo‘lgan ushbu shaxslarning ismlari oshkor etilmagan.

HAMAS «ikkinchi bosqich masalalari bo‘yicha muzokaralarni boshlash va har tomonlama kelishuvga erishishga to‘liq tayyor ekanini tasdiqlab, Isroilni ham o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarishga chaqirdi».

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati mart boshlarida garovdagilarni ozod etish bo‘yicha HAMAS bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni boshlagan edi. Davlat kotibi Marko Rubio 10 mart kuni AQSh prezidentining garovdagilar bo‘yicha maxsus vakili Adam Bouler va HAMAS o‘rtasida aloqalar faqat bir martagina bo‘lib o‘tgani va hozircha hech qanday natija bermaganini ma’lum qilgandi.

Isroil va HAMAS o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining birinchi bosqichi 1 mart kuni yakunlangan. Unda garovdagi 33 nafar isroillik 1890 nafar falastinlik asir evaziga qaytarildi. Ikkinchi bosqich bo‘yicha muzokaralar esa hali boshlanmadi.

Mavzuga oid