O‘zbekiston | 20:15 / 14.03.2025
5825
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda bitta xonadon narxi necha yillik ijara haqiga teng?

O‘zbekistonda uy-joy narxlari qimmatlashishi sekinlashgan. Xususan, 2022 yilda nominal narxlar respublika bo‘yicha o‘rtacha 23,6 foiz (dollar hisobida) o‘sgan bo‘lsa, 2024 yilda narxlar oshishi 6,2 foizni tashkil etgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Toshkent shahrida 2025 yil 1 yanvar holatiga xonadon narxi 11,2 yillik to‘lanadigan ijara haqiga teng.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda 2019-2021 yillarda uy-joy bozoridagi faollik keskin oshishi kuzatilgan bo‘lsa, 2022 yildan boshlab faollik barqarorlashish fazasiga o‘ta boshlagan. Xususan, 2019-2021 yillarda shartnomalar soni yiliga 10 foizdan yuqoriroq o‘sgan. 2022 yilda o‘sish 3,8 foiz va 2023 yilda 5,7 foizga tushgan. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillarida keltirilgan.

2024 yilda ro‘yxatdan o‘tgan uy-joy oldi-sotdi bitimlari soni 2023 yilga nisbatan 5,8 foizga pasayib, jami 256,6 ming donani tashkil etgan.

2025 yil uchun kutilmalar 

2025 yilda ham uy-joy bozorida talab va taklifni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar davom ettirilishi ko‘zda tutilgan. Xususan, 2025 yilda 120 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, uy-joy dasturlarini moliyalashtirishga budjetdan 15,5 trln so‘m, banklar tomonidan qo‘shimcha 10 trln so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Uy-joy narxlari 

2022-2024 yillarda uy-joy narxlari o‘zgarishining tahlili ko‘rsatishicha, o‘tgan 2 yilda narxlar o‘sishi sekinlashmoqda. Misol uchun, 2022 yilda nominal uy-joy narxlari respublika bo‘yicha o‘rtacha 23,6 foiz (dollar hisobida) o‘sgan bo‘lsa, 2024 yilda narxlar o‘sishi 6,2 foizni tashkil etgan.

Xuddi shunday trendni real narxlar o‘sishida ham kuzatish mumkin. 2022 yilda real narx o‘sishi 14,6 foizdan 2023 yilda 18,5 foizga ko‘tarilgan bo‘lsa, 2024 yilda real narxlar o‘sishi asosan nominal narx o‘sishidagi pasayishi natijasida keskin tushib, 1 foiz bo‘lgan.

Toshkent shahrida ijara narxlarining o‘zgarishi 

2022 yil yanvardan 2024 yil dekabriga qadar Toshkent shahrida o‘rtacha ijara narxi (1 kv metr) 1,2 foizga o‘sgan. Ijara narxi oshishi asosan 2022 yilda kuzatilib (25 foiz), 2023 yildan boshlab pasayishni boshlagan.

2024 yil yakuniga ko‘ra, ijara narxi o‘rtacha 8,2 dollarni tashkil etib, 2023 yilga nisbatan 11,5 foizga arzonlashgan.

Uy-joy xarid qobiliyati

2024 yil holatiga uy-joy xarid qobiliyati Qoraqalpog‘iston, Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlarida nisbatan yaxshiroq bo‘lsa (7,3 – 8,4 yil), Toshkent shahri (14,9 yil), Samarqand (13,9 yil) va Navoiy (11,3 yil) viloyatlarida nisbatan pastroq.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, Toshkent shahrida 2025 yil 1 yanvar holatiga xonadon narxi 11,2 yillik to‘lanadigan ijara haqiga teng. 2022 yil yanvariga solishtirganda uy-joy narxlari ijara narxlariga nisbatan tezroq o‘sgani tufayli ushbu nisbat kattalashib (3,65 yilga ko‘paygan) kelgan. Boshqacha aytganda, mazkur davrda xonadon sotib olishdan ko‘ra ijarada turish afzalligi ortgan.

Toshkent shahrida ijara daromadliligi

Toshkent shahrida ijara daromadliligi ko‘rsatkichi ayrim davlatlar poytaxtlariga nisbatan yuqori hisoblanadi. 2024 yil dekabr holatiga ijara daromadliligi dollar hisobida 9 foizni tashkil etib, xorijiy valutadagi aholi omonatlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkadan (5,8 foiz) yuqori bo‘lsa, dollar ekvivalentidagi so‘mdagi omonatlar (17,7 foiz) bo‘yicha stavkadan pastroq shakllangan.

Mavzuga oid