O‘zbekiston | 22:13 / 14.03.2025
1849
2 daqiqa o‘qiladi

Xorijda ota-ona qaramog‘isiz qolgan 30 nafar bola O‘zbekistonga qaytariladi

Hozirda konsullik muassasalari bilan hamkorlikda Rossiyaning qator shaharlarida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning hujjatlari rasmiylashtirilmoqda.

Foto: Ijtimoiy himoya milliy agentligi

Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari xodimlaridan ishchi guruh xorijda ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarining bolalarini Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida vatanga qaytarish maqsadida navbatdagi xizmat safariga Rossiyaga jo‘nab ketdi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.

Hozirda Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Ichki ishlar vazirligi hamda O‘zbekistonning konsullik muassasalari bilan hamkorlikda Moskva, Sankt-Peterburg, Astraxan, Volgograd, Irkutsk, Chelyabinsk, Vladivostok va Ulyanovsk shaharlarida, shuningdek, Moskva, Leningrad, Oryol, Smolensk va Vladimir oblastlarida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 30 nafar bolaning hujjatlarini rasmiylashtirish ishlari olib borilmoqda.

Voyaga yetmagan bolalarning doimiy ro‘yxatdan o‘tgan joyidagi «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari olib kelinayotgan bolalarni oilaviy muhitga qaytarish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rmoqda. Reja asosida:

  • 23 nafar voyaga yetmagan bola ota-onasiga topshiriladi,
  • 5 nafar bola qarindoshlarining vasiyligiga beriladi,
  • 2 nafari muqobil joylashtirish shakllariga o‘tkaziladi.

Ma’lumot uchun, yil boshidan beri xorijda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 10 nafar bola vatanga qaytarilgan.

Avvalroq Novosibirsk shahridagi vakolatxonasi bilan birgalikda Rossiyaning Tomsk oblastida og‘ir kasallikka chalingan O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarilgan edi.

Mavzuga oid