Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada og‘ir ahvolda qolgan vatandoshlar O‘zbekistonga olib kelindi
Rossiyaning Vladivostok shahrida og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan o‘zbekistonlik oila O‘zbekiston diplomatlari va Migratsiya agentligi ko‘magida vatanga qaytarildi. Baxtsiz hodisa oqibatida og‘ir jarohat olgan fuqaro hamda uning turmush o‘rtog‘i uchun aviachiptalar tashkil qilinib, ular O‘zbekistonga xavfsiz olib kelindi.
«Dunyo» axborot agentligi ma’lum qilishicha, O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi hamda Migratsiya agentligi vakillari hamkorligida Primorsk o‘lkasida qiyin ahvolga tushib qolgan vatandoshlarga amaliy yordam ko‘rsatildi.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur hududda vaqtincha mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan O‘zbekiston fuqarosi baxtsiz hodisa oqibatida boshidan og‘ir jarohat olgan. Natijada u mustaqil harakatlanish imkoniyatini yo‘qotib, to‘shakka mixlanib qolgan.
Uning turmush o‘rtog‘i esa bemorni doimiy parvarish qilishga majbur bo‘lgani sababli mehnat faoliyatini davom ettira olmagan. Bu esa oilaning moliyaviy ahvolini yanada og‘irlashtirgan. Ular tibbiy muolaja, dori-darmon hamda ijara haqini to‘lashda qiynalib, O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasiga yordam so‘rab murojaat qilgan.
Murojaat tezkor tarzda ko‘rib chiqilib, bemorni O‘zbekistonga xavfsiz olib kelish choralari ko‘rildi. Migratsiya agentligi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bemor, uning turmush o‘rtog‘i hamda ularga hamrohlik qilish uchun O‘zbekistondan jalb etilgan malakali shifokorga Vladivostok–Moskva–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptalar xarid qilindi.
Vatandoshlar Vladivostok xalqaro aeroportida O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari tomonidan kuzatib qo‘yildi va sog‘-omon vatanga yetib keldi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan og‘ir ahvolga tushib qolgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularga tezkor konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Mavzuga oid
10:42
“Faqat smartfoni yo‘qlarga taalluqli” - O‘zbekiston TIV Rossiyaning migrantlarga yangi talabi haqida
09:49
Polshada ukrainalik yigit Rossiya razvedkasiga yordam berishda ayblandi
08:46 / 16.07.2026
Rossiya Kiyevga raketa, Xarkivga dronlar bilan hujum qildi
22:07 / 15.07.2026