O‘zbekiston | 20:31 / 20.03.2025
1975
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent aeroportida yangi yuk terminali ochildi

Yiliga 120 ming tonna yuk tashish quvvatiga ega yangi yuk kompleksi 5,2 gektar maydonda joylashgan.

Uzbekistan Airports’ga ko‘ra, yangi yuk kompleksi uch qavatli ma’muriy bino, turli tovarlarni saqlashga mo‘ljallangan omborxona, shuningdek, yengil va yuk mashinalari uchun to‘xtash joyini o‘z ichiga oladi.

Omborxona 8500 metr kvadrat maydonni egallaydi va uning ichida ma’lum bir harorat rejimini saqlashni talab qiladigan tovarlar uchun 500 metr kvadrat maydondagi sovitish va muzlatish kameralari mavjud. Xususan, omborxonada o‘simlik va tirik hayvonlar, qimmatbaho yuklar, oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlarni saqlash uchun maxsus xonalar qurilgan. Barcha maxsus xonalar harorat o‘lchagichlar bilan jihozlangan va bu kerakli harorat rejimini o‘rnatish imkonini beradi.

«Hozirda 1994-2000 yillarda qurilgan yuk terminali umumiy maydoni 3 gektarga yaqin bo‘lgan 20 ga yaqin eskirgan kichik va o‘rta ombor va ma’muriy binolardan tashkil topgan. Yuk terminalining o‘tkazish quvvati aslida yiliga 30 ming tonnani tashkil etadi. Vaholanki, 2024 yilda Toshkent aeroporti salkam 80 ming tonna yuk va pochta jo‘natmalarini qabul qilgan. Ma’muriyati va ijarachilar joylashgan bino va inshootlar ham eskirgan. Bularning barchasi yuk tashish kompleksini kengaytirish va modernizatsiya qilish zaruratidan dalolat berdi. Bugundan boshlab eski terminaldan yangi terminalga bosqichma-bosqich o‘tish boshlandi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, omborxona faoliyati uchun jahonning yetakchi ishlab chiqaruvchilaridan zamonaviy uskunalar, xususan, yuk saqlash stelajlari, yuk ko‘tarish va tashish, qadoqlash uskunalari hamda hisob-kitob, avtomatlashtirish va xavfsizlikni ta’minlash uskunalari xarid qilingan. Bu yuklarni qayta ishlash vaqtini qisqartiradi va aviatashuvchilarga umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiq sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlaydi.

Bundan tashqari, UzCargo xodimlari, tegishli xizmatlar (bojxona, veterinariya, o‘simliklar karantini va boshqalar), import/eksport kompaniyalari vakillari, aviakompaniyalar va deklarantlar, shuningdek yuk qabul qiluvchilar uchun 3000 metr kvadrat maydonga ega uch qavatli yangi ma’muriy bino qurilgan.

UzCargo (Uzbekistan Airports Cargo MChJ) — 2022 yil 1 noyabrda Uzbekistan Airports AJ tarkibida tashkil etilgan shu’ba korxona. Korxona Toshkent aeroporti Pochta-yuk kompleksi negizida tashkil etilgan bo‘lib, aeroportda yuklarni qayta ishlash va saqlash, yuklarni ortish va tushirish hamda transport hujjatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi.

Mavzuga oid