Jahon | 14:33 / 22.03.2025
1028
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada blogerlar alohida OKVED kodiga ega bo‘ladi

Rossiyada joriy yilning 1 mayidan e’tiboran blogerlarning faoliyati Iqtisodiy faoliyat turlari Butunrossiya klassifikatori (OKVED)ga rasman kiritiladi.

Bu haqda TASS agentligiga Blogerlar va agentliklar assotsiatsiyasi (ABA) matbuot xizmati xabar berdi.

Rossiya standartlashtirish agentligi — Rosstandart 21 mart kuni OKVED 2ga tegishli «79/2025-o‘zgarish»ni tasdiqladi. Hujjatda reklama va jamoatchilik bilan aloqalar (PR) sohasidagi faoliyat kodlariga ikkita yangi raqam qo‘shilgani qayd etilgan:

73.11.1 — «Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi tomonidan reklama tarqatish faoliyati»;

70.21.1 — «Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi tomonidan axborot tarqatish faoliyati»;

Blogerlar va agentliklar assotsiatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, bu tashabbus Davlat dumasi deputati Yana Lantratova bilan hamkorlikda amalga oshirilgan. Assotsiatsiya yangi kodlar blogerlar va inflyuyenser agentliklarining huquqiy maqomini aniqlash, davlat tomonidan tartibga solish va himoyalash (mualliflik huquqlarini muhofaza qilishdan tortib, biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturlarigacha), sanoat aylanmasi hisobini yuritish, sarmoya jalb qilish va rivojlanish strategiyasini shakllantirish uchun zarurligini ta’kidladi.

Agentlikning yodga olishicha, avvalroq blogerlar uchun OKVED kodini ishlab chiqish jarayonida «inflyuyens-marketing sohasida reklama faoliyati» degan atama taklif etilgan edi. Ammo bunday ifoda barcha blogerlarni qamrab ololmagani va «bloger» tushunchasini aniq shakllantirishda muammolar tug‘ilgani bois, rad etilgan.

Endilikda blogerlar faoliyati rasman iqtisodiy faoliyat turi sifatida tan olinadi va maxsus kodlar orqali davlat hisobida aks ettiriladi.

Mavzuga oid

E`lonlar