Qozog‘iston mag‘lubiyat bilan boshladi, Angliyada tarixiy gol. Yevropada JCh saralashi
Yevropada 2026 yilgi jahon chempionati uchun saralash bahslari start oldi.

K guruhi
Angliya — Albaniya 2:0
Gollar: Lyuis-Skelli (20), Keyn (77).
Angliya — Pikford, Uoker, Konsa, Bern, Lyuis-Skelli (Jyeyms, 90), Rays (Henderson, 82), Jons (Rojyers, 74), Foden (Bouen, 74), Bellinghem, Reshford (Gordon, 74), Keyn.
Albaniya — Strakosha (Kastrati, 82), Balliu, Ayyeti, Jimsiti, Alliyi, Aslani, Ramadani, Lyachi (Payaziti, 78), Asani (Xoja, 78), Bayrami (Broya, 63), Uzuni.
Ogohlantirish: Jimsiti (32).
Angliya milliy jamoasi Millatlar ligasining o‘tgan mavsumida muvaffaqiyatsizlikka uchragani muxlislar uchun foydali bo‘ldi. Agar o‘sha fiasko bo‘lmaganida jahon chempionatining Yevropa bo‘yicha saralash turniri startini ko‘pchilik sezmay ham qolardi. Hozirda Yevropa milliy jamoalarining ko‘pchiligi Millatlar ligasi bilan band, bu turnirda chorakfinallar va divizionlar oralig‘idagi o‘tish o‘yinlari bo‘lib o‘tmoqda. O‘z-o‘zidan, saralash turnirini faqat omadsiz jamoalar va B, C va D divizionlari g‘oliblari boshlab berishdi. Ochilish o‘yini — Kipr va San-Marino o‘rtasida o‘tkazilgani ham ko‘p narsani anglatadi.
Inglizlar yangi siklga yangi murabbiy bilan kirishdi. Yevropa chempionatining qatorasiga ikki finalini boy bergan Garet Sautgeyt yarim yil muqaddam jamoani tark etgandi. Kuzda jamoani Li Karsli vaqtincha boshqardi, 2025 yil yanvarida esa bosh murabbiy lavozimini Tomas Tuxel egalladi. Birinchi vazifa — JCh-2026 yo‘llanmasini qo‘lga kiritish. To‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmaga ega chiqish uchun Serbiya, Albaniya, Latviya va Andorra jamoalari bilan bir guruhda birinchi bo‘lish kerak. Guruh jadvalidagi ikkinchi o‘rin — pley-off turniriga olib o‘tadi.
Tuxel himoyada ikki nafar debyutantni tushirdi. Chap qanotda 18 yoshli Maylz Lyuis-Skelli, himoya markazida — 32 yoshli Den Byorn harakat qildi. «Nyukasl» himoyachisi 2010 yildan buyon (o‘shanda Kevin Devis 33 yoshda edi) Angliya milliy jamoasidagi eng katta yoshli debyutant bo‘ldi. Shuningdek, Uoker ham ilk daqiqalardan maydonda paydo bo‘lishi ko‘pchilikni ajablantirgan bo‘lishi mumkin, faoliyatida pasayish kuzatilayotgan himoyachi jarohat tufayli safdan chiqqan Trent Aleksandr-Arnold o‘rniga asosiy tarkibga qaytgan. Germaniyalik mutaxassis jamoaga Henderson, Solanke va «Aston Villa»ga o‘tib, faoliyatini tiklayotgan Markus Reshfordni ham qaytargan. Hujum markazida esa odatdagidek Harri Keyn tushdi, orqaroqda unga Jud Bellinghem va Fil Foden yordam berishdi.
Birinchi bo‘limning o‘zida inglizlar endi yerdan o‘ynashga o‘tgani ko‘rindi, yuqoridan uzatmalar ham bo‘ldi, ammo asosan standart vaziyatlarda. Lekin golgacha (20-daqiqa) mezbonlarda amalda golli vaziyatlar yaratilmadi. Keyin esa Bellinghem Lyuis-Skelliga dohiyona uzatmani amalga oshirdi, u esa darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatdan foydalandi va Angliya milliy jamoasining Tuxel boshqaruvi davridagi ilk golini urdi. Shu mavsumda «Arsenal»ning asosiy tarkib futbolchisiga aylangan yosh himoyachi milliy jamoadagi debyut o‘yinida gol urib, tarixga kirdi. Bungacha «uch sherlar» tarixidagi hech bir debyutant bu qadar yoshligida (18 yoshu 176 kun) ilk golini nishonlamagan.

Foto: Mike Hewitt/Getty Images
Jamoalar tanaffusga 1:0 hisobida yo‘l olishgani uchun albanlar darvozabon Tomas Strakoshadan minnatdor bo‘lishi lozim. Umuman o‘yin mezbonlarning katta ustunligi ostida o‘tdi va shu kuni biror marta raqib darvoza sohasi tomon to‘g‘ri borgan zarba bera olmagan mehmonlar yirik hisobda mag‘lub bo‘lishi ham mumkin edi. Darvozabon avvaliga bir zarbani tizzasi bilan, keyin esa to‘pig‘i bilan qaytardi. Ikki holatda ham darvozabon shu kuni maydondagi eng faol futbolchi bo‘lgan Bellinghem gol urishiga yo‘l qo‘ymadi. Ikkinchi epizodda qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib Keyn yetib borgandi, ammo uning zarbasidan keyin to‘p to‘sin yuqorisidan o‘tib ketdi, bu holatda to‘p himoyachi Berat Jimsitiga tekkan holda yo‘nalishini o‘zgartirgandi.
Bo‘lim oxirida Byorn jamoaning debyutida gol urgan eng keksa futbolchisiga aylanishi mumkin edi. 201 santimetrlik himoyachi bosh bilan yo‘llagan zarba to‘singa bordi. Inglizlar Sautgeyt davridagidan farqli o‘laroq hisob 1:0 holatida ham vaziyatlar yaratishda davom etishdi, ammo realizatsiya borasida oqsashdi.
Ikkinchi golni 78-daqiqaga qadar kutishga to‘g‘ri keldi. Arlind Ayyeti to‘p uchun kurashni Keynga boy berdi, Angliya milliy jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar to‘pni uzoq burchakka joylashtirdi. Bu Harrining milliy jamoa safidagi 70-goli bo‘ldi. Shundan keyin albanlar darvozabonni almashtirishga majbur bo‘lishdi. Strakosha jarohat oldi, uning o‘rniga Elxan Kastrati o‘yinni davom ettirdi. Tuxel esa Jordan Hendersonni tushirdi. 34 yoshli yarimhimoyachi uchun bu milliy jamoa safida 2023 yil noyabridan buyon ilk o‘yin bo‘ldi.
Inglizlar o‘yinni shu hisobda yakunlab qo‘yishdi, navbatdagi o‘yin esa 24 mart kuni bo‘lib o‘tadi. Shu kuni ular «Uembli»da Latviyani qabul qiladi, Albaniya Andorra bilan o‘ynaydi.
Andorra — Latviya 0:1
Gol: Sits (58).
G guruhi
Polsha — Litva 1:0
Gol: Levandovski (81).
Polsha — Skorupski, Pyatkovski (Veteska, 77), Bednarek, Kivior, Kesh (Kaminskiy, 68), Petrovskiy (Bogush, 77), Moder, Frankovskiy, Shimanskiy, Sviderski (Piontek, 68), Levandovski (Buksa, 86).
Varshavada esa sensatsiyaga bir baxya qoldi. Polyaklar qo‘shni litvaliklarning qattiq qarshilik ko‘rsatishini kutmagandi. Edgaras Yankauskas jamoasi esa qarshi hujumda hisobni ochishi mumkin edi, biroq darvozabon Skorupski aql bovar qilmas reaksiya ko‘rsatdi. Polshani sharmandalikdan milliy jamoadagi 85-golini urgan Levandovski qutqarib qoldi. Shu kuni ajoyib o‘yin o‘tkazgan Gertmonas uning ham zarbasini to‘xtatishi mumkin edi. Biroq «Barselona» yulduzining zarbasi polshaliklar himoyachisiga tegib yo‘nalishini o‘zgartirdi va darvozabon dog‘da qoldi.
Malta — Finlandiya 0:1
Gol: Antman (38).
H guruhi
Ruminiya — Bosniya va Hersegovina 0:1
Gol: Gigovich (14).
Kipr — San-Marino 2:0
Gollar: Pittas (55), Kakulis (86).
Ruminiyaning mag‘lubiyati esa syurpriz bo‘ldi. Birinchi bo‘lim davomida Dregush ikki bor raqib darvozaboni hududida yolg‘iz turib xato zarba berdi. O‘z navbatida, o‘n ikki o‘yindan beri (2023 yil oktyabr oyidan beri) g‘alaba qozona olmayotgan Bosniya realizatsiya bo‘yicha saboq berdi. Hozirda Bundesligada «Holshtayn» safida to‘p surayotgan Gigovich g‘alaba golini urdi. Uning goliga ruminlar hech qanday javob qaytarishmadi, VAR esa mehmonlarga penalti belgilanishidan qochishga yordam berdi.
J guruhi
Uels — Qozog‘iston 3:1
Gollar: Jyeyms (9), Devis (47), Matondo (90) — Tagibergen (32, penalti).
Uels: Darlou, Robers, Rodon, Devis, Uilyams, Shien, Kallen, Bruks (Jordon Jyeyms), Deniyel Jyeyms (Matondo), Tomas, Jonson (Harris).
Qozog‘iston: Zarutskiy, Tapalov, Bistrov, Marochkin, Alip, Vorogovskiy, Samorodov (Dastan Satpayev), Serikjan Mujikov (Jukov), Tagibergen, Islam Chesnokov (Kendebek), Jaksikulov (Abat Aymbetov).
Qozog‘iston milliy jamoasi JCh-2026 saralash siklini Kardiffdagi mag‘lubiyat bilan boshladi. Stanislav Cherchesov ishdan bo‘shatilganidan keyingi ilk rasmiy uchrashuv ham muvaffaqiyatsiz yakunlandi.
Rossiyalik mutaxassis iste’fosidan keyin jamoa ilk o‘yinini fevralda KXDRga qarshi o‘tkazib, yutqazgandi (0:2). Dastlabki gollarini esa o‘tgan haftaning payshanba kunida urgandi — Turkiyaning Beleke shahrida Kyurasao mag‘lub etilgandi (2:0). Ammo bular o‘rtoqlik uchrashuvlari (yoki nazorat o‘yinlari) edi. Rossiyalik murabbiy shtabida bunday o‘yinlar bo‘lmagan, Millatlar ligasida esa Qozog‘istonda na g‘alaba (1 durang va 5 mag‘lubiyat), na gol bo‘lgandi. Shunday ekan, arbitr Chesnokovning uzatmasidan keyin to‘p jarima maydoni ichida Robersning qo‘liga tekkani uchun belgilagan penalti qozog‘istonliklarga 2023 yil noyabrdan buyon turnir o‘yinlarida urilgan ilk golni olib keldi.
Jamoa sardori Tagibergenning markazga u qadar kuchli bo‘lmagan zarba yo‘lladi, to‘p darvozabonning oyoqlariga tegdi, ammo qozog‘istonliklar baxtiga baribir darvoza chizig‘ini kesib o‘tdi. U bu gol bilan o‘yin boshida o‘tkazib yuborilgan gol uchun aybini yuvdi, 9-daqiqada aynan u to‘pni oldirib qo‘yganidan keyin boshlangan hujum Jyeymsning aniq zarbasi bilan yakunlangandi. Ushbu golga assistentlik qilgan Devis ikkinchi bo‘lim boshida jamoasini yana hisobda oldinga olib chiqdi. Bu golda bunday darajada birinchi marta o‘ynagan darvozabon Zarutskiy xatoga yo‘l qo‘ydi, u burchak oshirilgan to‘pga chiqishda noto‘g‘ri mo‘ljal oldi va unga yeta olmadi.
Qozog‘iston milliy jamoasining yangi bosh murabbiyi debyut uchrashuvida yo‘q joydan o‘tkazib yuborilgan gollar tufayli mag‘lubiyatga uchradi. Endi qozog‘istonliklar seshanba kuni Lixtenshteyn bilan o‘yinda faqat uch ochko uchun maydonga tushadi.
Lixtenshteyn – Sh.Makedoniya 0:3
Gollar: Traykovskiy (7), Musliu (42), Boyan (84).
I guruhi
Isroil — Estoniya 2:1
Gollar: Heyn (23, avtogol), Dasa (75) — Paskochi (10).
Moldova – Norvegiya – 0:5
Gollar: Julian Rayyerson (5), Erling Holand (23), Telo (38), Aleksandr Serlot (43), Aron Donnum (69).
Norvegiya: Nyuland, Meller Volf, Estigor, Ayyer, Ryuerson, Berge, Osgor, Edegor, Skellerup, Holand, Serlot.
Vengriyadagi neytral maydonda nominal ravishda uy o‘yinlarini o‘tkazishda davom etayotgan Isroil shanba kungi o‘yinni juda kuchli boshladi. Birinchi hujumdayoq Glux Abu Fanini zarba berish nuqtasiga chiqardi, biroq darvozaga kirib borayotgan to‘pni himoyachi to‘xtatib qoldi. O‘z navbatida, Boltiqbo‘yi jamoasi autdan maksimal foyda chiqarib oldi. Paskochining birinchi zarbasi himoyachiga tegdi, biroq u takroriy zarbasi bilan darvozani aniq nishonga oldi.
Lekin shu kuni estonlar darvozaboni Heynning omadi kelmadi. Bitonning uzoq masofadan yo‘llagan chiroyli zarbasidan keyin to‘p avvaliga darvoza ustuniga tegib, keyin «Arsenal»ga tegishli va hozirda ijara asosida «Valyadolid»da o‘ynayotgan darvozabonning yelkasi orqali darvoza to‘riga borib tushdi. Ikkinchi bo‘lim boshida esa oddiy vaziyatda Heyn o‘z himoyachisi bilan to‘qnashib ketdi va uni almashtirishga to‘g‘ri keldi. Uning o‘rniga tushirilgan Matvey Igonen bir necha vaziyatda o‘zini ko‘rsatdi, ammo isroilliklar sardori Dasaning zarbasi qarshisida ojiz qoldi.
Bu Isroil uchun juda muhim uch ochko, chunki seshanba kuni jamoa Kishinyovda yirik hisobda g‘alaba qozongan Norvegiya bilan o‘ynaydi. Skandinaviyalik to‘purarlar Holand va Serlot bittadan gol urish bilan kifoyalandi, lekin shu kuni jamoa sardori Martin Edegorning sa’y-harakatlari bilan so‘nggi vaqtlarda o‘rtamiyona jamoalar safiga qo‘shilgan moldovaliklar darvozasi besh bor ishg‘ol etildi.
L guruhi
Chexiya — Farer orollari 2:1
Gollar: Shik (25, 85) — Vatnhamar (83).
Chernogoriya – Gibraltar 3:1
Gollar: Yovetich (22), Tuchi (70), Marushich (73) – Bent (13).
Chexiya milliy jamoasining o‘yin syujyeti Polshaning Litvaga qarshi kechgan o‘yinini eslatdi. Ikki o‘yinda ham favorit ulkan ustunlikka ega bo‘lganiga qaramay, ochko yo‘qotishi mumkin edi, ammo asosiy to‘purarlari g‘alabani ta’minladi. Bir kun oldin polyaklarni Levandovski va unga yordamga kelgan rikoshet qutqarib qolgandi. Chexlarni esa Shikning so‘nggi daqiqalarda o‘yin taqdirini hal qilishdagi noyob mahorati. Yevro-2024dan keyin milliy jamoada o‘ynamagan hujumchi «Bayyer»da muntazam ravishda shunday qahramonliklar ko‘rsatib keladi, shanba kuni esa u farerliklar burchak zarbasidan keyin hisobni tenglashtirishiga ikki daqiqada javob qaytardi. U birinchi golda bo‘lgani kabi to‘pni boshi bilan darvozaga yo‘lladi.
Kun o‘yinlarini boshlab bergan Chernogoriya ham irodali g‘alabaga erishdi. Mezbonlar kamtarona Gibraltardan 13-daqiqadayoq gol o‘tkazib yuborgandi. Bolqonliklar tezda javob golini urishdi, ammo uzoq vaqtgacha muvozanatni o‘z tomoniga og‘dira olishmadi. Faqat 70-daqiqada g‘alaba goli urildi, uch daqiqa o‘tib «Latsio» vingeri Marushich o‘yin masalasiga uzil-kesil nuqta qo‘ydi.
Tavsiya etamiz
JCh-2026 saralashi: Eronga qarshi o‘yin oldidan
Sport | 15:16 / 25.03.2025
Kiyevga yana zarba berildi. Qurbonlar bor
Jahon | 13:57 / 23.03.2025
Yangi “inomarka”lar savdosi 2 barobardan ko‘proqqa kamayib ketdi
Iqtisodiyot | 10:04 / 23.03.2025
Yana uchta muhim o‘yin. O‘zbekistonga mundialga chiqish uchun qanday natijalar kerak?
Sport | 17:29 / 22.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Zelenskiy AQShning Ukraina va Rossiya bilan kelishuv tafsilotlarini oshkor qildi
Jahon | 03:47
-
Olimlar saraton va diabetni davolashda gen terapiyasining asosiy to‘sig‘ini bartaraf etdi
Fan-texnika | 03:06
-
Fransiyada ikkita samolyot to‘qnashib ketdi - video
Jahon | 23:51 / 25.03.2025
-
“Titanik”dan “Kursk”kacha – eng yirik kema halokatlari
Jahon | 23:28 / 25.03.2025
Mavzuga oid

10:03 / 25.03.2025
JCh-2026 saralashi. Angliyada yirik g‘alaba, yangilangan Litvadan ajoyib kambek va boshqa natijalar

20:56 / 24.03.2025
Kaspi.kz Uzcard va Humo kartalariga pul o‘tkazmalarini yo‘lga qo‘ydi

08:52 / 24.03.2025
Qozog‘istonning xalqaro sayyohlik poyezdi Toshkentga keldi

17:29 / 22.03.2025