O‘zbekiston | 21:14 / 24.03.2025
13924
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryo viloyatida IIBning qator mulozimlari ishdan olindi

Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov o‘tkazgan yig‘ilishda Qashqadaryo viloyati IIB YHXX boshlig‘i o‘rinbosari, Ko‘kdala va Kitob tumanlari IIB boshliqlari va IIBning boshqa rasmiylari ishdan olindi. Qarshi shahri, Koson va Muborak tumani IIB boshliqlariga esa keskin intizomiy jazolar qo‘llandi.

Foto: IIV

Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov Qashqadaryo viloyatida kompleks inspektorlik tekshiruvi natijalari yuzasidan hisobot yig‘ilishi o‘tkazdi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Unda xizmat faoliyatida yuqori natijadorlikka erishgan, namunali xizmat faoliyati uchun aholi hamda safdoshlari tomonidan alohida e’tirof etilgan bir guruh xodimlar munosib taqdirlangan. Shu bilan birga, xizmat faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan sohaviy xizmatlar hamda hududiy IIB rahbarlari faoliyatiga huquqiy baho berilgan.

Xususan, quyidagilar egallab turgan lavozimidan ozod etildi:

  • viloyat IIB Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari;
  • viloyat YHXX boshlig‘ining Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari;
  • Ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limi boshlig‘i;
  • Ko‘kdala tumani IIB boshlig‘i podpolkovnik Sherzod Shokirov;
  • Kitob tumani IIB boshlig‘i podpolkovnik Ikrom Tog‘ayev;
  • Koson va Kasbi tumanlari IIB boshliqlarining birinchi o‘rinbosarlari;
  • Muborak tumani va Qarshi shahri IIB Jamoat xavfsizligi xizmati bo‘yicha o‘rinbosarlari.

Shuningdek, viloyat IIB boshlig‘ining Jamoat xavfsizligi bo‘yicha o‘rinbosari, Tergov boshqarmasi boshlig‘i, Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi boshlig‘i, Yo‘l harakati xavfsizligi Qidiruv-surishtiruv bo‘linmasi boshlig‘i, Kasbi tumani IIB boshlig‘i va uning Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, Qarshi shahar, Koson va Muborak tumani IIB boshliqlariga keskin intizomiy jazolar qo‘llandi.

Yig‘ilishda asosiy e’tibor ichki ishlar organlarining rahbarlari va sohaviy xizmat yo‘nalishlarning mas’ullarini ish natijadorligi uchun shaxsiy javobgarligini oshirishga, xodimlar tomonidan xizmat intizomi va qonunchilik talablariga qat’iy rioya etishlarini nazorat tizimini takomillashtirishga qaratildi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid